
So‘nggi to‘rt kunda Pekin Tayvan havo mudofaasi hududiga son-sanoqsiz jangovar samolyotlarini yubordi. Ular orolga qadar uchib bormagan bo‘lsa-da, Chiu Kuo Chen vaziyat keskinlashgan pallada kimdir xatolikka yo‘l qo‘yib o‘q uzib qo‘yishi mumkin deb hisoblaydi.
U Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi hozirgi munosabatlarni so‘nggi 40 yil ichidagi eng murakkabi deb atadi.
U shuningdek, XXR 2025 yilda Tayvanga bostirib kirishni rejalashtirganini taxmin qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, texnik jihatdan Pekin bugungi kunda ham bunga tayyor, ammo yaqin kelajakda bu ishni hozirgidan ham osonroq bajarishi mumkin. Vazir o‘z prognozlari nimalarga asoslanganini aytib o‘tmagan.
Chiu Kuo Chen bu haqda parlament qo‘mitasi majlisida ma'lum qilgan, unda Tayvan qurolli kuchlari uchun bir necha milliard dollarga raketalar va harbiy kemalar sotib olish masalasi muhokama etilgan.

Tayvan havo hujumidan mudofaa tizimining har qanday harbiy-havo faollikni qayd etadigan kuzatuv hududi Tayvan bo‘g‘ozini to‘liq va Xitoyning materikdagi qirg‘oqlarining bir qismini qamrab oladi.
Tayvanning G‘arbdagi ittifoqchilari Xitoy o‘z harbiy qudratini namoyish etayotganidan xavotir bildirishgan, ammo AQSh prezidenti Jo Baydenning aytishicha, avvalroq xitoyliklar yetakchisi Si Jinping Vashingtonni 1971 yildan buyon Tayvan masalasida Amerika-Xitoy munosabatlarida poydevor bo‘lib kelayotgan «Yagona Xitoy siyosati»ga sodiq qolishiga ishontirgan.
«Men Si bilan Tayvan haqida gaplashdim. Biz Tayvan bo‘yicha kelishuvga sodiq qolish bo‘yicha kelishib oldik. U bunga zid ish qiladi deb o‘ylamayman», degandi Bayden.
Bu mintaqada so‘nggi marta jiddiy harbiy keskinlik 1996 yilda kuzatilgandi, o‘shanda Tayvandagi prezidentlik saylovlari arafasida Pekin namoyishkorona raketa sinovlari o‘tkazgan, AQSh esa bu hududga o‘z aviatashuvchilarini jo‘natgandi.










