Jahon | 23:47 / 04.11.2021
18359
9 daqiqa o‘qiladi

Erondagi talabalar namoyishi – AQSh diplomatlari nega 444 kun garovda saqlangandi?

Bundan 42 yil oldin 4 noyabr kuni 70 nafarga yaqin amerikaliklar - diplomatlar, elchixona xodimlari va harbiy xizmatchilar AQShning Tehrondagi elchixonasida garovga olinadi. Asirlarga 444 kun davomida gapirish va o‘qish taqiqlangan. Ularga kamdan kam hollarda ust-boshini almashtirishga ruxsat berilgan.

Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA

G‘arbning Eron ishlariga aralashuvi o‘tgan asrning 50-yillarida boshlangandi. 1951 yilda Eronda hukumat almashadi, bosh vazir lavozimiga Yevropa ta'limini ko‘rgan, Eron manfaatlarini ko‘zlovchi Muhammad Musaddiq saylanadi. U Eronning neft zaxiralarini milliylashtirish siyosatini boshlaydi. Bungacha mamlakatdan topilgan neft zaxiralari AQSh va Buyuk Britaniya korporatsiyalari nazorati ostida edi.

Muhammad Musaddiq / Getty images

10 million dollar evaziga Eron neft zaxirasining 80 foizi

Muhammad Musaddiq siyosati AQSh va Britaniyaning Erondagi aralashuvini cheklashga qaratildi. Bunga javoban AQSh Strategik xizmatlar boshqarmasi va Britaniya Razvedka xizmati bosh vazirni hokimiyatdan ag‘darish va uning o‘rniga G‘arb manfaatlariga to‘g‘ri keladigan odamni qo‘yish rejasini tuzishga kirishdi. Natijada 1953 yilda Muhammad Musaddiq hukumatdan ketib, yangi hukumat tuziladi.

Eronning yangi rahbari qirol oilasi vakili Muhammad Rizo Shoh Pahlaviy bo‘ldi. Shoh Pahlaviy konservator bo‘lib, mamlakatda kommunizm yoyilishiga qarshi g‘arbparast hukmdor edi. U 10 million dollarga Eron zaxirasidagi 80 foiz neftni AQSh va Britaniyaga pullaydi. Bu esa aholining juda qattiq noroziligiga sabab bo‘ladi. Muhammad Rizo hokimiyatga kelishi ortidan AQShning Eron ishlariga aralashuvi kuchaydi, mamlakatda oddiy aholiga jabr-zulm qilish ko‘paydi, maxfiy politsiya vakillari minglab odamlarni qatl qilishga kirishib ketdi.

Getty images

Talabalar g‘azabiga sabab bo‘lgan voqea

O‘sha paytda iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan Eronning Amerikada ishlab chiqarilgan qurollarga milliardlab dollar sarflashi mamlakatga og‘irlik qildi. Muhammad Rizo siyosatidan to‘yib ketgan eronliklar yangi rahnamoga ergashishga qaror qiladi. Bu paytda maydonga oyatulloh Ruhulloh Humayniy kirib keldi. U Eronni AQSh ta'siridan olib chiqishni maqsad qilgandi.

1979 yilning iyulida inqilobchilar Muhammad Rizoni hukumatdan ag‘dardi, shoh Misrga qochib ketadi. Oyatulloh esa Eronda harbiy islom hukumatini o‘rnatishga erishadi.

CNN

Bu paytda AQShda Jimmi Karter prezident edi. Muhammad Rizoning Erondagi zulmidan xabardor bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar prezidenti uni AQShga kiritishni xushlamadi. Karter bu AQSh va Eron munosabatlariga ta'sir qilishidan xavotirda edi. Saratonga chalingan Muhammad Rizoga davolanish uchungina Amerikaga kirishga ruxsat berildi. Lekin shu ham oyatulloh tarafdorlarining AQSh elchixonasiga hujumi uchun turtki bo‘ldi.

Oyatullohning hokimiyatga kelishi

Muhammad Rizo AQShga kiritilgan kun, 4 noyabrda oyatullohning talabalardan iborat tarafdorlari AQShning Erondagi elchixonasiga bostirib kirib, 66 kishini garovga olishdi. Ularning ko‘pi AQSh diplomatlari edi. Biroz vaqtdan keyin 13 ayol va bir bemor garovdan ozod qilindi. Qolgan 52 kishi 1981 yilgacha garovda tutib turiladi.

Talabalar namoyishi Muhammad Rizoning AQShga kiritilgani fonida yuz bergan bo‘lsa-da, bundan maqsad – mamlakat tashqi ishlariga Amerika aralashuvini to‘xtatish edi. Shu bilan birga, inqilob yetakchisi, anti-amerikachi oyatulloh Humayniyning Eron ichki va tashqi siyosatida mavqeyini ko‘tarish ham kerak edi.

AP

Garovga olinganlarga jiddiy jarohat yetmagan, ammo ular yaxshigina tahqirlangan. Diplomatlar ko‘zlari bog‘langan holda telekamera va olomon oldiga olib chiqilgan. Ularga gapirish va o‘qish taqiqlangan, kiyimlarini almashtirishga ham kamdan kam hollarda ruxsat berilgan.

“Kanadacha surish”

Tehrondagi AQSh elchixonasiga hujum paytida 6 nafar amerikalik diplomat kanadalik hamkasbi Jon Shirdaunning uyida yashirinishgan. Va uning yordami bilan Kanada pasportini olib, chiqib ketishgan. Bu voqea tarixda “kanadacha surish” nomi bilan qoldi. 1981 yilda suratga olingan “Erondan qochish: Kanadacha surish” filmida ularning jasorati haqida hikoya qilinadi.

Muvaffaqiyatsiz “Burgut panjasi”

U.S. Army airborne and special operations museum

Prezident Karter garovda qolgan amerikaliklarni qutqarishga kirishadi. 1980 yil aprel oyida "Burgut panjasi" deb nomlanuvchi xavfli harbiy qutqaruv missiyasini boshlashga buyruq beriladi. Bunda Tehrondagi AQSh elchixonasi binosiga puxta tayyorlangan qutqaruv guruhi borishi kerak edi.

Amaliyot rejasiga ko‘ra, «Delta» spetsnazi guruhi zarbdor samolyotlar va yonilg‘i quyuvchi samolyotlar hamrohligidagi vertolyotlarda Eron markazidagi sahroga yetib borishi kerak edi. Bu vaqtda boshqa guruh Tehrondan uzoq bo‘lmagan masofada qarovsiz qoldirilgan aerodromni egallab, uni ushlab turishi ko‘zda tutilgandi. Keyingi kuni maxsus topshiriqli kuchlar sahrodan avtomobillarda Tehrondagi elchixonaga yetib borishi, qo‘riqchilarni yo‘q qilishi va u yerdagi amerikaliklar bilan birga shu vaqtda yordamga kelishi kerak bo‘lgan vertolyotlarga chiqib, egallab olingan aerodromga yetib olishi, u yerdan operatsiyaning barcha ishtirokchilari AQShning do‘sti bo‘lgan Misrda joylashgan maxfiy bazaga evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgandi.

AQShning o‘sha vaqtdagi davlat kotibi Vens bu operatsiya o‘tkazilishiga qarshi chiqadi, ammo uning pozitsiyasi prezident tomonidan ma'qullanmaydi va Vens o‘z ixtiyoriga ko‘ra iste'foga chiqadi.

Operatsiya avvalboshdan muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, bunga asosan harbiylar va maxsus topshiriqli guruhning noprofessionalligi, sahrodagi bo‘ron va texnikalardagi nosozliklar sabab bo‘ladi. Amaliyot muvaffaqiyatli o‘tkazilishi uchun kamida to‘rtta transport samolyoti zarur edi.

Topshiriq uchun yo‘l olgan sakkiz vertolyotdan biri aviatashuvchidan ko‘tarilishi bilanoq texnik nosozlik tufayli suvga qulab tushadi, yana biri bo‘ronga uchrab, ortga qaytadi. Faqat olti vertolyot sahrodagi birinchi vaqtincha bazaga yetib boradi (britaniyaliklarning tashlab ketilgan aerodromi). Qo‘nish uchun tanlangan joy, razvedka ma'lumotlariga ters o‘laroq, serqatnov shosse bo‘yi bo‘lib chiqadi, natijada, operatsiyani darhol payqab qolishadi. Maxsus topshiriqli guruh jangchilari shaharlararo qatnovchi avtobusning yo‘lini to‘sishadi, yo‘ldan o‘tayotgan benzovozni portlatishadi, uning yo‘lovchisi halok bo‘ladi, haydovchisi o‘tkinchi mashinaga chiqib qochib ketadi.

Bazaga yetib borgan vertolyotlardan birida gidravlika bilan muammo chiqadi. Vertolyotlardan biri yonilg‘i quyish chog‘ida yonilg‘i tashuvchi samolyot bilan to‘qnashib ketadi, yong‘in yuzaga kelib, ikki texnika ekipaji - sakkiz kishi halok bo‘ladi, shundan so‘ng amaliyot to‘xtatiladi va guruhlarga Eronni tark etish buyuriladi. Natijada barcha vertolyotlar (keyinroq ularga Eron armiyasi ega chiqadi), halok bo‘lgan uchuvchilar va ekipajning boshqa a'zolarining jasadlari, amaliyotni o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar hamda radiokodlar kitoblari sahroda qoldiriladi. Omon qolganlar samolyotlar orqali evakuatsiya qilinadi, operatsiya butunlay barbod bo‘ladi.

Baxtli tasodif: Reygan inauguratsiyasidan bir necha soat o‘tib garovdagilar ozod qilindi

1980 yil AQShda prezidentlik saylovlari boshlanish arafasida edi. Jimmi Karterning Eron borasidagi muvaffaqiyatsiz siyosati saylov natijalariga salbiy ta'sir qilmay qolmadi. Eron muammosining hal bo‘lmagani Karterga zaif va samarasiz rahbar tamg‘asini bosdi. Saylovlarda respublikachi nomzod, Kaliforniyaning sobiq gubernatori Ronald Reygan g‘alaba qildi.

Foto: U. S. Air Force

1981 yil 21 yanvarda, Ronald Reygan inauguratsiyasidan bir necha soat o‘tgach, Tehrondagi garovga olinganlar ozod qilinadi. Reyganning saylovoldi shtabi garovga olinganlar saylovdan oldin ozod qilinmasligi bo‘yicha Eron bilan bitim tuzgani haqida mish-mishlar bor. Biroq Reygan bu da'volarni doimo rad etib kelgan.

Mavzuga oid