18:35 / 09.11.2021
7507

Mashinani teskari boshqargan Lasetti haydovchilari jarimaga tortildi

Qoidabuzar haydovchilarning har biri bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima to‘laydi.

Foto: IIBB YHXB

Internetda Toshkent ko‘chalarida ikki “Lacetti” haydovchisi mashinasini orqamachasiga boshqarib, o‘zlari va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari hayotini xavf ostiga qo‘ygani aks etgan video tarqalgan va bu holat jamoatchilikning e'tirozlariga sabab bo‘lgan edi.

Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot xizmatining xabar berishicha, 4 noyabr kuni tarqalgan video o‘rganilib, qoidabuzar haydovchilar topilgan va ularga nisbatan tegishli tartibda ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Foto: IIBB YHXB matbuot xizmati

“Har ikki haydovchi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1285-moddasi (Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) hamda 127-moddasi (Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish) talablarini buzishgan. Shu sababli har ikki avtomobil jarima maydoniga olib ketilgan. Bundan tashqari, sodir etgan qoidabuzarliklari uchun haydovchilarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (2 700 000 so‘m) miqdorida jarima solindi”, deya Toshkent shahar YHXB axborot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberganovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: IIBB YHXB matbuot xizmati

Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma'lum qilishicha, 8 noyabr kuni kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida ushbu qoidabuzarlik va uning sabablari jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama etilgan.

Top