Jahon | 15:55 / 14.11.2021
5842
10 daqiqa o‘qiladi

Minglab o‘limlar va siyosiy mojarolar. So‘nggi yillardagi yirik migratsion inqirozlar haqida

Ayni paytda Belarus va Yevroittifoq vakili bo‘lgan Polsha o‘rtasida yuzaga kelgan favqulodda holat migratsiya muammosiga yana bir nigoh tashlashga undaydi.

Foto: AR/TASS

Odamlar yaxshi sharoitlar izlab ko‘chib yurishi insoniyat paydo bo‘lganidan beri bor. Yigirmanchi asrga kelib bu holat ommaviy tus oldi. Buning bir necha sababi bor edi: ko‘chib yurish osonlashdi, rivojlangan va rivojlanmagan davlatlar o‘rtasidagi farq keskinlashib ketdi, zamonaviy texnologiyalar, OAV odamlarga boshqa joylar jozibasini ko‘z-ko‘z qildi va nihoyat shunchaki ko‘chib o‘tuvchilar hisob-kitob qilina boshlandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2010 yildayoq dunyoda migrantlar soni 200 milliondan oshgan (sayyora aholisining 3 foizidan ko‘proq). Ayni damda bu ko‘rsatkich 250-300 million atrofida baholanadi va 2050 yilga borib 400 milliondan oshishi kutilmoqda. Ya'ni amalda migrantlar soni AQSh, Rossiya, Pokiston, Indoneziya yoki Braziliya kabi yirik davlatlar aholisi sonidan yo oshib ketgan, yo yaqin kelajakda oshib ketadi.

Bugungi kunda migratsiya Yevropaning asosiy bosh og‘rig‘iga aylangan va qit'a siyosatchilarini ikkiga bo‘lib tashlamoqda. Bir tarafdan inson huquqlari asosida demokratik tuzum qurganlar urushlar, ocharchilik kabi muammolar girdobida qolgan davlatlardan keluvchilarga yordam berish kerak degan fikrni ilgari sursa, ikkinchi tarafdagilar darvozalarni ochgandan so‘ng oqimni to‘xtatib bo‘lmasligi, bilimsizlik, jinoyatchilik darajasi keskin oshib ketishi, madaniyatlar va e'tiqodlar o‘rtasida ziddiyatlar kuchayishini aytib jar soladi.

Har ikki tomonning ham argumentlari asosli albatta. Lekin vaqti-vaqti bilan bu bahslar juda kuchayib ketadi. Chunki migratsiya to‘lqinlanib turadi, buning ortidan kelib chiqqan inqiroz faqat iqtisodiyotga emas, g‘oyalar, siyosat olamida ham yuz beradi.

Tarixga nazar tashlansa, insoniyat juda ko‘p migratsion to‘lqinlarni boshdan kechirgan. Ularning eng yirigi jahon urushlari davriga to‘g‘ri keladi hamda unda odamzod asosan o‘zi va bolalarining jonini saqlash uchungina qochishga majbur bo‘lgan. Bugungi kunda ham urushlarning ta'siri bo‘lsa-da, asosan yaxshi hayot izlaganlar katta hissani tashkil qilmoqda.

Yaqin 10 yillik tarixning o‘zida dunyo bir nechta migratsion inqirozni boshdan kechirdi va biz ularni shartli ravishda bo‘lib, tahlil qilishga urinamiz.

Arab bahori turtkisi

2010 yilda Tunisda aravada meva sotuvchi mayda savdogar Muhammad Buazziziy nazorat organlari kelib mollarini musodara qilgani tufayli norozilik sifatida o‘zini yoqib yuboradi. Kambag‘alning ko‘pchilik ko‘z o‘ngida azoblanib jon berishi tufayli paydo bo‘lgan norozilik qay darajada kuchayishi, tarqalishi va necha davlatlarni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydi.

Tunisda boshlangan namoyishlar qo‘shni davlatlarga tarqaldi va umumiy arab bahori nomini oladi. Qaysidir davlatlarda rahbarlar almashdi (Tunis, Misr, Yaman), qaysi birlaridir amalda parchalanib ketdi va hanuz birika olmayapti (Liviya), qaysi birlaridadir 10 yildirki urush davom etmoqda (Suriya).

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati – migratsion oqimlarning keskin kuchayishi bo‘ldi va bu hamon davom etmoqda. Odamlar suv, quruqlik, havo, umuman, qanday yo‘l bo‘lsa barchasi orqali Yevropaga intila boshladi. Yuzlab, minglab insonlar suvlarda cho‘kdi, chegaralarda halok bo‘ldi, umidsizlikdan ortga qaytdi.

Foto: Gregorio Borgia / AP / Scanpix

Qurolli harakatlar chog‘ida Muammar Qazzofiyning bir gapi keyinchalik ko‘pchilikning yodiga tushadi: “Bizni ag‘darishni istagan Yevropa muhojirlar oqimiga duch keladi”. Chindan ham Qazzofiy 2008-2010-yillarda bir necha marta Yevropaga migratsiya oqimini nazorat qilish bo‘yicha loyihalar taqdim etgan va hamkorlik taklif qilgandi. Ammo Yevropadagilar, xususan Fransiya nafaqat bu takliflarni qabul qilmadi, balki Qazzofiyni ag‘darishda faol ishtirok etdi.

Natija ko‘p kuttirmadi – 2011 yilda – 18 ming, 2013 yilda – 43 ming, 2014 yilga kelib esa Liviya qirg‘oqlaridan 218 ming kishi Yevropaga ravona bo‘ldi. Qizig‘i, 2014 yilda Yevropa jami 276 ming muhojirni qabul qilgan.

Bu yo‘lda cho‘kib ketish ham ommaviy tus oldi. 2013 yilda 600, 2014 yilda 3,5 ming kishi suvga g‘arq bo‘ldi. 2014 yilda Italiyaning Lampeduza oroli yaqinidagi kemada birdaniga 274 kishi cho‘kib ketgan bo‘lsa, Sitsiliya yaqinida birgina kema cho‘kishidan 850 inson suvga g‘arq bo‘lib o‘lim topdi. Bu yo‘nalishda bo‘lmasa-da, O‘rta Yer dengizida cho‘kib ketgan va qirg‘oqda yotgan 3 yoshli Aylon Kurdiyning surati butun dunyoni larzaga soldi va Yevropaning asriy an'analari qattiq tanqid qilinishiga sabab bo‘ldi. O‘shanda nafaqat Aylonning o‘zi, balki onasi, 5 yashar akasi ham suvga g‘arq bo‘lgan, faqat ota tirik qolgandi.

Foto: REUTERS/Nilufer Demir/DHA

Suriya-Turkiya omili                                                          

2015-2016-yillarga kelib Suriyadagi urush jiddiy bosqichga kirdi va unda yirik davlatlar ham aralasha boshladi. Bu esa Suriyadan ommaviy qochqinlar paydo bo‘lishi va uning asosan Turkiya tomon yo‘nalishiga sabab bo‘ldi. Vaziyatdan chiqish uchun Turkiya va Yevropa o‘ziga xos yechimga erishdi – Yevroittifoq oqimni nazorat qilish va migrantlarga ko‘mak berish uchun mablag‘ ajratdi, Turkiya esa ularni o‘z hududida saqlab, ta'minlab turdi.

O‘sha yillari 13,5 million suriyalik gumanitar yordamga muhtoj bo‘lgan bo‘lsa, 7 milliondan ortiq odam mamlakatni tashlab chiqdi va ularning yarmidan ko‘prog‘i Turkiyadan qo‘nim topdi. 2021 yilga kelib ularning rasmiy soni 4 millionga yaqinlashib qolgan hamda bu masala Turkiya va Yevroittifoq o‘rtasidagi bahslarga tez-tez sabab bo‘lib turadi.

AQSh, 2021

Foto: EPA/Vostock-photo

Tramp ketdi, Bayden keldi. Biri muhojirlardan himoyalanish uchun chegarada temirdan devor qurgandi. Ikkinchisi taqiqlarni yumshatdi va yangi muammolar girdobiga o‘ralashib qoldi.

2021 yilning bahor-yoz oylarida AQSh va Meksika chegaralarida muhojirlarning ulkan armiyasi paydo bo‘ldi. Shundoq ham meksikalik muhojirlarni eplay olmayotgan AQSh endi Honduras, Gvatemala, Salvador kabi davlatlardan poyezdlarda, avtomobillarda va hatto yuzlab kilometrlarni piyoda bosib o‘tayotgan odamlarni nima qilishni bilmay qoldi.

Taxtdan tushgan Tramp esa o‘z intervyularida raqibi Baydenni tinimsiz yomonlar, “Mana shu suhbatimiz davomida minglab muhojirlar mamlakatimizga kirib keldi, ular soni millionlarga yetadi va hamma narsamiz vayron bo‘ladi” deya suhbatni qizitardi.

AQShga intilganlarning yangi to‘lqini o‘ziga xos usulni qo‘llashdi – ular 15,5 ming nafardan ortiq bolalarni ota-onalarisiz AQSh hududiga kiritib yubordi. Biror davlat, ayniqsa demokratik an'analarga sodiq AQSh bolalarga nisbatan qattiqqo‘llik qila olmas, qabul qilishga majbur edi. O‘zlari hayotdan umidlarini uzgan ota-onalar farzandlari kelajagi uchun shu yo‘lni tutishni ma'qul ko‘rgan.

Afg‘oniston, umidlar so‘nishi

Bu davlatdagi real vaziyatni baholash mushkul. AQSh va NATOning 20 yillik harbiy harakatlardan so‘ng shoshilinch chiqib ketishi millionlar yuragiga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi. Samolyotlarga osilib uchishgacha borganlar, uchoqning ichini to‘ldirib o‘tirib olganlar tasvirlari hammaning yodida. Ammo bu faqat boshlanishi edi, juda ko‘pchilik ilojsiz vaziyatda qoldi, hukumatni egallagan “Tolibon” chegaralarni ham yopib qo‘ydi.

Shunisi aniqki, Afg‘onistondagi vaziyat tufayli qochqinlar, muhojirlar oqimi kuchayishi ehtimoli katta va buning O‘zbekistonga ham bevosita ta'siri bo‘ladi.

Belarusda holat

Foto: Leonid SHCHeglov/BelTA/TASS

Belarus-Polsha chegarasida bir necha ming kishi to‘planishi shunchaki tuzumlar o‘rtasidagi o‘yindan boshqa narsa emasligi aytilmoqda. Unga ko‘ra, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat ustidan parvozlar to‘xtatilishi bilan migrantlar richagini ishga soldi va chegarada to‘planish va buzib o‘tishga erkin sharoit yaratib berdi. Yevroittifoqqa darvoza vazifasini bajarib turgan Polsha esa bu harakatni Rossiya va Belarusning navbatdagi kirdikori deya baholamoqda.

Abror Zohidov