O‘zbekiston | 07:27 / 18.12.2021
11842
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy gvardiyaning harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari va qorovullik bo‘linmalari tashkil etiladi

Hukumat qarori bilan Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari va qorovullik bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari va qorovullik bo‘linmalari toifalangan obektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning obektlarini, ularning mol-mulkini qo‘riqlash uchun tashkil etiladi.

Harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari tomonidan quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi: obekt yoki uning bir qismini qo‘zg‘almas post orqali qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash; piyoda yoki transport vositasida, shuningdek, boshqa vositalarda muayyan hududdagi obektlarni yoki ularning hududlarini yo‘nalish bo‘ylab qo‘riqlash; qorovullik bo‘linmalari tomonidan – qo‘zg‘almas post orqali obekt yoki uning bir qismini qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash.

Harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari va qorovullik bo‘linmalariga ishga ixtiyoriy tartibda, tanlov asosida, belgilangan talablarga javob beradigan 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan (qorovullik bo‘linmalariga nomzodlar bundan mustasno) O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Fuqarolar kamida umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lishi lozim. Erkak nomzodlar Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lishi kerak.

Mazkur bo‘linmalar boshliqlar tarkibiga Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qilib, nafaqaga bo‘shagan nomzodlar suhbat asosida, jismoniy tayyorgarligi va salomatligi holatiga ko‘ra ishga qabul qilinishi mumkin. 

Nizomga ko‘ra, harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalari va qorovullik bo‘linmalari shaxsiy tarkibi bilan maxsus dasturlar asosida quyidagi tartibda xizmat va jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkaziladi: harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalarida – oyiga 8 soat (o‘quv yilida 80 soat); qorovullik bo‘linmalarida – oyiga 4 soat (o‘quv yilida 40 soat).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid