Jahon | 22:17 / 21.01.2022
53524
10 daqiqa o‘qiladi

«Putin hech qachon ko‘rmagan» sanksiyalar. Bayden Ukrainaga bosqin tahdidi haqida nimalar dedi?

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyani Ukrainaga bostirib kirish bo‘yicha yana bir bor ogohlantirib, Rossiya iqtisodiyoti uchun halokatli oqibatlar bilan tahdid qildi. Keyinroq Bayden bostirib kirish deganda nimani nazarda tutgani bo‘yicha oydinlik kiritdi va rossiyalik harbiylarning ukrain chegarasidan har qanday holatda kesib o‘tishi qat’iy sanksiyalarga olib kelishini aytdi. Agarda Ukrainaga bostirib kirilsa, Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putin «hali hech qachon ko‘rmagan sanksiyalar»ni joriy etishga va’da bergan.

AQSh prezidentligiga kelganining bir yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanining asosiy qismini Jo Bayden rossiyaliklarning Ukrainaga bosqini tahdidiga bag‘ishladi - Vashingtondagilar bu haqda o‘tgan yil kuzidan buyon ogohlantirib kelmoqda.

Avvaliga uning so‘zlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bostirib kirishga buyruq bersa, G‘arb davlatlari qanday harakat qilishi borasidagi noaniqlikni faqat kuchaytirdi, shuning uchun Oq uy Bayden aynan nimani nazarda tutganini tushuntirishiga to‘g‘ri keldi.

«Menimcha, u harakat qilishni boshlagan», degan u Putinni nazarda tutgan holda. «U nimadir qilishi kerak», deya qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti.

«Rossiya bosqinchilik qilsa, javobgarlikka tortiladi - bu u qiladigan ishga bog‘liq. Cheklangan kirish boshqa ish, u holda biz nima qilish va nima qilmaslikni hal qilib olishimizga to‘g‘ri keladi.

Ammo agar ular qila oladigan ishini qilishsa... Rossiya uchun Ukrainaga bostirib kirish halokatli bo‘ladi», degan Bayden.

Bayden AQSh va ittifoqchilari Rossiya va uning iqtisodiyotiga ulkan zarar keltiruvchi qat’iy choralar ko‘rishga tayyorligini ta’kidlagan.

«Ukrainaga bostirib kirish Rossiya uchun halokatli bo‘ladi. Bu urush va tinchlik nuqtayi nazaridan Ikkinchi jahon urushi davridan buyon eng og‘ir oqibatlarga olib keladi. Agar harakat qilishga kirishsa, biz joriy etadigan sanksiyalarni Putin hech qachon ko‘rmagan.

Ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz Rossiya va uning iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishga tayyor. Agar Rossiya kiberxavfsizlik sohasidagi harakatlarini davom ettirsa, biz ham shunday javob qaytaramiz. Agar ular bostirib kirsa, ular bunga to‘lov qilishadi — ularning banklari dollar bilan operatsiyalar amalga oshira olmay qolishadi. Bu AQShning o‘ziga va Yevropa davlatlari iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatsa-da, Moskva ko‘proq zarar ko‘radi. Rossiya Ukrainaga nisbatan harbiy ustunlikka ega, ammo ular katta to‘lov qilishadi — «yaqin, o‘rta va qisqa muddatli istiqbolda» ham yo‘qotishlar bo‘ladi»

Qariyb ikki soat davom etgan matbuot anjumanidan keyin Oq uy rossiyalik harbiylarning Ukrainaga tashlangan har qanday qadami og‘ir qabul qilinishini bildirdi.

«Agar rossiyalik harbiylar Ukraina chegarasidan o‘tadigan bo‘lsa, bu bosqinning yangilanishi bo‘ladi va bunday harakat Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilarimiz tomonidan tez, qat’iy va kollektiv javob bilan qarshi olinadi», dedi Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki.

Uning bayonotiga ko‘ra, kiberhujumlarga ham, «harbiylashgan taktika»ga ham qat’iy javob qaytariladi.

Keyinroq, payshanba kuni Jo Baydenning o‘zi ham so‘zlariga aniqlik kiritdi: «Rossiya harbiy qismlari Ukraina bilan chegaradan har qanday o‘tishi bostirib kirish deb hisoblanadi», dedi AQSh prezidenti.

U bosqin ro‘y bergudek bo‘lsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilarning «qat’iy va kelishilgan» iqtisodiy javobiga duchor bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Respublikachilar Baydenning matbuot anjumanidagi so‘zlaridan xavotir bildirishgan. «Rossiyalik harbiylarning Ukrainaga har qanday kirishini yirik bosqin deb qarash kerak, chunki bu Ukrainani beqarorlashtiradi», degan senator Rob Portman.

Ukraina chegarasidagi vaziyat

Vashington Rossiya Ukraina chegaralari bo‘ylab 100 mingga yaqin harbiy joylashtirganini aytib keladi va buni hujumga tayyorgarlik sifatida baholaydi.

Moskva bir necha bor bostirib rejasi haqidagi xabarlarni rad etgan. Shu kunlarda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, o‘tgan haftada AQSh delegatsiyasi bilan Jyenevada o‘tgan muzokaralarda ishtirok etgan Sergey Ryabkov ham shu haqda gapirdi.

«Biz hech qanday agressiv harakatlar qilmoqchi emasmiz. Biz Ukrainaga hujum qilmoqchi yoki bostirib kirmoqchi emasmiz», dedi Ryabkov chorshanba kuni «Valday» klubida.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy payshanba kuni tvitterdagi sahifasida yirik davlatlarga «kichik bosqinlar va kichik millatlar bo‘lmasligi»ni eslatdi.

«Qurbonlarlarning kichigi va yaqinlarni yo‘qotishdagi qayg‘uning ozi bo‘lmaydi. Men buni buyuk davlat prezidenti sifatida aytmoqdaman», degan Zelenskiy.

Rossiya NATO sharqqa qarab kengaymasligiga kafolat talab qiladi va G‘arb Ukrainadan platsdarm sifatida foydalanib, o‘z xavfsizligiga tahdid solayotganini aytadi. O‘tgan haftada shu masalada Jyeneva, Bryussel va Vena shaharlarida rossiyaliklarning AQSh, NATO va YeXHT vakiillari bilan muzokaralarining uch raundi o‘tkazildi.

Matbuot anjumani vaqtida Bayden Putin bilan yangi sammit o‘tkazish imkoni hali saqlanib turganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Ukrainadagi mojaro yanada og‘irroq oqibatlarga ega bo‘lishi va «vaziyat nazoratdan chiqib ketishi»dan xavotirda.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ham keng ko‘lamli urush istamaydi va Putin undan ikki masalada kafolat talab qilgan: Ukraina hech qachon NATOga kirmasligi hamda Ukraina hududiga strategik va yadroviy qurollar hech qachon joylashtirilmasligi bo‘yicha. «Biz ikkinchi punkt bo‘yicha nimadir o‘ylab ko‘rishimiz mumkin», degan u jurnalistlarga.

Birinchi punkt bo‘yicha esa Bayden Ukrainada yaqin orada alyansga qo‘shilish imkoniyati juda past ekanini aytgan.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Putin g‘arblik siyosatchilarni tekshirib ko‘rmoqda. Shu bilan birga, Bayden NATO bo‘yicha ittifoqchilar Ukrainaga qarshi agressiya ro‘y bergudek bo‘lsa, qanday yo‘l tutish borasida yakdil emasligini tan olgan: «NATO ichida nimalar bo‘layotganidan kelib chiqib harakatlanish bo‘yicha kelishmovchilik mavjud».

OAV Vashington rossiyaliklarning Ukrainaga ehtimoliy hujumiga javoban tayyorlayotgan sanksiyalar to‘plamlari haqida ko‘p bor yozgan. Bayden matbuot anjumanida Rossiya kompaniyalari dollarda operatsiyalar amalga oshira olmay qolishi haqida gapirgan.

«Umid qilamanki, Vladimir Putin, keng ko‘lamli yadro urushini hisobga olmaganda, dunyoda ustunlik qilish uchun juda yaxshi vaziyatda emasligini tushunadi», degan AQSh prezidenti.

Ukrainadagi ziddiyatga NATOning mintaqadagi boshqa vakillari ham tortilishi ehtimoli uni qanchalar tashvishlantirishi borasidagi savolga javoban Bayden shunday degan: «Rejasiz urushdan ko‘ra yomonroq bo‘lgan narsa - rejalashtirilgan urushdir».

Bu vaqtda, Reuters agentligining vaziyatdan xabardon manbasi xabar bershicha, AQSh Davlat departamenti Litva, Latviya va Estoniyaga raketalar va Amerikada ishlab chiqarilgan boshqa qurollarni Ukrainaga yuborishga ruxsat bergan.

Agentlik suhbatdoshlaridan biri, uchinchi davlatga yetkazib berish bo‘yicha sanksiyadan keyin Estoniya Kiyevga Javelin rusumli tankka qarshi majmualarini (bunday qurollar Ukraina armiyasida ham bor), Litva esa Stinger zenit-raketa majmualarini yuborishi mumkin bo‘ladi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, prezident administratsiyasi, Kongressni Ukrainaga Rossiyada ishlab chiqarilgan va dastavval Afg‘onistondagi harbiylar uchun mo‘ljallangan beshta «Mi-17» vertolyotlarini yetkazib bermoqchiligi haqida ham ogohlantirgan.

Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov qurol yetkazib berish va harbiy manyovrlar tufayli Ukraina atrofidagi keskinlik kuchayib borayotgani haqida gapirgan. «Biz u yerga qurollar yetkazib berilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, biz turli manyovrlarni ko‘ryapmiz, biz NATO aviatsiyasi va G‘arbiy Yevropa mamlakatlari samolyotlari parvozlarini kuzatmoqdamiz. Bularning barchasi Ukraina atrofidagi vaziyatni kesinlashtirmoqda», degan Peskov.

U Baydenning AQSh va Rossiya o‘rtasida oliy darajadagi navbatdagi sammit o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi so‘zlarini izohlagan.

«Biz ikki prezidentning navbatdagi muloqoti o‘tkazilishini istisno etmaymiz. Biz har qanday holatda ham bunday muloqotni faqat maqullaymiz.

Ammo gap shundaki, muammolarni muhokama qilishga tayyorligimiz biz uchun prinsipial masalalarga taalluqli emas. Ukrainaning yaqin istiqbolda NATOga qabul qilinmasligi kelajakda bunday bo‘lmasligini kafolatlamaydi», degan Peskov.

Mavzuga oid