Jahon | 23:47 / 23.01.2022
53759
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni boshladi. Oldinroq Britaniya ham yordam yuborgandi

Qo‘shma Shtatlar 21 va 22 yanvar kunlari Kiyevga 170 tonnalik qurol va o‘q-dori yetkazib berdi. Bu Ukrainaga shoshilinch harbiy yordam doirasidagi ikki partiya granatomyotlar va raketa qurilmalarini o‘z ichiga olgan.

Foto: Reuters

Ikkinchi samolyot yetib kelgani haqida yakshanba kuni Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov ma’lum qilgan.

«Ikkinchi qushcha - Kiyevda! Amerikalik do‘stlarimizdan Ukraina mudofaa qobiliyatini mustahkamlash uchun 80 tonna qurollar. Va bu hali hammasi emas», deya yozgan vazir tvitterida qurol olib kelgan yuk tashuvchi «Boinga-747» samolyoti suratini ilova qilgan holda.

Pentagon ikki kun oldin bu yuklarning jo‘natishga tayyorlanayotgani aks etgan suratini e’lon qilgandi va Ukrainadagi turli nashrlar suratda bir martalik SMAW-D granatomyotlari va tankka qarshi Javelin majmuasi raketalari aks etgani haqida yozgandi.

Bunday harbiy yordamning birinchi partiyasi Kiyevga shanba kuni yetkazilgandi.

«Yaqinda prezident Bayden tasdiqlagan Ukraina xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan bir necha yordam paketlaridan birinchisi Kiyevga yetib keldi. 90 tonnadan iborat yuklar ichida masofadan uchiriluvchi qurollar va Ukraina frontini himoya qilayotganlar uchun o‘q-dorilar bor.

Bu yordam partiyasi va 2014 yil ajratilgan 2,7 milliard dollar harbiy yordami AQSh ortib borayotgan rus agressiyasiga qarshi Ukrainaga yordam berish maqsadi jiddiy ekanidan kafolat», deyiladi AQShning Ukrainadagi elchixonasi ma’lumotida.

G‘arbda 2021 yil oktyabr oyidan buyon Rossiya Ukrainaga yana bostirib kirmoqchi ekani haqida gapirishadi. Moskva bu ayblovlarni rad qilish bilan birga NATOdan Ukraina va Gruziya hech qachon alyansga kirmasligini talab qilishda davom etmoqda.

Jyenevadagi uchrashuvdan biroz o‘tib

Ukrainaga harbiy ko‘makning birinchi partiyasi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken hamda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi Jyenevadagi uchrashuvdan bir necha soat o‘tib Kiyevga yetib borgan. Uchrashuvdan keyin Blinken NATOning Boltiq bo‘yidagi a’zolari – Latviya, Litva va Estoniyaning Ukrainaga harbiy ko‘mak berishga tayyorlanayotganini olqishlagandi. Davlat kotibi bu Ukrainaga «Rossiya agressiyasi»ga qarshi turish uchun zarur ekanini ta’kidlagandi.

Blinkenning aytishicha, Vashington Boltiq bo‘yi davlatlariga Ukrainaga harbiy yordam yuborishiga ruxsat bergan. Estoniya mudofaa vaziri Kalle Laanet, Latviya mudofaa vaziri Artis Pabriks, Litva mudofaa vaziri Arvidas Anushauskas birgalikda Ukrainani qo‘llab bayonot berishdi. Ular AQSh ruxsat berishi bilan harbiy ko‘mak Ukrainaga yetkazib berilishini ma’lum qilgan.

Estoniya Ukrainaga tank hujumiga qarshi Javelin raketa kompleksi, Latviya hamda Litva esa Stringer zenit-raketa kompleksi yetkazib beradi. Javelin va Stringer AQShda ishlab chiqarilishini unutmaslik kerak. O‘z navbatida, Boltiq bo‘yi davlatlari Ukraina bu qurollarni ishlatishga majbur bo‘lmasligiga umid bildirgan.

AQSh va ittifoqchilari Ukrainaga harbiy ko‘mak yuborayotgan bo‘lsa-da, Rossiya bostirib kirgan taqdirda ham o‘z qo‘shinlarini yordamga yubormasligini aytmoqda. Rossiya esa G‘arbni Ukrainani qurollantirish va uni NATOga tortishda ayblamoqda.

Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi muzokara

Oldinroq Britaniya Ukrainaga tank hujumiga qarshi NLAW raketa komplekslarini yuborgandi.

Foto: Reuters

Britaniya parlamenti quyi palatasidagi mudofaa bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi Tobias Ellvurd shanba kuni bu qarordan juda mamnun ekanini aytib, u biroz kechikkanini ham ta’kidladi. Uning fikricha, Putin G‘arbning ko‘ngilchanligidan foydalanyapti va Ukraina bunday holatda yordamga muhtoj. U Rossiya tez orada Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligini istisno qilmadi.

Britaniya harbiy sohasidagi katta mansabdorlar Ukraina uchun bunchalik jon kuydirib gapirayotgan bir vaqtda ingliz nashrlarida qiziq ma’lumot paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan gaplashgan. 2013 yildan buyon ikki davlat mudofaa vazirlari o‘zaro suhbat o‘tkazmagandi.

Xabarlarda yozilishicha, Shoygu hamkasbini Moskvada ko‘rishishga taklif etgan. 9 yil avval ikki davlat mudofaa vazirlari Londonda uchrashgan edi. Shuningdek, ingliz nashrlari fevralda Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass ham Moskvaga borishi mumkinligini yozmoqda. Juma kuni Avstraliyada o‘tgan matbuot anjumanida u Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, «dahshatli vaziyatda qolib ketishi»ni eslatgandi.

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas Moskva bilan keyingi muzokaralarda Rossiyaga yon bermaslik kerakligini ta’kidladi. «Rossiya Ukraina atrofida bor kuchini to‘plab, NATOga nima qilishni o‘rgatib yotibdi. Natijada mana, hamma G‘arb ular askarlarini olib ketishi uchun nima qilishi haqida gapirmoqda. Bu inqirozli holatni NATO emas, Rossiya keltirib chiqardi. NATO va ittifoqchilari hech qachon kimgadir hujum qilishni rejalashtirmagan. Shu sabab muzokaralar vaqtida Rossiyaning harakatlariga e’tibor berish kerak», dedi Kaya Kallas.

Mavzuga oid