
Yakshanba kuni BBC bilan teleefirda qatnashgan Liz Trass yangi sanksiyalar Rossiyaning moliyaviy muassasalari, energetik kompaniyalari va Rossiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi istalgan firmalar va shaxslarni qamrab olishi mumkinligini aytdi.
«Hozirda sanksiyalar qonun bo‘yicha tor doiradagilarni qamraydi: biz faqat Ukrainadagi beqarorlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lgan kompaniyalarga qarshi sanksiya qo‘llay olamiz. Biz ko‘lamni kengaytirishni, Kreml manfaatlarini ifodalovchi va Rossiya rejimiga xizmat qiluvchi har qanday kompaniya sanksiya ostiga tushishini, Putin oligarxlari va Rossiya hukumati tomonidan qo‘llanadigan kompaniyalar hech qayerga qochib qutula olmasligini istaymiz», - degan Liz Trass boshqa bir intervyuda - Britaniyaning Sky News telekanali muxbiri bilan suhbatda.
«Hech qaysi istisno qilinmaydi», - degan Trass sanksiyalar «Putin oligarxlari»ning Londondagi ko‘chmas mulklariga ham taalluqli bo‘lishi mumkinligi borasidagi savolga javoban.
«Biz aynan kimga aynan qanday sanksiyalar qo‘llashimiz bo‘yicha tafsilotlarni bermoqchi emasmiz, ammo yangilanadigan qonunchilik bizga yanada kengroq maqsadlarga erishish imkonini beradi, shunday ekan, hech kimda sanksiyalardan immunitetga egalik haqida xayol bo‘lmaydi», - deya qo‘shimcha qilgan Britaniya TIV rahbari.
Trass dushanba kuni sanksiyalar haqidagi qonunning yangi loyihasini parlamentga taqdim etishi kutilmoqda.
BBC efirida Britaniyaning Ukrainaga bevosita yordami to‘g‘risida gapirar ekan, Liz Trass urush ro‘y bergan holda u yerga britan askarlari yuborilishi ehtimoli kamligi, ammo Buyuk Britaniya ukrainlarni qurollar va 20 ming ukrain askarini o‘qituvchi instruktorlar bilan ta’minlaganini qayd etgan.
«Ukrainlar kurashadi [...] Putin bu botqoqlikka botib qoladi», - degan Trass.
Shu bilan birga, vazir Buyuk Britaniya va ittifoqchilar Ukraina bilan birgalikda urushning oldini olish uchun harakat qilayotganini ta’kidlagan.
«Biz diplomatiya orqali uni [Putinni] ko‘ndirish [bostirib kirishdan] uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», -degan Trass xonim BBC efirida.
Liz Trass shu hafta Ukrainaga tashrif buyurmoqchi ekanini aytgan.
«Qo‘llab-quvvatlov uchun keyingi haftada Ukrainaga qilajak safarimni intiqlik bilan kutmoqdaman», deya yozgan u tvitterida.









