«RIA Novosti»ning diplomatik doiradagi manbasi hujjatlar haqiqiy ekanini tasdiqlagan. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda El Pais e’lon qilgan hujjatlarni ko‘rgani, ammo bunga munosabat bildirilmasligini aytdi. «Ularni kim tarqatib yuborganii bilmaymiz, buni taxmin qilish bizning ishimiz ham emas», dedi Peskov.

NATOda bu ma’lumotlar tarqalganini izohlashmadi, Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi ma’lumotlar sizib chiqishiga AQShning aloqasi yo‘qligini aytdi. Kirbi tarqalgan hujjatlar haqiqiy ekanini rad etmadi, tasdiqlamadi ham.

El Pais e’lon qilgan maqolada PDF formatidagi faylga havola berilgan. Unga bossa, to‘qqizta sahifa ochiladi. Ularning ba’zilari havorang tusda.

«Rossiya ishonchni yo‘qotdi». NATOning javobi

Tarqalgan ma’lumotlar ichida NATOning to‘rt sahifadan iborat javobi ham bor. Unda NATO mudofaa uchun tashkil etilgan alyans ekani, Rossiyaga xavf tug‘dirmasligi, orada yuzaga kelgan muammoni esa kuch ishlatib emas, diplomatik muloqot yo‘li bilan hal qilish kerakligi aytilgan.

Javobda NATO Ukraina chegarasi va Belarusda hech qanday asossiz qo‘shin to‘plagan Rossiyani keskinlikni yo‘qotishga chaqirgan. Alyans javobida yozilishicha, Rossiya tashkil etilishida o‘zi ham ishtirok etgan va NATO – Rossiya munosabatlari mustahkam bo‘lishiga asos bo‘luvchi xavfsizlik prinsiplari va majburiyatlarini buzgan.

Alyans Rossiya bilan muloqotga doim tayyorligi, NATO vakolatxonasi Moskvada, Rossiya vakolatxonasi Bryusselda bo‘lishiga qarshi emasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, javobda NATO rahbariyati ochiq eshiklar siyosatidan voz kechmoqchi emasligi ma’lum qilingan.

NATO Rossiyani Ukraina, Gruziya va Moldovadan harbiylarini olib ketishga chaqirgan. Shuningdek, Rossiyadan NATOning blok bo‘yicha ittifoqchilariga qarshi yadroviy xavfli harakatlar qilishdan tiyilishi so‘ralgan. Ispan nashri tarqatgan javobda oldingi diplomatik muzokaralarda nazarda tutilmagan yana bir jihat ko‘zga tashlanadi: Moskvadan Rossiya yadro dasturi bo‘yicha NATO bilan maslahatlashish so‘ralgan.

Javobda NATO 30 yil davomida Rossiya bilan hamkorlik o‘rnatishga uringani, boshqa biror hamkorga bu darajada munosabatlar taklif qilinmagani ta’kidlangan. «Ammo Rossiya munosabatlarimiz asosi bo‘lmish ishonchni yo‘qotdi. Rossiya fundamental global xavfsizlik prinsiplariga va yevroatlantika xavfsizlik arxitekturasiga tahdid uyg‘otdi», deyilgan NATOga tegishli ekani aytilgan javobda.

«Mudofaa pozitsiyasini kuchaytirish». AQShning javobi