10:21 / 09.02.2022
5768

SSV emlanishga chaqirmoqda: Zangiotada o‘lim holatlari emlanmaganlar orasida qayd etilgan

Yanvar oyida Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga murojaat qilgan bemorlarning 96 foizi koronavirusga qarshi vaksina olmagan.

Foto: Kun.uz

Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zbekistonliklarni koronavirusga qarshi o‘z vaqtida emlanishga chaqirdi va vaksina olmay, kasallikka chalinib, shifoxonaga yotgan bemorlar orasida o‘lim holatlari kuzatilayotganidan ogohlantirdi. 

«Shu yilning yanvar oyida Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga jami 8601 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 6856 nafarini kattalar, 811 nafarini homilador ayollar, 934 nafarini esa bolalar tashkil etdi.

Afsuski, ushbu bemorlarning 8243 nafari koronavirusga qarshi vaksina olmagan. Kasallanganlarning bor-yo‘g‘i 358 nafari, ya’ni 4,1 foizi kovidga qarshi emlangan, xolos. Ularning orasida o‘lim holati qayd etilmagan.

Aksincha, vaksina olmagan bemorlarda kasallik og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechib, hatto o‘lim holatlari ham kuzatilgan.

Shundan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor yurtdoshlarimizni o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lib, koronavirusga qarshi vaksina olishga hamda buster doza bilan emlanishga chaqiradi», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top