Rossiya harbiylari Donbassga yuboriladi
Harbiylar bu funksiyalarni do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam shartnomalari tuzilgunga qadar bajaradi.
Vladimir Putin Rossiya mudofaa vazirligiga rossiyalik harbiylar DXR va LXRda «tinchlik saqlanishi»ni ta’minlashi bo‘yicha ko‘rsatma berdi, bu prezidentning tegishli farmonlarida ko‘rsatilgan.
Putinning Donbassdagi respublikalar mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonlari 22 fevralga o‘tar kechasi imzolanib, huquqiy axborot portalida e’lon qilingan.
«Donetsk xalq respublikasi rahbarining murojaatidan kelib chiqqan holda Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi ushbu farmonning 3-bandida ko‘rsatilgan shartnoma tuzilgunga qadar Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Donetsk Xalq Respublikasi hududida tinchlikparvarlik funksiyalarini bajarishini ta’minlasin», deyilgan DXRni tan olish to‘g‘risidagi farmon matnida.
Xuddi shu kabi jumla o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasining tan olinishi to‘g‘risidagi farmonda ham keltirilgan.
«Interfaks» guvohlarga asoslanib xabar qilishicha, DXR hududiga ko‘p miqdorda zirhli texnikalar kiritilgan. Zirhli texnikalarning ikkita kolonnasi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublika shimolida va g‘arbida harakatlangan.
21 fevral kuni kechqurun Putin telemurojaat qilib, Rossiya DXR va LXRni mustaqil davlatlar sifatida tan olishini ma’lum qildi. 2014 yildan buyon Moskva Ukraina hududiy yaxlitligini bu qadar shubha ostiga qo‘ymagandi.
Putin murojaatining asosiy qismi tarixiy tafsilotlardan iborat bo‘lib, Putin Donbassdagi vaziyatni qanday baholashi borasida ma’lumotlar juda kam keltirilgan. Bu hududda o‘tgan haftada vaziyat keskinlashgan va otishmalar boshlangandi. Kiyev buni Ukraina chegaralari yaqinida 100 mingdan oshiq rus harbiylari to‘planishi fonidagi provokatsiya deb atadi.
Kiyevga murojaat qilar ekan, Putin harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qildi va «qon to‘kilishi davom etishi uchun javobgarlik» haqida ogohlantirdi, ammo nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmadi.
Putinning davlat televideniyesi orqali chiqishidan keyin DXR va LXRni tan olish to‘g‘risidagi farmonlarni imzolash marosimi namoyish etildi. Endi ushbu farmondagi tafsilotlar ma’lum bo‘lmoqda.
«DXR xalqi irodasini inobatga olgan holda» va «Ukraina Minsk kelishuvlariga zid o‘laroq ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilishdan bosh tortishi» tufayli Putin o‘z farmoni bilan Ukraina sharqidagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikani tan olishga qaror qilgan. Xuddi shu formulirovka bilan u LXRni ham tan olgan.
Putin Rossiya TIVga Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatish uchun muzokaralar o‘tkazish vazifasini yuklagan.
«Tinchlik» so‘zi Rossiyaning 2008 yilda Gruziya hududida amalga oshirilgan operatsiyasini nomlashda ham qo‘llangandi, o‘shanda gap «tinchlik o‘rnatish» haqida ketgandi. Endi esa «tinchlikni saqlash bo‘yicha funksiyalar» haqida aytilmoqda.
Kiyev so‘nggi kunlar davomida Donbassga hujum amaliyoti o‘tkazish niyati yo‘qligi haqida bot-bot takrorlab kelayotgandi.
O‘tgan yil oktyabridan buyon AQSh va Yevropa mamlakatlarining Rossiya bosqini haqidagi ogohlantirishlarini Ukraina hukumati jiddiy olmay kelayotgan, Moskva ham Ukraina hududiga o‘z qo‘shinlarini kiritish rejasi yo‘qligini qat’iy aytayotgandi.
Juma kuni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR ayollar va bolalar Rossiyaga evakuatsiya qilinishi haqida e’lon qildi, Rossiya qochqinlarga moliyaviy yordam va boshpana berishga tayyorligini bildirgan (Rossiyaning 40ga yaqin regioni qochqinlarni qabul qilishga tayyorligini bildirdi). Keyingi kuni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar Ukraina armiyasiga qarshi turish uchun harbiy xizmat yoshidagi erkaklar uchun umumiy safarbarlik e’lon qildi, holbuki Ukraina tomoni Donbassga bostirib kirish rejasi yo‘qligini aytib kelayotgandi.
Dushanba kuni DXR va LXR hukumatlari navbatdagi artilleriya zarbalari haqida ma’lum qilib, Putinga o‘z davlatlarini tan olishni so‘rab murojaat qilishdi. Bu murojaat Rossiya Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishi boshlanishi arafasida yangradi, navbatdan tashqari yig‘ilish chog‘ida kengash a’zolari DXR va LXRni tan olish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashdi. Kechqurun Putin o‘z qarori haqida teleefirda e’lon qildi va bu G‘arbda keskin qarshi olindi. U yerdagilar bu qaror xalqaro huquq va Donbass bo‘yicha Minsk kelishuvlarining qo‘pol ravishda buzilishi ekanini aytishmoqda.
Putinning farmoni imzolangan kundan kuchga kirdi.
DXR va LXRni tan olish oqibatsiz qolmaydi - Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebershtraytning ma’lum qilishicha, Germaniya kansleri Olaf Shols, AQSh prezidenti Jo Bayden va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirokidagi uchtomonlama muzokaralar yakunida shunday xulosaga kelingan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy dushanba kuni kechqurun Rossiya Xavfsizlik kengashidagi yig‘ilishda aytilgan gaplar yuzasidan Fransiya va Germaniya rahbarlari bilan shoshilinch maslahatlashuv o‘tkazgan. Putinning respublikalarni tan olgani haqidagi murojaatidan keyin Zelenskiy tvitterda bu masalada Bayden bilan gaplashgani haqida yozdi.
Oq uy xabariga ko‘ra, Bayden Zelenskiy bilan suhbatlashgan va unga Rossiyaning DXR va LXRni tan olishiga javoban sanksiyalar qo‘llash rejalari haqida gapirgan. Avvalroq Oq uy matbuot xizmati AQSh prezidenti tez orada amerikaliklar DXR va LXRga investitsiya kiritishi, ular bilan savdo qilishi va ularni moliyalashtirishini taqiqlash ko‘zda tutilgan farmonni imzolashi haqida xabar bergandi. Bu sanksiyalar Rossiyaning Ukrainaga kirishiga qarshi tayyorlangan chora-tadbirlar paketidan tashqarida hisoblanadi. Keyinroq Bayden DXR va LXRga qarshi alohida sanksiyalar to‘g‘risidagi farmonni imzolagani ma’lum bo‘ldi.
Bayden Makron va Shols bilan ham gaplashgan, Oq uy xabariga ko‘ra, ular Putinning DXR va LXRni «mustaqil» regionlar sifatida tan olishini «qat’iy qoralashgan».
Shols va Makron o‘tgan haftada Moskvada Putin bilan uchrashishgandi. Shu kunlarda Putin Makron bilan telefon orqali ikki bor gaplashdi, muloqotlarning biri yarim tunda o‘tkazilgan. Yelisey saroyi AQSh va Rossiya prezidentlari Ukraina atrofidagi inqirozdan chiqishning yangi diplomatik yo‘lini topish uchun sammit o‘tkazishga rozi bo‘lganini xabar qilgandi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning ma’lum qilishicha, Ukraina Rossiyaning Donbassda xalqaro huquqqa zid ish qilgani yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirishni talab qilgan.
Bu vaqtda Putin Rossiya, DXR va LXR o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam bo‘yicha shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Davlat dumasiga kiritgan.
«Interfaks» va «RIA Novosti»ning yozishicha, Rossiyaning Donbassdagi respublikalar bilan do‘stlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi ikki tomonlama kelishuvlari matnida chegaralarni birgalikda qo‘riqlash va harbiy baza hamda harbiy infratuzilmalardan birgalikda foydalanish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Ya’ni LXR va DXR chegaralari endilikda Rossiya bilan birgalikda qo‘riqlanadi. Tomonlar keyin yana avtomatik yangilash sharti bilan 10 yilga shartnoma tuzadi.
Mavzuga oid
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024