O‘zbekiston | 16:40 / 28.02.2022
18586
5 daqiqa o‘qiladi

Oshib borayotgan qandli diabet: uni davolash va profilaktika qilish rejalari

Kovid pandemiyasidan so‘ng yurtimizda qand kasalligi bilan og‘rigan bemorlar soni ko‘paygan. Shu sababli aholini endokrin kasalliklardan davolash borasida prezident qarori ham qabul qilindi.

Samarqandda o‘tgan «Qandli diabetning dolzarb masalalari» hamda «O‘z-o‘zini nazorat qilish maktablari» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda barcha viloyatlardan endokrinologlar va endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi xodimlari ishtirok etishdi.

Qayd etish joizki, tadbir O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2022 yil 26 yanvardagi «Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 102-sonli qarorida belgilangan vazifalarni amaliyotga tezroq tatbiq qilish maqsadida tashkil etildi.

Prezident qarorida 2022-2024 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi ham qabul qilingan. Unda belgilangan rejalarga ko‘ra, respublikaning 40 yoshdan oshgan aholisida yiliga bir marta qandli diabet kasalligiga skrining o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Belgilangan muddatda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun 350,4 mlrd so‘m ajratiladi.

Chunki mutaxassislar Kovid pandemiyasidan so‘ng ushbu dardga chalinganlar soni ortgani, umuman diabet kovid asoratlaridan biri ekanligini qayd etishmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh endokrinologi, tibbiyot fanlari doktori Feruza Haydarova ayni paytda butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham qandli diabet epidemiyasi kuzatilayotgani, prezidentning tibbiyot sohasiga oid ilk qarori bejiz endokrinologiya xizmatini yuksaltirish borasida qabul qilinmaganiga urg‘u berdi.

Feruza Haydarova

«Hozir asosiy muammo nimada? Biz bu turdagi kasalliklarni juda kech tashxislaymiz. Juda ko‘p bemorlarda surunkali asoratlar bor.

Diabetning ahamiyati shunchalik yuqoriki, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ilk hujjatlardan biri endokrin xizmatni yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturning qabul qilinganidir.

Samarqandda o‘tayotgan konferensiya kabi tadbirlar respublikamizning barcha viloyatlarida tashkil etiladi. Keyingi konferensiya Navoiy shahrida bo‘ladi va diabetdagi semirishga bag‘ishlanadi.

Bugungi konferensiya qandli diabetga, shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab diabet maktablari ochishga qaratilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda 29 ta maktab bor. Ular qandli diabetni davolashda o‘zining beqiyos ahamiyati, ijobiy samarasini ko‘rsatib bo‘lishdi. Shu sababli bu maktablar tajribasini butun respublikaga yoymoqchimiz», - dedi Feruza Haydarova.

Ayni paytda Samarqand viloyatida 126 mingdan ortiq bemorlar endokrin kasalliklar bilan nazoratda turadi. Shulardan 33 ming bemor qandli diabet bilan ro‘yxatga olingan. Ulardan 363 nafari voyaga yetmagan bolalar. Hozir qandli diabet bilan og‘rigan bemor bolalar 100 foiz analog insulinlar bilan ta’minlangan.

Kasallikni barvaqt aniqlash va ularga erta tashxis qo‘yish bemorlarni og‘ir asoratlaridan saqlab qoladi va erta nogironlikning oldini oladi.

«Bugungi konferensiya qandli diabet, uni davolash va profilaktikasi masalalariga bag‘ishlangan. Lekin eng asosiy urg‘u bemorlarga o‘zini parvarishlashni o‘rgatishga qaratilgan. Aytaylik, odamda qandli diabet bor. U sutkasiga 24 soat, yiliga 365 kun o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘ladi. Bir yil davomida u endokrinolog huzuriga necha marta kelishi mumkin? Agar har uch oyda endokrinolog huzuriga kelsa, uch marta 20 daqiqadan, bu shunchaki dengizdan tomchi. Inson o‘zi mubtalo bo‘lgan kasallikni qanchalik o‘rgangan bo‘lsa, vrach va bemor birgalikda o‘z oldlariga qo‘ygan terapiya maqsadlariga erishishi shunchalik oson bo‘ladi. Undan samara kutsa bo‘ladi», - deydi Yo.X.To‘raqulov nomidagi respublika endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi bosh vrachi o‘rinbosari Anna Aliyeva.

Aliyevaning aytishicha, respublika endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi nafaqat bemorlar, balki endokrinolog-vrachlar, umumiy amaliyot shifokorlari va hamshiralar bilan ham ishlashda davom etadi.

«Chunki endokrinologiya va shu jumladan diabetologiya shunchalik shiddat bilan rivojlanayotgan fanki, u bir joyda turgani yo‘q. Bir yil muqaddam dolzarb bo‘lib turgan narsa, yangidan yangi preparatlar, davolash uslublari paydo bo‘lgach, o‘z dolzarbligini yo‘qotishi mumkin. Shuning uchun biz doimo to‘lqinning tojida, barcha yangiliklardan voqif bo‘lishimiz shart», - dedi u.

Anjumandan maqsad — O‘zbekiston endokrinologlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinishni keng yo‘lga qo‘yish, endokrinologiya sohasidagi yangiliklar, innovatsion texnologiyalarni birga tahlil qilish. Shu sababli bunday anjumanlar turli mavzularida barcha viloyatlarda, respublika endokrinologlari ishtirokida tashkil etiladi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid