Samolyotlar, raketalar va zirhli texnikalar. Ukrainaga Donbassdagi janglar uchun yordam jo‘natilmoqda
Seshanba kuni davomida NATOning qator davlatlari Kiyevga Rossiya bilan urushda foydalanish uchun yangi turdagi qurollarni yetkazib berishi haqida ma’lum qildi. Rossiyalik harbiylarning Donbassda hujumga o‘tishi haqidagi xabarlar fonida AQSh alyans Ukrainaga o‘z jangovar samolyotlari sonini oshirishda yordam ko‘rsatganini ma’lum qildi, Britaniya yanada ko‘proq artilleriya qurilmalari va «Brimstoun» raketalari yetkazib berishni va’da qildi, Niderlandiya esa og‘ir texnikalar yuborgan.
Rossiya bilan urush boshlanganidan buyon Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy doimiy ravishda G‘arbni mamlakatni Rossiya tajovuziga qarshi turishi uchun ko‘proq qurol bilan ta’minlashga chaqirib keladi.
NATO mamlakatlari o‘tgan vaqt mobaynida Kiyevga tankka qarshi raketalar bilan yordam berib keldi, ammo og‘ir qurollar va samolyotlar yetkazib berishga shoshilmadi. G‘arbdagi ekspertlarning izohlashicha, alyansning ayrim a’zolari zirhli texnikalar va qiruvchi samolyotlar yetkazib berilishi vaziyatni keskinlashtirishi va mojaro Ukraina chegaralaridan tashqarisiga chiqishidan xavfsiragani bilan bog‘liq. Ammo rossiyalik harbiylar ishg‘olidagi Buchada va Ukrainaning boshqa shaharlarida sodir etilgan ommaviy qotilliklar G‘arbdagilarning pozitsiyasini o‘zgartira boshlagan.
Ukraina baribir jangovar samolyotlarni oldimi?
Ukrainaning asosiy iltimoslaridan biri jangovar samolyotlar, xususan, NATOning sharqiy qanotidagi a’zolari qurolli kuchlarida bo‘lgan va ukrainalik uchuvchilar boshqarishi mumkin bo‘lgan, sovetlar davrida ishlab chiqarilgan MiG-29 qiruvchilarini yetkazib berish bo‘yicha edi.
Mart oyi boshida Polsha o‘z qiruvchi samolyotlarini Kiyevga yetkazilishi uchun AQShning Germaniyadagi Ramshteyn bazasiga jo‘natishga tayyorligi, ammo buning evaziga AQShdan «eski, ammo foydalanishga yaroqli bo‘lgan samolyotlar» so‘rashini ma’lum qildi. Ammo bunday sxema Vashingtonni qoniqtirmadi va qiruvchi samolyotlarni yetkazib berish amalga oshmay qoldi.
Endilikda, Pentagon matbuot ktibi Jon Kirbining so‘nggi bayonotiga ko‘ra, NATOdagilar Ukraina aviatsiyasini jangovar samolyotlar hisobiga kengaytirish yo‘lini topishgan, bu jarayon qanday amalga oshirilishi bo‘yicha aniqlik kiritilmagan. Seshanba kungi brifingda Kirbi Ukrainada endi «ikki hafta oldindagidan ko‘proq jangovar samolyotlar borligi»ni aytdi.
«Ularni qaysi davlatlar yetkazib bergani bo‘yicha tafsilotlarga to‘xtalmasdan, [aytmoqchimanki] ular [ukrain armiyasi] o‘z [havo] flotini kengaytirish uchun qo‘shimcha platformalar va ehtiyot qismlarga ega bo‘ldi», degan Kirbi.
U Ukraina qancha va qanday samolyotlar olgani bo‘yicha ham gapirmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ittifoqchilarga butun samolyotlarni emas, samolyotlarning ayrim qismlari transportirovkasida yordam ko‘rsatgan.
Sharqiy Yevropadagi qator davlatlar, xususan, Polsha, Bolgariya va Slovakiya MiG-29 rusumli qiruvchi samolyotlarga ega hisoblanadi. Bundan tashqari, Polsha va Bolgariya harbiy havo kuchlarida sovetlar davriga mansub bo‘lgan Su-25 shturmoviklari ham bor.
AQSh bungacha Ukrainaga Mi-17 rusumli 11ta vertolyot jo‘natgan, Pentagon ularni o‘tgan yilda «Tolibon» boshqaruvga kelishidan oldin Afg‘onistonga yetkazib berishni mo‘ljallagandi.
Britaniya Ukrainaga «Brimstoun»lar yubormoqchi
Ukraina olishi mumkin bo‘lgan yana bir yangicha turdagi qurol - britanlarning «Brimstoun» raketalari bo‘lishi mumkin - seshanba kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson shunday yetkazma ehtimoli haqida gapirdi.
London Kiyevga kemalarga qarshi qanday raketalar jo‘natishi mumkinligi haqidagi savolga javoban Jonson shunday dedi: «Biz ko‘rib chiqayotgan tizimlardan biri - bu «Brimstoun»lardir, biz ularni o‘z vazifasini bajarishi uchun transport vositalariga o‘rnatish mumkinligi haqida o‘ylayapmiz».
Britaniya qurolli kuchlari o‘z vaqtida Suriya va Liviyadagi harbiy amaliyotlarda «Brimstoun»lardan foydalangan. Reuters agentligining yozishicha, odatda bu raketalar qiruvchi samolyotlardan uchiriladi. Uning ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish MBDA kompaniyasi bunday raketalar dengizda ham, quruqlikda ham tez harakatlanuvchi nishonlarga qarshi qo‘llanishi mumkinligini aytgan.
Avvalroq London Ukrainaga «Garpun» rusumli kemaga qarshi qanotli raketalar jo‘natish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi, ammo keyinroq sanoat sohasidagi nashrlar bunday raketalar odatda harbiy kemalardan uchirilishi, ulardan quruqlikda foydalanish uchun qayta jihozlash va qayta dasturlash esa ancha murakkab texnik vazifa ekanini yozishgandi.
Ukraina o‘zida ishlab chiqarilgan «Neptun» raketalari bilan Rossiyaning Qora dengiz flotidagi flagmani bo‘lgan «Moskva» raketali kreyseri cho‘ktirib yuborilganini ma’lum qilgan (Rossiya mudofaa vazirligi esa kema o‘q-dori portlashi natijasida chiqqan yong‘in tufayli cho‘kkanini aytadi). Ammo, ochiq manbalarga ko‘ra, «Neptun» raketalarini ishlab chiqarish boshlanganiga ko‘p bo‘lmagan, bunday raketalarning ilk partiyasi faqat 2021 yilga kelibgina tajriba sifatida Ukraina qurolli kuchlariga topshirilgan.
Yanada ko‘proq artilleriya
Buyuk Britaniya va AQSh yetakchilari Ukraina qurolli kuchlarini artilleriya texnikalarining yangi partiyalari bilan ta’minlash rejasi haqida ma’lum qilgan. «Bu artilleriya kuchlari to‘qnashuvi bo‘ladi. [Ukrainaga] yanada ko‘proq artilleriya kerak va biz uni yetkazib beramiz», degan Jonson seshanba kuni parlamentdagi chiqishida.
Avvalroq AQSh Ukrainaga 155-millimetrli 18ta gaubitsa, shuningdek 40 mingta artilleriya snaryadlari, 200 ta M113 rusumli zirhli transportlar va 100 ta ko‘p maqsadli zirhli mashinalar jo‘natilganini ma’lum qilgandi. Seshanba kuni Pentagonning yuqori martabali mulozimi bu yordam paketidagi 800 mln dollarlik birinchi partiya allaqachon Ukraina chegarasida turganini aytdi.
Seshanba kuni Bayden ittifoqchilar bilan videoaloqa orqali muzokaralardan keyin AQSh Rossiya tajovuziga qarshi turish uchun qo‘shimcha artilleriya qurilmalarini yuborish niyatida ekanini tasdiqladi. Amerika nashrlari, xususan, Reuters agentligi yozishicha, Oq uy rahbari yaqin vaqt ichida Ukraina uchun yana bir 800 mln dollarlik yordam paketi haqida e’lon qilishi kutilmoqda, bu paket artilleriya va snaryadlarni ham o‘z ichiga oladi.
Shaxsini sir tutishni so‘ragan amerikalik mulozimlar NBC telekompaniyasiga Bayden yangi paket haqida yaqin kunlarda e’lon qilishi va bunisining hajmi ham AQSh prezidenti o‘tgan hafta e’lon qilgan paketniki bilan taxminan bir xil bo‘lishini aytishgan. Telekompaniya manbalarining aytishicha, paket doirasida artilleriya qurilmalari va o‘n minglab snaryadlar yetkazib beriladi.
Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi seshanba kungi brifingda artilleriya masalasida to‘xtalib, bunday yetkazmalarni amalga oshirish mutlaqo imkonsiz ish emasligini ta’kidladi. «Ukrainlar qo‘shimcha artilleriya tizimlari so‘rashadi, biz bu borada muzokaralar olib boramiz va biz ularning istaklarini qanoatlantirish uchun barcha ishni qilamiz - bu mutlaqo imkon doirasidagi ishlar», degan Kirbi.
Niderlandiyadan zirhli texnikalar
Niderlandiya hukumati Mark Ryutte Zelenskiy bilan telefon muloqoti o‘tkazdi va niderlandlar Ukrainaga Rossiya bosqinini qaytarish uchun zarur bo‘lgan texnikalarni yetkazib berishini ma’lum qildi. «Niderlandlar Ukrainaga og‘ir harbiy texnikalar, jumladan zirhli texnikalar jo‘natadi. Biz ittifoqchilar bilan birgalikda qo‘shimcha og‘ir qurollar yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz», deya yozgan Ryutte tvitterida.
Ukrainaga qurollar jo‘natish haqida seshanba kuni Finlandiya mudofaa vazirligi ham e’lon qildi. Finnlar Ukrainaga aynan qanday qurollar yuborilishi bo‘yicha tafsilotlarni keltirmagan, faqat Finlandiya armiyasidagi resurslardan ajratiladigan harbiy yordam Ukraina talablariga javob berishi ma’lum qilingan.
Norvegiya Mudofaa vazirligi Ukrainaga 100 dona «Mistral» zenit raketalarini taqdim qilgan. «Mistral» kichik, yaqin masofali zenit raketasi bo‘lib, uchish masofasi yetti kilometrgacha yetadi. U zirhli transport vositasi yoki vertolyotdan uchirilishi mumkin.
Bundan tashqari, Ruminiya o‘z harbiy zaxiralaridagi qurollarni Kiyevga yetkazib berish ustida ishlamoqda.
Chexiya hukumati Ukrainaga harbiy harakatlar vaqtida shikastlangan tanklar va boshqa zirhli texnikalarni ta’mirlab berish orqali yordam ko‘rsatishni va’da qilgan.
Seshanba kun kechqurungi videomurojaatida Zelenskiy agar qurollar oldinroq yotkazib berilganida, rossiyalik harbiylar ancha oldinroq to‘xtatilgan bo‘lishini aytdi. «Agar biz hamkorlarimizda mavjud bo‘lgan va Rossiya Federatsiyasi tomonidan qo‘llangan qurollarga teng hajmdagi qurollarni olganimizda biz bu urushni yakunlagan bo‘lardik», dedi ukrainlar prezidenti.
Germaniyaning yordam yetkazish sxemasi
Seshanba kuni Germaniya kansleri Olaf Shols ham yangi artilleriya qurilmalari yetkazib berish imkoniyati haqida gapirdi. Shols ittifoqchilar bilan videoaloqa orqali muloqotdan keyin NATO davlatlari Ukrainaga nemis ishlab chiqaruvchilaridan qurol sotib olishga ruxsat bergani va xarid uchun pul ajratilishini ma’lum qildi. U ham Jonson kabi artilleriya ta’minoti haqida gapirgan.
Bloomberg agentligi Germaniya og‘ir artilleriya qurollarini to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yetkazmasligi, qurollar «o‘z ixtiyoridagi sovetlar davrida ishlab chiqarilgan texnikalarni Ukrainaga yetkazib berishga tayyor bo‘lgan» Sharqiy Yevropa davlatlariga yetkazilishini xabar qilgan. Qayd etilishicha, bu ukrainalik harbiy xizmatchilar Yevropaning zamonaviy qurollari bilan ishlashni o‘rganishi uchun vaqt talab etilishi, sovetlar texnikasini qo‘llashda esa bunday muammo yo‘qligi bilan bog‘liq.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Berlin Ukraina armiyasiga Niderlandiya tomonidan yetkazib beriladigan PzH 2000 (Panzerhaubitze 2000) o‘ziyurar artilleriya qurilmalari uchun o‘q-dori ham jo‘natadi.
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu AQSh va G‘arbning boshqa davlatlari tomonidan Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berilishiga quyidagicha munosabat bildirdi: «Xorijdan qurol-yarog‘ yetkazib berilishi hajmi oshirilishi Kiyev rejimini so‘nggi ukrainalik jangchi qolguncha kurashishga undash niyatini yaqqol namoyish etmoqda».
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024