Don mahsulotlari bozorini erkinlashtirish nima uchun zarur?

Bu sohadagi davlat buyurtmasi o‘tgan asrning 90-yillarida paydo bo‘lgan. Bunda fermerlar o‘zi yetishtirgan bug‘doyni hukumat tomonidan belgilangan xarid narxida davlatga sotishga majbur edi. O‘sha davrda daromadlari hozirgidan ko‘ra ancha past bo‘lgan aholi o‘tish davrida bozor narxidan arzonroq non bilan ta’minlangan.

Lekin aholini arzon oziq-ovqat bilan ta’minlashning bu usuli qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning zarariga ishlab, dehqon va fermerlar o‘z mahsulotini bozor narxidan arzon sotishga majbur edilar.

Lekin qishloq xo‘jaligi ham iqtisodiyot va biznesning bir sohasi bo‘lib, bu sohada band bo‘lgan aholi ham o‘z mehnatidan maksimal foyda olishga haqli. Hukumat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish va ishlab chiqaruvchilar mehnatini rag‘batlantirish maqsadida bosqichma-bosqich don bozorini erkinlashtirmoqda.

Nega erkinlashtirish aynan hozir qilinyapti?

Don mahsulotlari bozorini erkinlashtirish – bir kunlik qaror emas. 2019 yili tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarini davlat tomonidan belgilash tartibidan bosqichma-bosqich voz kechish, bug‘doy va don mahsulotlarini bozor narxlarida sotib olish amaliyotiga o‘tish belgilangan.

O‘zbekistonda 1994 yildan beri davom etib kelgan unning narxini davlat tomonidan tartibga solish amaliyoti 2019 yilning 15 oktyabridan boshlab to‘xtatildi. “Buxanka” non narxi 1100 so‘mdan 1400-1500 so‘mgacha ko‘tarildi. 2020 yili don bozorini erkinlashtirish jadal davom ettirilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, pandemiya tufayli ko‘p korxonalarning moliyaviy ahvoli og‘irlashgani hamda aholi daromadlarining kamaygani sabab rejalashtirilgan ishlarni to‘xtatib turishga to‘g‘ri keldi.

Nega aynan hozirgi vaqtda erkinlashtirilmoqda?

Dunyo bozorida qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi ko‘tarilib bormoqda, o‘z o‘rnida ishlab chiqarish vositalari xam qimmatlashmoqda. Hatto rivojlangan Yevropa davlatlarida ham fermerlar uyushmalari fermerlarning moliyaviy ahvoli og‘irlashib, kasodga uchrashi mumkinligidan xavotir bildirilmoqda.

O‘zbekiston hukumati bu yil 1 tonna bug‘doyning xarid narxini o‘tgan yilgi 1,55 mln so‘mdan 3 mln so‘mga ko‘tarishga qaror qildi, chunki bunda murakkab sharoitda mahalliy fermerlar mehnatiga yarasha haq to‘lanmasligi qishloq xo‘jali sohasidagi erishilgan ko‘p yillik ijobiy natijalarni yo‘qqa chiqarishi mumkin.