Jahon | 12:21 / 18.06.2022
15354
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament raisi o‘rinbosari Ukrainani Yevroittifoqqa shoshilinch ravishda qabul qilishdan tiyilishga chaqirdi 

Katarina Barleyning so‘zlariga ko‘ra, u Ukrainaga YeI a’zoligiga nomzod maqomi berilishi tarafdori, biroq tashkilotga kirish uchun barcha mezonlarga «to‘liq amal qilinishi» kerak.

Foto: Reuters

Bryussel Ukrainani Yevropa ittifoqiga shoshqaloqlik bilan qabul qilishdan tiyilishi kerak. Bunday fikrni Yevroparlament raisi o‘rinbosari, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi a’zosi Katarina Barley bildirdi. U bilan suhbat 18 iyun, shanba kuni Die Neue Osnabrücker Zeitung gazetasida e’lon qilingan.

«Shoshqaloqlik bilan qabul qilmaslik kerak», deydi Barley. «Yevropa ittifoqi a’zosini hamjamiyatdan chiqarib bo‘lmaydi», dedi Yevropa parlamenti raisi o‘rinbosari. Uning fikriga ko‘ra, bu borada Kiyevni qabul qilish mezonlari «to‘liq qondirilganligi» muhimroqdir. 

Salbiy misol sifatida Katarina Barley 2004 yilda Yevropa ittifoqiga qo‘shilgan Vengriyani keltirdi. Siyosatchining fikricha, Budapesht qonun ustuvorligini «tizimli» tarzda buzadi. 

Shu bilan birga, nashr suhbatdoshi Ukrainaga YeI a’zoligiga nomzod maqomi berilishini olqishlashini aytdi. Bu «Moskva uchun bizning qadriyatlarimizni himoya qilishda Yevropa ittifoqi o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligi haqida muhim signal bo‘ladi», dedi Barley. Shu bilan birga, a’zolik mezonlari Yevropa ittifoqiga kirish uchun boshqa nomzodlarga nisbatan «erkin talqin qilinmasligi» kerak, deya qo‘shimcha qildi Yevroparlament raisi o‘rinbosari. 

Katarina Barleyning so‘zlariga ko‘ra, u «Yevropa ittifoqiga a’zo barcha davlatlar Ukrainaning Yevroittifoqqa qo‘shilishi yo‘lini tekislashni xohlashiga deyarli amin». «Vaqt haqida turlicha fikrlar bo‘lishi mumkin, lekin asosan hamma maqsad bo‘yicha yakdil pozitsiyada», deya xulosa qildi u. 

17 iyun kuni Yevrokomissiya Ukrainaga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berishni tavsiya qildi. Bu haqda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen ma’lumot berdi. Xuddi shunday tavsiya Bryusselda Moldova uchun ham berilgan. Gruziya bo‘yicha YeI Tbilisining Yevropaga oid istiqbollarini tan oldi, biroq mamlakat nomzod maqomi berilishidan oldin keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. 

Boshqa ikki davlatda ham o‘zgarishlar amalga oshirilishi lozim. Ukraina uchun bu yettita qadam, Moldova uchun esa to‘qqizta. Gruziya 12 ta «uy vazifasini» bajarishi kerak. 

Nomzod maqomini berish masalasi 23-24 iyun kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitda Yevropa ittifoqi mamlakatlari prezidentlari va bosh vazirlari tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Ijobiy qarorni Yevropa ittifoqining barcha 27 davlati bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi talab qilinadi. 

Mavzuga oid