Borrel G20 davlatlari o‘rtasida Ukraina bo‘yicha kelishuv yo‘qligini ma’lum qildi
«Katta yigirmatalikka» a’zo ba’zi davlatlar urushga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi umumiy tamoyillarni qo‘llab-quvvatlaydi, biroq amalda ular Rossiya bilan munosabatlarini saqlab qolishga intiladi, dedi diplomat.
Yevropa ittifoqi mamlakatlari va «katta yettilik» (G7)ning Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bo‘yicha pozitsiyasi «katta yigirmatalik» (G20) mamlakatlari orasida ustuvor emas. Bu haqda YeI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Indoneziyada bo‘lib o‘tgan G20 davlatlari vazirlar sammiti yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
«Asosiy xulosa shuki, mavhum terminlar bilan aytganda, hududiy suverenitet va kuch ishlatmaslik kabi tamoyillarni himoya qilish zarurati haqida hamma yakdil fikrda. Biroq, aniq jihatlarga kelganda, bu boshqacha ko‘rinadi», deb yozadi Borrel. «Shafqatsiz haqiqat shundaki, milliy manfaatlar ko‘pincha oliy g‘oyalarga umumiy sadoqatdan ustun turadi», dedi u.
Borrelning eslatishicha, BMT Bosh assambleyasining mart oyida bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida 140 ta davlat Rossiya tajovuzini qoralab chiqdi va Rossiyadan tashqari, G20 a’zolarining birortasi ham rezolyutsiyaga qarshi chiqmadi. «Ammo qanday davom etish kerakligi va urush oqibatlari haqida fikrlar keskin farq qiladi», deb yozadi Borrel. G7 va hamkor davlatlar Rossiyaning xatti-harakatlarini qoralash hamda Kremlga qarshi sanksiyalar masalasida hamjihat bo‘lsa-da, boshqa davlatlar o‘zgacha nuqtayi nazarga ega, deya ta’kidladi u.
«Gap tajovuzkor nomini aytib, uning harakatlari oqibatlariga kim mas’ul ekanini ko‘rsatishga kelganda, ko‘pchilik turli sabablarga ko‘ra bunday qilishdan o‘zini tiyadi. Ba’zilar bunga kim mas’ul ekani va qanday yo‘l tutishi haqida emas, balki o‘zi uchun urush oqibatlari haqida o‘ylaydi. Boshqalar esa «ikki tomonlama standartlar» haqida shikoyat qilyapti yoki shunchaki Rossiya bilan yaxshi ikki tomonlama munosabatlarni saqlab qolishni xohlayapti», - deya tushuntirdi Borrel G20’dagi pozitsiyani. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab davlatlar biror bir tarafga o‘tishni istamaydi, chunki bu ularning geosiyosiy manfaatlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Borrel birinchi sessiyadagi nutqidan so‘ng darhol yig‘ilishni tark etgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning sammitdagi xatti-harakatlariga urg‘u berdi. «U hatto boshqalarning gaplariga quloq ham solmadi. Bu qaror Rossiya ko‘p tomonlama forumlarga e’tibor bermasligidan dalolat beradi. Umid qilamanki, Ukrainadagi urush bo‘yicha pozitsiyasini ochiq aytishdan o‘zini tiygan G20 a’zolari bunga e’tibor qaratdi», - deb xulosa qildi Borrel.
Mavzuga oid
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24 / 13.11.2024
Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin. Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan birida nimalar bo‘lmoqda?
18:53 / 13.11.2024
Boris Jonson Ukrainaga britan harbiylari yuborilishi shartini aytdi
14:54 / 13.11.2024