07:52 / 22.07.2022
2441

Prezident elektrotexnika tarmog‘ida yangi zaxiralarni safarbar qilish to‘g‘risidagi qarorni imzolaydi

Prezidentning “Elektrotexnika tarmog‘ida foydalanilmayotgan imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

2022-2024 yillar uchun elektrotexnika tarmog‘i samaradorligining quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilanadi:

  • mis xomashyosini qayta ishlash hajmini 2022 yilda 70 ming tonnaga, 2023 yilda 82,4 ming tonnaga va 2024 yilda 100 ming tonnaga yetkazish;
  • mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2022 yilda 20 trillion so‘mgacha, 2023 yilda 23 trillion so‘mgacha va 2024 yilda 26 trillion so‘mgacha oshirish;
  • mahsulotlar eksporti hajmini 2022 yilda 700 million AQSh dollari, 2023 yilda 1 milliard AQSh dollari va 2024 yilda 1,2 milliard AQSh dollari miqdorida ta’minlash;
  • tarmoqdagi ish o‘rinlari sonini 2022 yilda 34 mingtaga, 2023 yilda 37,1 mingtaga va 2024 yilda 44,9 mingtaga yetkazish.

Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruhi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

2022-2024 yillarda hududlar kesimida elektrotexnika sanoatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish dasturi tasdiqlanadi.

Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasiga nazarda tutilgan dasturga, zarur hollarda, umumiy maqsadli ko‘rsatkichlarni pasaytirmagan holda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi beriladi.

Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi davlat dasturlari doirasida xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha tanlov (tender)larda “Mahalliy kontent” tizimi orqali qurilma, uskuna, mahsulot va butlovchi qismlarning kamida 30 foizi, ishlar va xizmatlarning kamida 50 foizi miqdorini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish tartibini ishlab chiqadi va amaliyotga tatbiq etadi.

2022 yil 1 iyunidan 2025 yilning 1 iyuniga qadar muddatga elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan:

  • jalb etilgan xorijiy mutaxassislar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalarini 50 foizga kamaytirish;
  • tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali eksport qilishdan tushgan tushumi umumiy tushumidagi eksport ulushiga mutanosib ravishda mol-mulk solig‘i va ijtimoiy soliqni kamaytirish tarzida imtiyozlar beriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • mahalliy mahsulotlar (ish, xizmat) ishlab chiqaruvchi korxonalar xalqaro moliyaviy institutlar, donor mamlakatlar, xorijiy davlatlar hukumatlari, boshqa norezidentlar mablag‘lari hisobidan respublikada amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha tenderlar doirasida hamda norezidentlar bilan respublika hududida ishlatilishi mo‘ljallangan mahsulotlarni yetkazib berish uchun xorijiy valutada shartnomalar tuzishda ularga eksport qiluvchi korxonalar bilan bir maqomda soliq imtiyozlari berilgan holda eksport shartnomalariga tenglashtiriladi;
  • xalqaro moliya institutlari va O‘zbekiston o‘rtasida kelgusida tuziladigan barcha kredit (qarz) shartnomalarida, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar doirasida o‘tkaziladigan tenderlarda (tanlovlarda) mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qonunchilikda belgilangan 15 foizgacha narx preferensiyasining qo‘llanilishi nazarda tutiladi.
Top