21:28 / 27.07.2022
9255

2021 yilda O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik 2,7 mln so‘m bo‘lgan - Statqo‘m

O‘tgan yili O‘zbekistonda ish beruvchilar tomonidan xodimlarga to‘langan oylik ish haqi o‘rtacha 2,7 mln so‘m bo‘lgan. Bunda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlari to‘layotgan oyliklar ham inobatga olingan. Avvalroq bu ikki toifa hisobga kiritilmasdan, 2021 yildagi o‘rtacha maosh 3,2 mln so‘m bo‘lgani aytilgandi.

2021 yil davomida O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 2 mln 662 ming so‘m bo‘lgan. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2,7 mln so‘mni tashkil etgan mazkur o‘rtacha oylikni hisoblashda qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlari ham hisobga olingan.

Bu ikki toifadagi oyliklar inobatga olinmagan holda yil boshida e’lon qilingan statistikada 2021 yildagi o‘rtacha maosh 3,2 mln so‘m bo‘lgani ma’lum qilingandi.

Ma’lumot uchun, qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlari yilda bir marta hisobot topshiradi.

Mazkur ikki toifani inobatga olmaganda, 2022 yil yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 3 mln 540,5 ming so‘mni tashkil etgan.

Infografika: Statistika qo‘mitasi

Qayd etilishicha, o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga qo‘shimcha to‘lovlar, mukofot pullari, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, kompensatsiya va ishlamagan vaqti uchun to‘lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga ajratmalar kiradi.

Yilning birinchi yarmida hududlar kesimida o‘rtacha ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (5,5 mln so‘m), Navoiy (4,9 mln so‘m) va Toshkent (3,7 mln so‘m) viloyatlarida qayd etilgan.

Eng past ko‘rsatkich esa Samarqand, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga to‘g‘ri kelgan: 2,7 mln so‘mdan.

Infografika: Statistika qo‘mitasi

Joriy yilning birinchi yarmida sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to‘g‘ri kelib (9 mln 149 ming 600 so‘m), o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish darajasi 24,8 foizni tashkil etgan.

Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 6,7 million so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, tashish va saqlash sohasida – 4,6 million so‘m, sanoat sohasida – 4,5 mln so‘m, qurilish sohasida – 4,2 mln so‘m, savdo sohasida – 3,6 mln so‘m, ta’lim sohasida – 2,5 million so‘m. Eng past o‘rtacha ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida qayd etilgan – 2,4 million so‘m.

Ortib borayotgan tengsizlik

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, oxirgi yillarda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida ko‘plab o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa-da, ushbu soha vakillarining maoshi boshqalariniki bilan taqqoslaganda sekin o‘smoqda va yildan yilga tengsizlik ortib bormoqda.

“Taqqoslash uchun, 2018 yilda (yanvar-iyun) ta’lim sohasida band bo‘lgan xodimlarning ish haqi o‘rtacha ish haqining qariyb 78 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilga kelib 72,3 foizga pasaygan. Boshqacha aytganda, ta’lim sohasidagi o‘rtacha xodim respublikadagi o‘rtacha ish haqi oladigan odamga nisbatan kambag‘alroq bo‘lib qolgan.

Agar individual sohalar bilan taqqoslasak, farq yanada jiddiy. Xususan, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2018 yilda ta’lim sohasida band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha maoshidan 2,44 barobar ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilga kelib 3,54 barobargacha oshgan. Ya’ni bank va sug‘urta xodimlari yildan yilga ta’lim sohasi vakillariga nisbatan boyib bormoqda.

Xullas, potensial ta’lim sohasi xodimlari boshqa sohalarga o‘tib ketishiga katta stimul yaratib qo‘yilgan. Agar hozirgi tendensiya davom etsa, kelajakda ham potensial o‘qituvchilar boshqa sohalarni tanlashda davom etadi”, deydi iqtisodchi.

“O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 2,7 mln so‘m va bu haqiqiy ko‘rsatkich”

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, o‘rtacha ish haqi miqdori deyilganda barcha yuridik shaxslar xodimlarining daromadlari inobatga olinishi kerak.

“Statistika qo‘mitasi nihoyat barcha yuridik shaxslar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini ma’lum qilmoqda. Bu miqdor 2021 yil yakuni bo‘yicha 2 mln 662 ming so‘m.

Shu kungacha qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlari ko‘rsatkichlari inobatga olinmagan holdagi respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdori ochiqlab kelingan. Chunki ish haqi ancha past bo‘lgan bu segmentlar chiqarib yuborilsa, o‘rtacha oylik ish haqi go‘yoki yuqoriroq ko‘rsatkich bo‘lib aks etgan.

Masalan, 1 iyul holatiga qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik sub’yektlari ko‘rsatkichlari inobatga olinmagan holdagi o‘rtacha ish haqi miqdori 3 mln 540,5 ming so‘mni tashkil etadi.

Bundan bu yog‘iga o‘zimizni o‘zimiz aldamasdan o‘rtacha ish haqi miqdori deyilganda 3 540,5 ming so‘mlik ko‘rsatkich emas, 2 662,0 ming so‘mlik ko‘rsatkich ishlatilishi kerak. Shunda adolatdan bo‘ladi”, deydi u.

Statqo‘m hisobotida Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, sud tizimi va prokuratura xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi haqida ma’lumot berilmagan.

Mavzuga oid
Top