2023 yil bahorida to‘rtta klub quyi ligaga tushib ketadi va faqat ikkitasi elitaga chiqadi. So‘ngra chiqish-tushish tizimi avvalgi shakliga qaytadi: ikkita klub tushadi va ikkitasi  chiqadi plyus uchinchi yo‘llanma uchun pley-off o‘tkaziladi. 

Fransiyada bu format avval ham bo‘lgan. 2002/03 mavsumiga qadar ligada 18 ta klub o‘ynagan, keyin ularning soni 20 taga yetkazilgan. 

LFP prezidenti Vensan Labryun qarorning to‘g‘ri ekaniga ishonchi komil: «Juda yaxshi qaror, bu Fransiya futbolidagi klublar va futbolchilar yakdilligini ko‘rsatadi. Shuningdek, kelajakda istiqbolli islohotlarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi». 

Nega yangi formatga o‘tilmoqda? 

Qisqartirish rasman Chempionlar Ligasidagi islohotlar bilan izohlanyapti: 2024 yildan boshlab, guruh bosqichida oltita o‘yin o‘rniga o‘nta o‘yin o‘tkaziladi. Liga 1 musobaqasi ishtirokchilari sonining kamayishi esa yetakchi klublarning yuklamasini yengillashtiradi. 

Liga 1 rahbariyati Andrea Anellining («Yuventus» prezidenti va Yevropa klublari assotsiatsiyasining sobiq rahbari) strategiyasiga amal qilayotgandek ko‘rinmoqda. «Biz chempionatlarda raqobatbardosh muhitni saqlash uchun 20 ta klub juda ko‘p deb hisoblayapmiz», degan edi u. 

Aslida klublarni TV huquqlari bo‘yicha olinadigan daromad xavotirga solib qo‘ygan. LFP prezidenti Vensan Labryun buni ro‘yirost tan oldi: «Agar biz buni faqat futbol uchun qilyapmiz desak, yolg‘on gapirgan bo‘lamiz. Haqiqat shundaki, televideniye huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani tufayli o‘yinlar sonini kamaytirish kerak». 

Nima voqea yuz berdi? Fransiyada televideniye huquqlari bilan bog‘liq katta muammolar bor 

Yaqinda Liga 1 rahbariyati ishonchli translyator Canal+ bilan shartnoma imzoladi. Biroq, kelishuvdagi qiyinchiliklar aynan turnir formatiga borib taqaldi. Canal+ chempionat o‘yinlarini to‘liq sotib olmasdan, faqat eng yaxshi bahslarni namoyish etib, kamroq pul to‘lashni istadi. Albatta bunga hech kim rozi bo‘lmadi. 

Shunda Canal+ ikkinchi variantni taklif qildi: chempionat ishtirokchilari sonini 16 yoki 18 taga qisqartirish. O‘yinlar soni kamroq, narx ham arzonroq.