Jahon | 10:43 / 14.08.2022
18601
17 daqiqa o‘qiladi

Amnesty’ning Ukrainaga qarshi ayblovlari atrofidagi mojaro: Ukraina maktablar va shifoxonalardan foydalanishi mumkinmi?

Severodonetsk. Foto: Oleksandr Ratushniak /AP / Scanpix / LETA

Amnesty International tashkiloti Ukraina qurolli kuchlarini maktab va shifoxonalarda harbiy bazalarni asossiz joylashtirishda aybladi. Huquq himoyachilarining hisoboti Moskva tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, ammo Kiyevda e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik Amnesty o‘z hisoboti ukrainaliklarga ozor yetkazganidan afsusda ekanini bildirdi, biroq xulosalaridan tonmadi. Bunday taktikalar haqiqatan ham xalqaro gumanitar huquqni buzadimi? Va unga muqobil variant bormi?

«Biz shu rejimda ishlayapmiz»

Har kuni ertalab Ukraina shimolida joylashgan oblast markazidagi ta’lim muassasasi xodimi Yekaterina Andreyevna (ismi xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘zgartirilgan) ishga boradi. U birinchi bo‘lib hamkasblari yoki qo‘riqchilarni emas, balki Ukraina qurolli kuchlari (UQK) harbiy xizmatchilarini ko‘radi.

Uning muassasasi xavfsizlik va mudofaa sohasiga aloqasi yo‘q, shuningdek, muhim strategik obekt emas. Yozgi ta’til paytida u yerda mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydi. Karantin tufayli bahorda talabalar soni ham cheklandi.

Ammo, aslida, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanishi bilanoq, binoning bir qismi UQK tomonidan foydalanilmoqda. U yerga kirish taqiqlangan, shuningdek, harbiylarning maqsadi va qancha muddat binoda bo‘lishi haqida so‘rash mumkin emas. Binoga kirish nazorati kuchaytirilgan.

«Hozir shunday rejimda ishlayapmiz. Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, abituriyentlarni qabul qilamiz va hokazo. Harbiylar bunga e’tibor berishmaydi, ular binoning boshqa qismida yashaydi, bizga faqat oshxonada, tushlik paytida duch keladilar, xolos», deydi Yekaterina.

Bu yagona holat emas. Ukraina harbiylari frontga yaqin shaharlarda ham, nisbatan xavfsiz hududlarda ham ba’zan o‘z bo‘linmalarini fuqarolik muassasalariga joylashtiradi. Bu shaxsiy tarkibni mamlakat bo‘ylab bir tekis joylashtirish va strategik yo‘nalishlarda mudofaa pozitsiyalarini tashkil etish uchun qilinmoqda.

Amnesty tashkiloti tanqidi

«Ukraina qo‘shinlari Rossiya bosqiniga javob qaytarish chog‘ida aholi yashash joylari, jumladan, maktab va shifoxonalarda bazalar va qurol-yarog‘ tizimlarini joylashtirish orqali tinch aholini xavf ostiga qo‘ygan», deyiladi Amnesty International hisobotida.

Mart oyi boshida RF qo‘shinlarining raketa zarbalaridan vayron bo‘lgan maktab binosi. Avgust oyiga kelib Ukrainada qariyb 2 ming maktab zarbaga uchragan. Foto: EPA

Tashkilotning Ukraina vakolatxonasi ushbu hisobotdan o‘zini chetga oldi, uning rahbari Oksana Pokalchuk iste’foga chiqqanini e’lon qildi.

Amnesty International bosh kotibi Anes Kallamarning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylarning bunday harakatlarini oqlab bo‘lmaydi va ular tinch aholi uchun xavf tug‘diradi. Shuningdek bu, go‘yo xalqaro gumanitar huquqning buzilishi hisoblanadi.

«Harbiylar urushda hech qachon shifoxonalardan foydalanmasligi kerak. Maktablar yoki fuqarolik binolaridan boshqa imkoniyat qolmaganida, faqat so‘nggi chora sifatida foydalanish mumkin», deya ta’kidlaydi Kallamar.

Xalqaro gumanitar huquq (XGH), birinchi navbatda, Jyeneva konvensiyasi va protokollari qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilishga qaratilgan. Aslida u harbiylarga qo‘yilgan va tinch aholini urushning halokatli oqibatlaridan himoya qilishi kerak bo‘lgan cheklovlar bilan taqiqlar ro‘yxatidan iborat.

Ammo ular orasida tibbiyot va ta’lim muassasalaridan harbiy maqsadlarda foydalanish taqiqlanishi haqidagi band yo‘q. Shu bilan birga, XGH qurolli kuchlarni aholi zich joylashgan hududlarda pozitsiyalarni o‘rnatishdan tiyilish haqida qat’iy ogohlantiradi. Chunki, harbiylar fuqarolik muassasalariga joylashtirilishi ularni avtomatik ravishda dushman uchun qonuniy harbiy nishon maqomiga o‘tkazadi.

Qayd etish joizki, maktablar harbiy mojarolar nishoniga tez-tez tushgani sababli, 2010 yilda BMT ko‘magida Ta’lim muassasalarini hujumlardan himoya qilish bo‘yicha global koalitsiya (GCPEA) tuzilgandi. Uning faoliyati doirasida Norvegiya va Argentina hukumatlari «Maktablar xavfsizligi to‘g‘risidagi deklaratsiya» va ta’lim muassasalari qurolli mojarolar nishoniga aylanishining oldini olish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar ishlab chiqdi.

Deklaratsiya 114 davlat, jumladan, Ukraina tomonidan imzolangan (2019 yil noyabr oyida). Imzolaganlar orasida Rossiya yo‘q.

Ushbu hujjatlarning asosiy qoidasi quyidagicha: qurolli to‘qnashuv paytida maktablar va universitetlar, hatto ta’til vaqtida ham, harbiylar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun foydalanilmasligi kerak. Tashlandiq binolardan bunday maqsadda foydalanish mumkin, lekin faqat imkoni boricha qisqa vaqt oralig‘ida va muqobil variant bo‘lmagan taqdirda.

Agar maktab harbiy obektga aylangan bo‘lsa, u holda dushman unga zarba berishni rejalashtirayotgani haqida oldindan ogohlantirishi kerak.

Amnesty International o‘z hisobotida Ukraina ushbu Deklaratsiyani imzolaganini va o‘z zimmasiga muayyan majburiyatlarni olganini eslatadi. Ta’lim muassasalaridan harbiy maqsadlarda foydalanish tinch aholi uchun jiddiy tahdid, deydi tashkilot va Ukraina kuchlari, fuqarolarni tahdiddan ogohlantirmayotgani, evakuatsiya qilishga yordam bermayotganini qo‘shimcha qiladi.

Ukraina rasmiylari bu ayblovlarni rad etmoqda.

Prezident Volodimir Zelenskiy Amnesty tashkiloti «mas’uliyatni tajovuzkordan jabrlanuvchi zimmasiga o‘tkazayotgani»ni aytdi. Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov tashkilot «adekvatligini yo‘qotgani»ni ta’kidladi. Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba esa hisobotni «manipulyatsiya» deb atadi.

Mikolayivdagi shifoxona hovlisida rossiyaliklar snaryadidan hosil bo‘lgan o‘ra. RF qo‘shinlari ushbu shaharni deyarli har kuni o‘qqa tutmoqda

Tashkilotning o‘zida ham bosh idoraning xulosalariga qo‘shilmaganlar bo‘ldi. Ukraina byurosi rahbaridan tashqari, Amnesty International tashkilotining Shvetsiyadagi bo‘limi asoschisi Per Vestberg ham iste’foga chiqdi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari Amnesty tashkilotining ukrainalik harbiylarga qarshi ayblovlar joy olgan hisobotini yoppasiga tarqatib, uni Ukrainadagi tug‘ruqxonalar, maktablar va bolalar bog‘chalariga berilayotgan zarbalar qonuniy ekanining isboti sifatida taqdim etdi.

Majburiy taktika

Ammo zamonaviy urushlar sharoitida, hatto tomonlardan birining kuchli ishtiyoqi bilan ham xalqaro huquqning barcha normalariga rioya qilish mumkinmi? Ekspertlar bunga shubha bilan qarashadi.

«Ukraina shaharlarida olib borilayotgan urush sharoitida buni imkonsiz deb hisoblayman», deb tushuntiradi Mudofaa tadqiqotlari instituti xodimi Natia Seskuriya. Tashkilot Buyuk Britaniyaning mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha dunyodagi eng qadimgi va yetakchi tahlil markazidir.

Ekspertning fikricha, Rossiya Ukraina shaharlarini doimiy ravishda o‘qqa tutmoqda va fuqarolik infratuzilmalariga zarba berib, aholi punktlarini egallash uchun «ortiqcha kuch ishlatyapti».

Ukraina kuchlari uchun, deydi Seskuriya, shaharlarda joylashishdan boshqa chora yo‘q. Aks holda rus qo‘shinlari kam kuch sarflab, o‘z maqsadiga erishgan bo‘lardi.

«Shuning uchun ham Amnesty International hisoboti juda muammoli, ayblovlar hozirgi voqelikdan ajralgan va Ukraina qurolli kuchlari o‘z mamlakati va fuqarolarini himoya qilish uchun olib borishi kerak bo‘lgan urush mohiyatini tushunmaslikni ko‘rsatadi», deydi u.

Uning fikricha, Ukraina armiyasi hozirda yopiq turgan maktab va muzeylar kabi fuqarolik obektlaridan qonuniy foydalanishi mumkin.

Ekspertlar fikricha, ukrain harbiylari pozitsiyalarini shaharlarga joylashtirishga majbur. Fotoda - Severodonetsk markazidagi ukrain harbiylari. Og‘ir janglardan keyin iyun oyida Rossiya ushbu shaharni egallab olgandi.

Bundan tashqari, u Ukraina hukumati bir necha bor tinch aholini front yaqinidagi shaharlardan zudlik bilan evakuatsiya qilinishga chaqirganini eslatadi.

Shu bilan birga, ushbu hududlardan tinch aholining «majburiy ko‘chirilishi» yana Xalqaro gumanitar huquq normalarining buzilishi sifatida baholanadi. Shuning uchun, deb xulosa qiladi Seskuriya, Ukraina tomoni fuqarolarni front chizig‘ini tark etishga undashi va rag‘batlantirishi kerak, biroq ularni chiqib ketishga majburlay olmaydi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Rossiya kuchlarining bu urushni olib borish uslubidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Ukraina harbiylarining fuqarolik obektlaridan foydalanishdan tiyilishi juda qiyin va ilojsiz.

Boshqalar qanday urush olib borgan?

Ammo bu muammo faqat Rossiya – Ukraina urushi uchun dolzarb emas, deb tushuntiradi harbiy tahlilchi va tarixchi Mixail Jiroxov.

O‘tgan asrdagi har bir qurolli to‘qnashuvda xalqaro huquq normalarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan, hatto tomonlar undan tiyilishga harakat qilgan bo‘lsalar ham.

«Agar XX asrdagi urushlar haqida gapiradigan bo‘lsak, unda himoyalanuvchi tomon fuqarolik infratuzilmasi elementlaridan foydalanmasligi kerak degan shartlar bo‘lmagan», deydi u.

Masalan, Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlari (2001 yildan 2021 yilgacha) tinch aholi xavfsizligini ta’minlashga urinishgan, deb eslaydi ekspert. Ular o‘z bazalarini aholi yashash punktlaridan tashqarida joylashtirishga harakat qilishgan.

AQSh harbiylari Afg‘onistonda 20 yil davomida toliblarga qarshi kurashgan. Bu vaqt mobaynida minglab tinch aholi vakillari harbiy harakatlar qurboniga aylangan. Foto: Reuters

Lekin, birinchidan, Afg‘onistonda urbanizatsiya darajasi Ukrainadagidan ancha past, ikkinchidan, AQSh qurolli kuchlari harbiy harakatlar paytida fuqarolik obektlaridan foydalanishga majbur bo‘lgan holatlar ham bor.

1970-80-yillarda Afg‘onistonda jang qilgan sovet armiyasi xalqaro huquq kabi masalalarga e’tibor ham bermagan.

«Sovet qo‘shinlari Kobuldagi barcha fuqarolik infratuzilmasidan foydalangan», - deydi u. «Xususan, ular xalqaro aeroportda joylashgan edi».

Rossiya harbiylari Checheniston va Suriyadagi harbiy yurishlarida ham xuddi shunday harakat qilgan.

Zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar orasida Isroil va Falastin o‘rtasidagi qarama-qarshilikni qayd etish mumkin. Masalan, Isroil tomonidan G‘azo sektorining deyarli har bir o‘qqa tutilishida tinch aholi qurbon bo‘ladi, deb ta’kidlaydi Jiroxov. Bu urbanizatsiya darajasi katta ekani va aholining zich joylashgani bilan bog‘liq.

«Urush paytida fuqarolik va harbiy binolar o‘rtasidagi tafovut o‘ta nozik holatda bo‘ladi. Ba’zan buni ajratib olishning deyarli imkoni yo‘q. Masalan, dushman uchun bu bino hududiy mudofaa bazasi bo‘lsa, biz uchun maktab», - deb tushuntiradi tarixchi Jiroxov.

Buning oqibatlari bo‘ladimi?

Ukraina kuchlari tomonidan xalqaro huquq me’yorlarining buzilishi ehtimoli Rossiya kuchlarinikiga nisabatan «ancha kam miqdorda bo‘lsa-da» nafaqat Amnesty International, balki BMT tegishli departamentida ham muhokama qilinmoqda.

Masalan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining iyun oyidagi hisobotida Ukraina harbiylari fuqarolik obektidan bir marta «tirik qalqon» sifatida foydalangani ehtimoliga e’tibor qaratiladi.

Gap Luhansk oblastining Kreminna shahri yaqinidagi qariyalar uyi haqida ketmoqda. Mart oyi boshida, faol jangovar harakatlar ushbu obektga yaqinlashganda, uning rahbariyati mahalliy hokimiyatga murojaat qilib, bemorlarni evakuatsiya qilishda yordam so‘ragan. Ammo bu amalga oshirilmagan, chunki «Ukraina harbiylari yo‘llarni minalab, yopib qo‘yishgan».

Lisichansk (Luhansk oblasti) aholisi vakili o‘zi yerto‘lasida yashiringan maktab bombardimon qilinganidan keyin

Shuningdek, BMT kuzatuvchilari Ukraina qo‘shinlari pansionatga kirib, bostirib kelayotgan Rossiya qo‘shinlari bilan otishma sodir qilganini ta’kidlashadi. Birinchi bo‘lib kim o‘q otgani xalqaro kuzatuvchilar tomonidan aniqlanmagan. Otishma chog‘ida fuqarolik muassasasida yong‘in chiqqan va 71 bemordan faqat 22 nafari tirik qolgan.

Kiyev 2014 yildan beri xalqaro gumanitar huquqning ahamiyati va unga sodiqligini bir necha bor e’lon qilgandi. Uni amalga oshirish uchun hujjatlar ishlab chiqildi, uni o‘rganish va qo‘shinlarning rioya qilishi ustidan nazorat kuchaytirildi.

Xalqaro gumanitar huquqni qo‘llash bilan bog‘liq ba’zi muammolar Ukrainada uni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organi o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ilgari bunga Adliya vazirligi mas’ul bo‘lsa, keyingi yillarda vaqtincha bosib olingan hududlarni reintegratsiya qilish vazirligi shug‘ullanmoqda. Tashkilot boshlig‘i, bosh vazir o‘rinbosari Irina Vereshchuk Amnesty hisobotini tanqid qilgan bo‘lsa-da, huquq himoyachilari ataylab xato qilmagan, degan fikrni bildirdi.

«Ularning bayonotini shunday tushunish mumkinki, go‘yo Ukraina armiyasi o‘z fuqarolari uchun xavf tug‘dirmoqda. Menimcha, bu inson huquqlari tashkiloti yomon ish qilmoqchi emas. Balki bu so‘zlarni noto‘g‘ri tanlash yoki noto‘g‘ri urg‘u berish oqibatidir», deb qayd etdi u.

Sergey Petuxov 2015-2019-yillarda Adliya vazirligida xalqaro gumanitar huquq sohasi bo‘yicha mas’ul xodim sifatida ishlagan edi.

Advokat Petuxovning aytishicha, o‘sha paytda u Xalqaro gumanitar huquq nazorati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, xususan, BMT monitoring missiyasi bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, missiya har doim o‘z hisobotlarida Ukraina rasmiylarining muayyan masalalar bo‘yicha pozitsiyasini aks ettirgan, shuningdek, hujjatning yakuniy versiyasini e’lon qilishdan avval Kiyevga yuborgan.

Amnesty bu jihatni e’tiborsiz qoldirgan, shuningdek, tinch aholining urush zonasidan evakuatsiya qilinishi masalasi bo‘yicha aniq dalillarni ham e’tiborga olmagan. «Shu tufayli ularning hisoboti juda o‘rinsiz bo‘lib chiqmoqda», dedi u.

Xalqaro gumanitar huquq me’yorlarini buzgan harbiylarga ham, ularga buyruq bergan qo‘mondonlarga ham jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.

Nazariy jihatdan, Ukraina qurolli kuchlari harbiylarining ba’zi xatti-harakatlari Xalqaro jinoiy sudda ko‘rib chiqilishi mumkin. U Rossiya-Ukraina urushidagi tomonlarning harakatlarini tergov qilishni boshlagan.

Ammo Adliya vazirligining sobiq xodimi Ukraina harbiylari harakatlarida xalqaro huquq me’yorlarining tizimli buzilishi alomatlari yo‘qligiga amin. «Men tashvishlanishga hech qanday sabab ko‘rmayapman», deydi Petuxov.

«Xalqaro jinoiy sud Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha mustaqil tergov olib bormoqda. Albatta, Amnesty ham boshqa nohukumat tashkilotlari kabi o‘z hisobotini sudga yuborishi mumkin», - deb tushuntiradi u. Ammo ular foydalangan uslubdan kelib chiqiladigan bo‘lsa, hisobotda aniq dalillar yo‘q. Shuning uchun huquqiy jihatdan bu bema’ni ayblovlar Xalqaro jinoiy sud pozitsiyasiga ta’sir qilmaydi. Lekin siyosiy jihatdan, ha, ular allaqachon aks-sado berib bo‘lgan».

Ukraina Strategik kommunikatsiyalar va axborot xavfsizligi markazi Amnesty International o‘z hisobotini tayyorlashda guvohlar tomonidan bosim ostida berilgan ko‘rsatmalardan foydalangan, shuning uchun uni obektiv deb hisoblash mumkin emasligiga ishontirmoqda.

Xarkivdagi maktab rossiyaliklar zarbasidan keyin. Foto: Reuters

Mana besh yildirki, Ukraina qurolli kuchlari xalqaro huquq me’yorlariga qanday rioya qilish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalarga ega.

Unda qo‘mondonning huquqiy masalalar bo‘yicha maxsus yordamchisi lavozimi ko‘zda tutilgan. Bunday yordamchi harbiy harakatlarni rejalashtirishda ishtirok etishi va ularning xalqaro huquq me’yorlariga muvofiqligini tekshirishi kerak. Agar qo‘mondon uning fikrini e’tiborsiz qoldirsa va qonunbuzilishining oldini olmasa, huquqshunos bu haqda yuqori rahbariyatga xabar berishga majbur.

Ko‘rsatmada zamonaviy urush qoidalarining asosiy bandlaridan biri ham bor: fuqarolik obekti, vaziyatga qarab, «harbiy obektga aylanishi mumkin». Ammo uning harbiy maqsadlarda ishlatilishi shubha uyg‘otsa, birinchi navbatda fuqarolik obekti deb hisoblanishi kerak. Demak, u hujum nishoni bo‘la olmaydi.

Mavzuga oid