Jahon | 21:25 / 15.08.2022
25188
18 daqiqa o‘qiladi

Rus tilidagi videomurojaatdan viza bermaslikka chorlovgacha: Zelenskiyning Rossiya fuqarolariga nisbatan ritorikasi qanday o‘zgardi?

Foto: BBCRussian

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy G‘arb davlatlarini nafaqat rossiyaliklarning o‘z hududiga kirishini cheklashga, balki oldinroq kelganlarni ham vataniga qaytarib yuborishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ruslar «o‘z falsafasini o‘zgartirmas ekan, o‘z dunyosida yashashi» kerak. Urushning ilk oylarida Zelenskiy bir necha bor rossiyaliklarga murojaat qilgan va «Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan» va «haqiqatni aytishga harakat qilayotganlar»ga minnatdorchilik bildirgandi. BBC urushdagi voqealar fonida Ukraina prezidentining Rossiya fuqarolariga munosabati qay tariqa o‘zgarganini keltirdi.

24 fevral tongida Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaydi. Bundan bir necha soat oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya fuqarolari uchun rus tilida videomurojaat yozgandi. Unda u shunday degandi: «E’tibor bering, men hozir rus tilida gapiraman, Rossiyada hech kim gap nimadaligini tushunmay  qolmasligi uchun. Bu nomlar, bu ko‘chalar, bu familiyalar, bu voqealar - bularning barchasi siz uchun begona, notanish. Bu bizning yerimiz, bu bizning tariximiz, siz kim bilan nima uchun kurashasiz?»

Murojaatining oxirida u so‘raydi: «Ruslar urushni xohlaydimi? Men bu savolga javob berishni juda istardim. Ammo javob faqat sizga bog‘liq. Rocsiya Federatsiyasi fuqarolari, dyakuyu za uvagu (ukrainchada e’tibor uchun rahmat)».

Urushning keyingi oylari mobaynida Zelenskiy yana bir necha bor Rossiya fuqarolariga murojaat qildi. Masalan, bosqindan keyingi ilk brifingda u shunday deydi: «Ko‘p narsa rus xalqiga bog‘liq. Rossiya fuqarolari qaysi yo‘ldan borishini o‘zlari tanlashi kerak. Rossiyadagi hali vijdonini yo‘qotmagan har bir kishi chiqib, Ukraina bilan urushga qarshi norozilik bildirishi vaqti keldi».

Ammo Rossiya bosqini uzoq davo etuvchi urushga aylanib, juda ko‘plab qurbonlar va vayrongarchiliklarga olib kelgach, prezident Zelenskiyning RF fuqarolari bilan munosabatlardagi ritorikasi keskinlashib bordi.

8 avgustda esa u Washington Post nashriga bergan intervyusida G‘arbni barcha rossiyaliklar uchun chegaralarni to‘liq yopishga chaqirdi - chunki «aholi shu hokimiyatni tanlagan va unga qarshi kurashmadi, u bilan bahslashmadi va unga qarata baqirmadi». U o‘z videomurojaatlarida ruscha gapirishni ham bas qilgan.

Quyida voqealar xronologiyasiga mos ravishda keltiriladigan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan iqtiboslar uning murojaatlari, intervyulari va telegram-kanalidagi postlaridan olingna.

26 fevral

Volodimir Zelenskiy: «Rossiyada meni eshitishlarini istayman. Mutlaqo hamma. Minglab qurbonlar, yuzlab asirlar, Ukrainaga nega yuborilganini shunchaki tushuna olmasdan o‘lishdi va boshqalarni o‘ldirishdi. Hukumatingizga urushni to‘xtatish kerakligini qanchalik tezroq aytsangiz, sizning shuncha ko‘p odamlaringiz tirik qoladi. Biz sizning fuqarolaringiz orasida urushga qarshilar borligini ko‘rib turibmiz. Va biz bilamizki, Rossiyada ko‘pchilik hukumatning razilligi va beshafqatligidan shunchaki karaxt ahvolda. Va bu juda to‘g‘ri reaksiya. Men sizlarga bunday reaksiya uchun minnatdorchilik bildiraman. Leonid Parfenov, Dmitriy Muratov, Yuriy Dud, Liya Axedjakova, Valeriy Meladze, vijdoni uyg‘oq bo‘lgan boshqa ming-minglagan rossiyaliklarga rahmat aytaman».

24-26 fevral: Rossiya Ukrainaga qurolli bosqin boshladi; rossiyalik harbiylar Chernobil AES, Ilon orolini egallab oldi, Kiyevga zarbalar yo‘llandi.

Foto: PIERRE CROM/GETTY IMAGES

3 mart

Volodimir Zelenskiy: «Biz har bir uyni, har bir ko‘chani, har bir shaharni tiklaymiz va Rossiyaga aytamiz - «reparatsiya» (bir davlat boshqa davlatga yetkazgan zarari uchun to‘lov) va «kontributsiya» (urushda mag‘lub bo‘lgan davlat g‘olib davlatga to‘laydigan tovon) atamalarini o‘rganib turing, sizlar bizning mamlakatimizga qarshi, har bir ukrainga qarshi qilganlaringiz uchun tovon to‘laysiz, qurbon bo‘lganlarni biz unutmaymiz».

1-4 mart: Kiyevning Babi Yaridagi teleminoraga raketa zarbasi berildi; Rossiya mudofaa vazirligi Xerson nazoratga olinganini ma’lum qildi; Zaporijjya AES o‘qqa tutildi.

6 mart

Volodimir Zelenskiy: «Rossiyaliklar hamisha Odessaga kelishgan. Odessada hamisha faqat iliq munosabat ko‘rishgan. Faqat samimiylikni. Endi nima bo‘ldi? Odessaga qarshi bombalar? Odessaga qarshi artilleriya? Odessaga qarshi raketalar? Bu harbiy jinoyat bo‘ladi. Bu tarixiy jinoyat bo‘ladi. (...) Rossiya fuqarolari! Siz uchun bu nafaqat tinchlik uchun kurash! Bu sizning mamlakatingiz uchun ham kurash. (...) Agar siz hozir sukut saqlasangiz, keyin faqat sizning qashshoqligingiz gapiradi. Unga faqat repressiya bilan javob beriladi. Jim bo‘lmang!»

6 mart: Ukraina prezidenti yangi videomurojaat yo‘lladi, unda Rossiya Odessani bombalashga tayyorlanayotganini aytdi; rossiyalik harbiylar Irpindagi evakuatsiya punktini o‘qqa tutishdi. 

Foto: DIEGO HERRERA/EUROPA PRESS/GETTY IMAGES

10 mart

Volodimir Zelenskiy: «Tunda Mariupolda tug‘uruqxona va bolalar shifoxonasi bombardimon qilinishi oqibatida qurbonlar bo‘lgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bilasizmi, Rossiya televideniyesida bu mavzuni eslab o‘tishdi. Bu ularning tok-shousida aytildi. Ammo bitta ham rost so‘z aytilmadi. Rossiyaliklarni aldashdi, go‘yoki shifoxonada bemorlar, tug‘uruqxonada esa - ayollar va bolalar bo‘lmagan. Rossiyaliklarni aldashdi, go‘yoki u yerda «natsionalistlar» qo‘nim topgan. Ular ishonch bilan aldashdi. Har doimgi kabi. Harbiy jinoyatlar propagandachilar ko‘magisiz bo‘lmaydi. Yana bir narsani aytishni istardim: sizlar ham tinch aholi ustiga bomba tashlashga buyruq berganlar kabi javob berasiz. (...) Siz harbiy jinoyatlardagi ishtirokingiz uchun javobgarlikka tortilasiz. Keyin esa… Bu albatta sodir bo‘ladi. Rossiya fuqarolari sizdan nafratlanadi. Siz hozirda aldayotganlarning barchasi».

9 mart: Rossiya armiyasi Mariupoldagi tug‘uruqxona va bolalar shifoxonasiga zarbalar yo‘lladi.

Foto: SERGEI ORLOV, DEPUTY MAYOR OF MARIUPOL

15 mart

Volodimir Zelenskiy: «Men haqiqatni yetkazishga harakat qilishdan to‘xtamayotgan rossiyaliklardan minnatdorman. Birinchi kanal studiyasiga urushga qarshi plakat ko‘tarib kirgan qizga alohida rahmat aytaman».

11-15 mart: Rossiya mudofaa vazirligi Volnovaxi shahri qo‘lga olinganini ma’lum qildi; Birinchi kanalda yangiliklar dasturining kechqurungi efiri vaqtida kanal xodimi Marina Ovsyannikova urushga qarshi plakat ko‘tarib chiqdi; Svyatogorskaya lavra monastiri rossiyaliklar zarbasidan shikastlandi.

20 mart

Volodimir Zelenskiy: Biz juda yaxshi tushunamizki, Rossiyada shunchaki adoqsiz inson resurslari va yetarli darajada ko‘p texnikalar, raketalar, aviabombalar bor - ammo men Rossiya fuqarolaridan so‘ramoqchiman: o‘tgan yillar mobaynida sizga nima qilishdiki, bunday yo‘qotishlarni sezmay qo‘ydingiz? Nahotki siz uchun endi «o‘g‘il», «ona», «ota» so‘zlari hech narsani anglatmaydi? Allaqachon 14 ming askaringiz o‘ldi… bu 14 ming onalar, 14 ming otalar. Bular rafiqalar, bular bolalar, qarindoshlar, do‘stlar. Va siz buni sezmayapsizmi? Axir urush davom etar ekan, qurbonlar faqat oshadi. Bu sizning bizga qarshi, Rossiyaning Ukrainaga, bizning yerimizga qarshi urush».

16-21 mart: Aviazarba oqibatida Mariupoldagi dramatik teatr vayron bo‘ldi - teatr binosi ostida bombapanagoh tashkil etilgan, uning hovlisiga yirik qilib «Deti» yozuvi yozilgandi. BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasiga ko‘ra, urush tufayli Ukrainani 3,5 mln kishi tark etgan.

23 mart

Volodimir Zelenskiy: «Endi men Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga alohida aytmoqchiman - ishonchim komilki, orangizda hukumatingiz siyosatidan nafratlanuvchilar, televizordan ko‘rsatayotganlaridan bezor bo‘lganlar ko‘p, internetda urush haqida aldashlari uchun bu propagandachilarga sizning soliqlaringizdan pul to‘lashadi va ular Rossiya fuqarolarini yanada qashshoqlashtiradi. (...) Siz ham, Rossiya fuqarolari, tinchlikdan manfaatdorsiz. O‘z farzandlaringizni urushdan qutqarib qoling. Urush haqidagi haqiqatlarni ayting. Agar imkoni bo‘lsa Rossiyani tark eting va sizning soliqlaringiz urushga sarflanmasligini ta’minlang, shunday qiling».

22-26 mart: Ukraina bosh prokuraturasi urushda qurbon bo‘lgan bolalar haqida ma’lumot berdi: 25 martga kelib halok bo‘lgan bolalar soni 135 nafarni tashkil etardi, 184 bola turli darajada tan jarohatlari olgandi. Ukraina tomoni ma’lumotiga ko‘ra, urush boshidan buyon Ukraina va Rossiya ilk bor asirlar almashinuvi jarayonini o‘tkazgan.

27 mart

Volodimir Zelenskiy: «Men prezident ekanimga va ancha pragmatik odam bo‘lishim kerakligiga qaramay, 24-sanadan keyin munosabatim yomonlashdi. Juda kuchli yomonlashdi. Rossiya Federatsiyasiga, xalqqa nisbatan munosabatimning hissiyotli qismi yo‘qoldi. Hatto xalqqa nisbatan ham. [Rossiyada] Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar ko‘p ekanini aqlan tushunishimga ham qaramasdan. Men ulardan minnatdorman, chunki og‘zaki so‘zsiz, haqqoniy jurnalistika faoliyatisiz, adolat va Ukraina tarafdori bo‘lgan rus odamining ichki potensialisiz… Ha, u avvalo o‘zining tarafdori bo‘lsin — bu esa u ushbu vaziyatda Ukraina tarafdori bo‘lishini anglatadi. Chunki bizning hududimizdagi urush bu rus odamiga hech qanaqa yaxshilik olib kelmaydi, agar u o‘ziga hisob bersa, shuni tushunadi. Butun aholining munosabati yomonlashdi»

27-29 mart: Mariupol meri shahar aholisining yarmi evakuatsiya qilingani, turar joy binolarining 90 foizi yakson etilgani yoki shikastlangani haqida xabar qildi. Rossiya armiyasi Kiyev atrofidan chekindi. Rossiya mudofaa vazirligi «Kiyev va Chernihiv yo‘nalishlaridagi barcha topshiriqlar» bajarilganini ma’lum qildi. Turkiya poytaxtida o‘zaro muzokaralarning navbatdagi raundi o‘tkazildi, uning yakunlariga ko‘ra «Istanbul kommyunikesi» qabul qilindi.

2 aprel

Volodimir Zelenskiy: «Har bir chaqiriluvchini, ularning ota-onalarini ogohlantiring: bizga bu yerda yangi jasadlar kerak emas. O‘z bolalaringizni asrang, ular yovuzlashib qolmasin. Ularni armiyaga jo‘natmang, ular uyda yashab qolishi uchun qo‘lingizdan kelganini qiling. O‘zining uyida. (...) Qrimning barcha aholisiga aytishni istardimki, bu voqeani sabotaj qiling. Har qanday bosqichda. Agar bu ish bermasa, jinoiy buyruqlarni bajarmang va birinchi imkon tug‘ilishi bilanoq Ukraina qurolli kuchlariga taslim bo‘ling. Biz barchasini to‘g‘ri tushunamiz. Siz omon qolasiz».

1 aprel: Rossiya armiyasi Xarkiv oblastidagi Izyum shahrini egallab oldi.

3 aprel

Volodimir Zelenskiy: «Bucha, Kiyev oblasti. Endi. Rossiya keldi. Rossiyalik harbiylarning onalariga buni ko‘rishni maslahat beraman. Ko‘ring, siz qanday haromilarni o‘stirgansiz. Qotillar, talonchilar, jallodlar.

2 aprel: Rossiyalik harbiylar tark etgan Bucha shahrida tinch aholi yoppasiga qatl etilgani ma’lum bo‘ldi, jahon nashrlarida ko‘chalarda o‘nlab jasadlar yotgani aks etgan tasvirlar tarqaldi.

Foto: RONALDO SCHEMIDT / AFP

22 aprel

Vladimir Zelenskiy: «Go‘yoki Moldovada rusiyzabonlarning huquqlari buzilayotgan emish. Agar to‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, Rossiya rus tilida so‘zlashuvchilarning huquqlari haqida qayg‘urishi kerak bo‘lgan hudud bu — Rossiyaning o‘zi. U yerda so‘z erkinligi, tanlov erkinligi yo‘q. O‘zgacha fikr huquqiga o‘rin qoldirilmagan. Qashshoqlik gurkiragan, inson hayoti sariq chaqaga ham arzimaydi. Shunchalikki, ular bizga urushga kelishmoqda, normal hayot kechirishni eslatib turuvchi nimanidir o‘g‘irlash uchun. Ularning xatti-harakati endi shunchaki shok. Chunki ularning orzusi — unitaz o‘g‘irlash va o‘lish»

1-20 aprel: Aprel oyi boshidan Mariupoldagi «Azovstal» zavodi qamali davom etdi; rossiyalik harbiylar o‘z oilalariga Ukrainada o‘g‘irlangan buyumlarni yubora boshlashdi - Belarusning Mozir shahridagi kurerlik yetkazmalari amalga oshiriladigan punktning kuzatuv kameralariga bunga dalillar muhrlandi. «Belaruskі Gayun» telegram-kanali uch soatlik videoyozuvni qo‘lga kiritgan va nashr etgan.

2 may

Volodimir Zelenskiy: «Ular hatto biz ular bilan jang qilayotganimizni ham tushunishmadi. Ular hatto ko‘chalarga chiqishmadi va bizning ko‘chalarimizda bo‘lgani kabi tanklar ketayotganini ham ko‘rishmadi. Yo‘q, u yerda hech narsa yo‘q: u yerda otishma yo‘q, Rossiyada hech qanday tanklar yo‘q, ularni hech kim portlatmayapti va shunga o‘xshash narsa bo‘lmayapti - ular bizning yerga kelishgan. (...) Men hisoblaymanki, ular nima qilishayotganini tushunishadi. Ular bu dunyoni o‘zlari uchun qulay qilib olishdi va unda bizni o‘ldirishmoqda - va boshqacha fikrdagilarni qabul qilishmaydi. Ya’ni bu o‘zgacha fikrlar qotilligidir».

24 aprel-3 may: BMT bosh kotibi Antoniu Gutterishning tashrifi vaqtida Kiyevga zarbalar berildi; Human Righs Watch rossiyalik harbiylar oddiy fuqarolar avtomobillariga o‘t ochishi bilan bog‘liq bir necha holatlar videolarini e’lon qildi; BMT ukrain portlarida 4,5 mln tonna g‘alla to‘planib qolganini ma’lum qildi.

Foto: OLEKSII SAMSONOV/GLOBAL IMAGES UKRAINE/GETTY IMAGE

11 may

Volodimir Zelenskiy: «Rossiya pasportiga ega, ayniqsa rasman yoki norasmiy ravishda Rossiya davlati bilan bog‘liq bo‘lgan odamlarni o‘z yeriga qabul qilish - barcha yevropaliklar va hatto maltaliklar uchun ham xavfli. (...) Rossiyaliklarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulklarni, yaxtalar va hisoblarni, rossiyaliklarning IT- va blokcheyn-kompaniyalari, Rossiyaning propagandachi kanallarini bloklang. Bular anchadan buyon Rossiyada shunchaki biznes bo‘lmay qolgan. Balki tajovuzkor Rossiya davlati bilan aloqador tuzilmalardir».

1-10 may: BBC rus xizmati ochiq manbalar asosida Rossiyaning Ukrainaga bosqini davrida o‘limi rasman tasdiqlangan 2120 nafar rossiyalik harbiylar haqida ma’lumot berdi, ularning beshdan biri - zobitlar. Ukraina sharqida Popasnaya shahri egallab olindi.

13 may

Volodimir Zelenskiy: «Hozir rossiyalik sayyohlar «madaniy qarshilik»ka uchrashi, ularni ko‘rishdan mamnun emasliklarini bilishlari kerak. Shunday ham. Yevropa jamiyatlari ularni ko‘rishdan xursand emas - jang maydonida bo‘lmagan, o‘q uzmagan, ammo jim turib, o‘z rahbariyatini qo‘llab-quvvatlaganlarni. Ular boshqacha sharoitda bo‘lishlari kerak - Italiyada hech qanday ko‘chmas mulklar, hisob raqamlarsiz. (...) Buni dam olishga keladigan oddiy odamlar ham his qilishi kerak. Ularga Yevropada dam olish endi tugaganini aytish kerak - siz begona hududni bosib oldingiz, bosqinchilarga esa boshqalarga ko‘rsatiladigan munosabat bo‘lmaydi deyish kerak».

11-13 may: Sumi oblastida tinch aholi vakilini otib o‘ldirgan RF qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi Vadim Shishimarin ustidan sud jarayoni boshlandi; BMT Ukrainani tashlab chiqqan qochqinlar soni 6 mln kishiga yetganini ma’lum qildi.

29 iyun

Volodimir Zelenskiy: «To‘g‘risini aytsam, Vladimir Putinga nima bo‘lganidan bexabarman. Mening fikrimcha, ularda [rossiyaliklarda] umuman olganda, haqiqatan ham katta bir kasallik bor. Lekin u, menimcha, siz aytayotgan narsa [Putin saratonga chalingani]dan murakkabroq. Bu bizning xalqimizga hurmatga nisbatan kasallik, [hududlarni] egallab olish kasalligi, ular bizning o‘lkamizda amalga oshirgan qiynoqlarga nisbatan kasallik. Fikrimcha, bu qiyin davr va bu kasallik faqat bitta odamga tegishli emas».

26-30 iyun: Rossiya raketasi Poltava oblasti Kremenchug shahridagi «Amstor» savdo markaziga kelib tushdi. 20 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar yaralandi. Amnesty International o‘z surishtiruvlari yakunlariga ko‘ra rossiyaliklarning Mariupoldagi drama teatriga bergan aviazarbasini harbiy jinoyat sifatida baholadi. Rossiyalik harbiylar Ukraina qurolli kuchlarining tinimsiz zarbalaridan keyin Ilon orolini tark etishdi.

8 avgust

Volodimir Zelenskiy: «Eng muhim sanksiyalar chegaralarni yopishdan iborat — chunki ruslar birovlarning yerlarini olib qo‘ymoqda. Mayli ular falsafasini o‘zgartirmaguncha o‘z dunyosida yashasin. (...) Qaysi ruslar haqida gap ketmasin, ularni Rossiyaga qaytarib yuborish kerak. O‘shanda ular tushunishadi. «Bu urushning bizga aloqasi yo‘q. Butun aholi javobgarlikka tortilishi mumkin emas, shunday emasmi?» deyishadi. Balki. Bu aholi mana shu hukumatni tanlagan va unga qarshi kurashmayapti, u bilan bahslashmayapti, unga baqira olmayapti».

5-7 avgust: Zaporijjya AES o‘qqa tutildi, bunda tomonlar bir-birini aybladi.

24 avgust kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganiga yarim yil to‘ladi.
 

Mavzuga oid