Jahon | 15:37 / 06.09.2022
20708
5 daqiqa o‘qiladi

ISW: Ukraina janubda ham, sharqda ham muvaffaqiyatli qarshi hujum qilmoqda

Ukrain harbiylari mamlakat janubida ham, sharqida ham qarshi hujumlarni davom ettirmoqda, ular Xerson oblastining g‘arbiy qismida va Donetsk oblastining Shimoliy Don bo‘yidagi hududlarda sezilarli muvaffaqiyatga erishgan. Bu haqda Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish institutining (ISW) 5 sentabr kungi hisobotida keltiriladi.

Donbassdagi ukrain askari. Foto: Diego Herrera/XinHua/Global Look Press

Ukraina qurolli kuchlari asosiy e’tiborni hamon rossiyalik harbiylarning ta’minot yo‘llari va qo‘mondonlik punktlariga zarbalar berib, ularning jangovar ruhini zaiflashtirishga qaratmoqda. Mutaxassislar prognoz qilishicha, qarshi hujum sur’atlari kundan kunga keskin o‘zgarishi, RF qurolli kuchlari va ittifoqchi kuchlar esa artilleriya va aviatsiya orqali kuchli hujumlar o‘tkazib, boy berilgan pozitsiyalarni qaytarib olishi mumkin.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uchta aholi punkti ozod qilinganini ma’lum qilgandi — ularning ikkitasi mamlakat janubida va biri sharqda. ISW mutaxassislari rossiyalik harbiy muxbirlar va jurnalistlarning shu munosabat bilan bergan sharhlaridagi ohang o‘zgarganiga e’tibor qaratdi va ukrain qo‘shinlari sezilarli yutuqlarga erishmoqda, degan xulosaga keldi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining 54- mexanizatsiyalashgan brigadasi Lisichansk — Seversk yo‘nalishida ilgarilagan va Shimoliy Don bo‘yida tepaliklardagi mustahkamlangan pozitsiyalarni egallagan. Shu bilan birga, ukrain rasmiy shaxslari harbiylar Xerson oblastidagi Visokopilya posyolkasida shifoxona binosiga ukrain bayrog‘ini o‘rnatayotgani aks etgan fotosuratni tarqatishmoqda. Hozirda bu regionda Xerson-Mikolayiv front chizig‘i bo‘ylab, jumladan Ingulets daryosi bo‘yida hamda Dnepropetrovsk oblasti bilan chegara chizig‘idan janubda pozitsion janglar ketmoqda. Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya oblasti g‘arbida Rossiya qo‘shinlari joylashtirilishini to‘xtatib qo‘yish maqsadida o‘zaro tutashuv chizig‘ida lokal amaliyotlar o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina armiyasining Xerson oblastidagi qarshi hujumiga qaramay, Rossiya harbiylari Baxmutdan janub va shimoli-sharqdan quruqlik amaliyotlari o‘tkazishga, shuningdek Donetskdan shimol va janubi-sharqdan yurish qilishga urinmoqda. Britaniya razvedkasining kunlik hisobotida Rossiya asosiy kuchlarini Donbassdagi yurish uchun jamlagani, ammo qo‘shinlar haftasiga bir kilometrdan ortiq masofaga harakatlana olmayotgani aytilgan.

Harbiy ekspertlar hamon Rossiyaning Donetsk oblastini 15 sentabrga qadar to‘liq egallash imkoniyatiga shubha bilan qarashmoqda ⁠— Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabiga ko‘ra, RF prezidenti Vladimir ⁠Putin o‘z buyrug‘ida shu kunni belgilab bergan.

Ayni vaqtda Xerson oblastining deyarli butun hududi, Zaporijjya oblasti janubiy qismi, Mikolayiv va Xarkiv oblastlarining ma’lum bir hududi Rossiya qo‘shinlari nazoratida qolmoqda. Sharqda keng ko‘lamli yurish qilgan Rossiya armiyasi Azov dengizi sohilidan Qrimgacha bo‘lgan 100 kilometr masofadagi quruqlik yo‘lagi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatga. Rossiya Donetsk oblasti hududining yarmidan ko‘p qismi va Luhansk oblastining deyarli butun hududini nazoratiga olgan.

Ukrainlarning qarshi hujumlari mamlakat janubida rossiyaliklarning holatini qiyinlashtirmoqda

ISW 6 sentabr kuni ham o‘z hisobotini e’lon qildi, uning asosiy punktlari quyidagicha:

  • Ukrainlarning qarshi hujumi Ukraina janubida bosib olingan hududlarda Rossiyaning logistik va ma’muriy imkoniyatlarini sezilarli darajada yomonlashtiradi.
  • Rossiya kuchlari Severskdan sharqda, Baxmutdan shimoli-sharq va janubda, shuningdek, Donetskning shimoliy-g‘arbiy chekkalarida quruqlik amaliyotlari o‘tkazmoqda.
  • Ukraina kuchlari Rossiyaning Xarkiv janubi-sharqidagi Kupyansk va Semenovkada rossiyaliklarning kommunikatsiya va logistik tugunlariga zarbalar berishda davom etmoqda. Rossiya qo‘shinlari ham Xarkiv va uning atrofini o‘qqa tutmoqda.
  • Geolokatsiya kadrlari va Ukraina Bosh shtabining hisobotlari Kostromo va Bezimennoyeda ukrain kuchlarining oldinga harakatlanishidan darak berishi mumkin.
  • Ukraina maxsus topshiriqli kuchlari Rossiya FXXning Energodar hududidagi bazasiga qarshi cheklangan amaliyotlar o‘tkazdi.
  • Rossiya kuchlari Izyum-Slovyansk liniyasi bo‘ylab oldinga harakatlanayotgani tasdiqlanmadi, muntazam o‘t ochish davom ettirilmoqda. Ukrain qo‘shinlari Slovyanskdan shimoli-sharqda kichik muvaffaqiyatlarga erishgan.
  • Kreml Ukrainadagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish uchun hududlardagi ko‘ngillilar batalonlaridan foydalanish uchun yana bir qadam tashladi; Rossiya hukumati, katta ehtimol bilan Ukrainaning bosib olingan hududlari aholisini kuch bilan safarbar qilmoqchi.
  • Zaporijjya AES radiatsiya va yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilishi xavfi bilan ishlashda davom etmoqda. Tomonlar bir-birini stansiyani o‘qqa tutishda ayblamoqda.
  • Zaporijjya oblastida Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyat rahbari Yevgeniy Balitskiy 5 sentabrdan oblastning istilo ostidagi qismida 1,25 rublga 1 grivna darajasida valuta almashuv kursi o‘rnatilganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid