09:39 / 08.09.2022
28139

Ukraina tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyo davlatlariga: “Rossiya sizlarni zaiflashtirmasin”

“Bugun kim Kremlning tajovuzkor siyosatiga qandaydir “sabab” topayotgan bo‘lsa, Rossiyani o‘z uyiga taklif qilgan bo‘ladi”, dedi Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba Markaziy Osiyo jurnalistlari uchun o‘tkazgan matbuot anjumanida. Uning ta’kidicha, mintaqa davlatlari o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish uchun “avvalo Rossiyadan qo‘rquvni bir chetga surib qo‘yishi kerak”.

7 sentabr kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Markaziy Osiyo davlatlari jurnalistlari bilan videoaloqa orqali matbuot anjumani o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekistondan Kun.uz, Gazeta.uz, ​​Repost.uz va Yep.uz nashrlari vakillari ishtirok etdi.

Dmitriy Kuleba Ukraina Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga doimo tayyorligini ta’kidladi.

“Bundan oldin men faqat Qozog‘istonda, shaxsiy tashrif bilan bo‘lganman. Men doim O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikistonga borishni, madaniyatingizdan, oshxonangizdan bahramand bo‘lishni, aloqalarga yangi ijobiy dinamika berishga harakat qilishni orzu qilardim. Ammo keyin urush boshlandi”, – deydi u.

“Urushdan keyin biz bularning barchasini amalga oshirishga, aloqalarni avvalgi darajaga qaytarishga, odamlar o‘rtasidagi aloqani, talabalar almashinuvini, infratuzilma loyihalarini va savdo-sotiqni tiklay olishimizga chin dildan umid qilaman. Ya’ni normal davlatlar tinchlik davrida bir-biriga yordam berish, o‘zaro hurmat va milliy manfaatlar tamoyillari asosida birgalikda rivojlanish uchun qiladigan barcha ishni qiladi”, – dedi Dmitriy Kuleba.

“Milliy manfaatlaringizni himoya qilish uchun birinchi navbatda Rossiyadan qo‘rquvni chetga surib qo‘yish kerak”, dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri matbuot anjumani davomida.

Quyida Dmitriy Kulebadan iqtiboslar keltirib o‘tamiz:

“Ukrainaga hujum qilib, Rossiya og‘ir jinoyatga qo‘l urdi. Bu urushda rus qurollaridan halok bo‘lgan 382 nafar bolaning o‘ldirilishini hech narsa oqlay olmaydi; o‘ylaymanki, sizlar ham shu fikrga qo‘shilasiz. 24-fevraldan beri qanchadan qancha bolamizdan ayrilib qoldik. Bunga qo‘shimcha Rossiya 1000 nafar ukrainalik yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni o‘z hududiga olib ketib qoldi. Ular rus oilalari orasida majburiy ravishda taqsimlanadi”.

“Ukraina huquq-tartibot idoralari allaqachon bosqin paytida rus askarlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 32 mingdan ortiq holatini qayd etgan. Va bu raqamlar, afsuski, o‘sishda davom etmoqda”.

“Yashirmayman, hozir Ukraina uchun juda qiyin. Ammo asosiysi shundaki, biz birinchi va eng dahshatli zarbaga dosh berdik, bu zarbadan barcha hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukraina halok bo‘lishi kerak edi. Ammo Ukraina qulamadi.

Nega? Chunki butun ukrain xalqi rus bosqinchilariga qarshi kurashga ko‘tarildi. Tarixda hech kim xalqqa qarshi urushda g‘alaba qozonmagan. Ukrainaliklar rus tanklaridan qochish o‘rniga, harbiy xizmat uchun harbiy komissiya punktlarida navbatga turdilar. Keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon armiyamiz besh barobardan ko‘proq o‘sdi.

Biz allaqachon mamlakat shimolidan bosqinchilarni quvib chiqarishga muvaffaq bo‘ldik. Ularni o‘z yurtimizdan boshqa yo‘nalishlarda, birinchi navbatda janub va sharqda quvib chiqarishda davom etyapmiz. Bu oson bo‘lmayotganini hamma ko‘rib turibdi. Har bir qadam katta qiyinchilik bilan beriladi, lekin biz bu yo‘ldan o‘tamiz”.

“Shuni ta’kidlashni istardimki, Ukraina hech qachon urushni xohlamagan. Biz Rossiya televideniyesida nima desa ham, hech kimga hujum qilishni rejalashtirmaganmiz. Nega biz kimgadir hujum qilishimiz kerak? Bizga begona yer yoki chet el resurslari kerak emas. Bizda hamma narsa bor. Va biz hech qachon va yana hech qachon o‘z yerlarimizni bosqinchilarga bermaymiz va Rossiya armiyasi Ukraina tuprog‘ida sodir etgan qotilliklarni, zo‘ravonliklarni, talon-torojlarni, qiynoqlarni va boshqa dahshatli jinoyatlarni hech qachon kechirmaymiz”.

“Men sizni rus manbalaridan olingan ma’lumotlarga tanqidiy munosabatda bo‘lishga chaqiraman. Bugungi kunda Rossiya jinoyatlar uchun javobgarlikdan xalos bo‘lish maqsadida o‘z operatsiyalarini yashirish uchun propagandadan foydalanyapti. Ammo bugun kim Kremlning tajovuzkor siyosatiga ko‘z yumgan yoki bunga qandaydir “sabab” topayotgan bo‘lsa, Rossiyani o‘z uyiga “taklif” qilgan bo‘ladi. Ishonchim komilki, barcha sinovlarga qaramay, Ukraina bardosh beradi va g‘alaba qozonadi”.

“Nega prezident Putin Markaziy Osiyoga kelib qo‘l berib ko‘rishmoqda? Chunki, shubhasiz, sizning rahbarlaringiz, hukumatingiz Rossiya do‘st emasligini – tahdid ekanini va u bilan imkon qadar ehtiyotkor bo‘lish kerakligini tushunadi”.

“Men u yoki bu davlatga Rossiya bilan munosabatlarni qanday yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga ma’nan haqqim yo‘q. Ammo men mutlaqo xotirjamlik bilan, to‘liq ma’naviy haq bilan aytishim mumkinki, milliy manfaatlaringizni himoya qilish uchun birinchi navbatda Rossiya qo‘rquvini bir chetga surib qo‘yish kerak. Biz bu yo‘ldan o‘tdik. Bu juda og‘riqli. Lekin buni hammamiz tushunishimiz kerak”.

“Umid qilamanki, siz ham buni tushunasiz, Rossiyada sizning davlatingizni yo‘q qilish uchun birinchi imkoniyat paydo bo‘lishi bilanoq, u bizning davlatimizni yo‘q qilishga uringanidek, bundan foydalanadi. Ular sizni sun’iy davlatlar deb biladi. Putin Ukraina haqida nima deyayotgan bo‘lsa, ertaga bu gapini Qozog‘iston haqida gapira boshlashi mumkin”.

“Yurtlaringiz ming yillik madaniyatga ega. Moskva hali o‘tib bo‘lmaydigan o‘rmon bo‘lgan paytda, ilm-fan, falsafa markazlari bo‘lgan. Ammo Moskva uchun buning ahamiyati yo‘q. Shunday ekan, Rossiya sizni zaiflashtirmasin, Rossiya sizdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymang”.

“Biz Rossiya Federatsiyasining davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari orqali sanksiyalarni chetlab o‘tish mexanizmlarini o‘rnatishga bo‘lgan barcha urinishlarini yaxshi bilamiz”.

“Jinoyatlari uchun Rossiyaga joriy qilingan sanksiyalar bosimi yanada kuchayadi. Hozir biz nafaqat yangi sanksiyalarning qo‘llanishiga, balki sanksiyalarni chetlab o‘tish ustidan nazoratni kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Qarang: hatto nufuzli Xitoy kompaniyalari ham Rossiya bilan ishlamayapti, chunki ular sanksiyalar ostida qolishlari va ko‘proq yo‘qotishlari mumkinligini tushunishadi.

Bu borada siz juda ehtiyot bo‘lishingiz va qanday foyda keltirishidan qat’i nazar, Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berish bunday harakatlarga javoban ko‘riladigan choralardan keladigan yo‘qotishlar ancha yuqori bo‘lishini tushunishingiz kerak. Men hozir Markaziy Osiyodagi hech qaysi davlat Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beryapti, deb aytmayapman... Faqat sizdan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymang”.

Top