Jahon | 10:37 / 14.09.2022
8043
6 daqiqa o‘qiladi

Borrel YeI davlatlarini Ukrainaga harbiy yordamni ikki baravar oshirishga chaqirdi

Yevroittifoq sanksiyalari urushda Rossiyaga qarshi ishlamoqda, YeI davlatlari esa Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyor, dedi Jozep Borrel Yevropa parlamentida so‘zlagan nutqida.

Foto: Getty Images

Yevropa ittifoqi davlatlari Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishga tayyor, biroq ular Kiyevga zarur yordamni tezda yetkazish uchun bosim o‘tkazishga to‘g‘ri kelyapti, dedi Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. 13 sentabr, seshanba kuni u Strasburgda Yevroparlament deputatlarining Ukrainadagi urush va Yevropa ittifoqining ukrainaliklarga yordami haqidagi savollariga javob berdi.  

«Hozir ukrainaliklarning muvaffaqiyatli qarshi hujumi vaziyatidan unumli foydalanish juda muhim, ular hatto biz kutganimizdan ham ko‘proq muvaffaqiyatga erishdi, demak, biz boshidan tanlagan strategiyamiz to‘g‘ri. Endi biz ikkilanmasdan, sa’y-harakatlarimizni ikki baravar oshirishimiz kerak, - dedi Borrel. - Putin zaif demokratiyalar qishda gaz, sovuq va yuqori narxlar tufayli Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi, deb taxmin qilmoqda. Biz Ukrainaga yordam berishda davom etishimiz kerak, chunki buni ko‘rib turibmiz, bu samarali bo‘ladi».

U Yevropa ittifoqi mamlakatlari fuqarolariga murojaat qilib, bu yordamni susaytirmaslikka chaqirdi. Zal olqishlar bilan javob berdi.

«Putin urush boshlaganida, olti oydan keyin Rossiya armiyasi mudofaaga o‘tadi va chekinadi deb kim o‘ylagan edi? Bu, birinchi navbatda, ukrainaliklarning qo‘rqmasligi va sadoqati, ikkinchidan, bizning yordamimiz tufayli mumkin bo‘ldi», - dedi Borrel.

Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni tezlashtirish uchun Yevropa ittifoqi davlatlari aylanma yetkazib berish doirasida Ukrainaga va’da qilingan qurollar uchun bir-birlariga tovon to‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni yaxshiroq muvofiqlashtirishi kerak. Ukrainaga qurol yetkazib berishdagi kechikishlar, asosan, Yevropa ittifoqi davlatlari hukumatlari o‘zaro kelisha olmagani bilan bog‘liq, deydi Yevropa ittifoqining xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili. Unga ko‘ra, endi bu jarayonlarni tezlashtiradigan yangi mexanizm kuchga kiradi.

Tarixda birinchi marta Yevropa ittifoqi urishayotgan davlatga yordam berish uchun o‘z resurslarini safarbar qildi, dedi Borrel. Bu yordam uchun budjet birinchi marta Yevropa ittifoqi hukumatlararo jamg‘armasidan ajratildi. «Biz Ukrainani tinimsiz qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz va unga nafaqat o‘z hududini to‘liq ozod qilish, balki Rossiya Ukrainaning vayron bo‘lishi uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olguncha kurashni davom ettirishni o‘z ichiga olgan maqsadlariga erishishda yordam beramiz», dedi YeI bosh diplomati.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqidagi savolga javoban, u to‘liq effekt bergunga qadar ularni bekor qilmaslikka chaqirdi. «Bu urushda Rossiyaga qarshi sanksiyalar allaqachon ishlamoqda. Ukraina ko‘chalarida vayron bo‘lgan rus tankining ichki qismini ko‘ring va u yerda qancha G‘arb elektronika brendlari borligini ko‘rasiz. Rossiya texnologiya bozorining 45 foizi Yevropaga bog‘liq. Biz bu ta’minotni to‘xtatdik, - deb tushuntirdi Yevropa ittifoqi diplomatiyasi rahbari. - Rossiya samolyotlarining uchdan ikki qismi endi uchmaydi, chunki ular G‘arbda ishlab chiqarilgan va YeI embargosi   bo‘lgan ehtiyot qismlarni olmayapti. Bu Rossiyaning urushda katta moddiy yo‘qotishlarni qoplash qobiliyatiga ta’sir qiladi».

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilning dastlabki 8 oyida Rossiyaning neft va gazdan daromadlari 2021 yilning shu davriga nisbatan 18 foizga kamaygan, chunki YeI davlatlari Rossiyadan urushgacha bo‘lganidan besh baravar kam energiya tashuvchilar xarid qila boshladi. «Rossiyadan Yevropa ittifoqiga yetkazib berish hajmi shunchalik pasayib ketdiki, hatto gaz narxining oshishi ham yo‘qotishlarni qoplamaydi», - deydi Borrel. «Biz Rossiya gazi iste’molini kamaytirishda davom etamiz va bu mamlakatdan to‘liq energetika mustaqilligi uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiramiz», — qo‘shimcha qildi u.

2022 yilda Yevropa ittifoqi Ukrainaga makroiqtisodiy yordam sifatida qo‘shimcha 9 milliard yevro ajratdi, shu vaqtgacha mamlakat bundan atigi 1 milliardini olgan. Bunga parallel ravishda Kiyev Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan yangi, ancha kattaroq makroiqtisodiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, dedi Borrel. 

Yevropa ittifoqi, shuningdek, Qora dengizda Ukraina oziq-ovqatlarining Rossiya tomonidan qamal qilinishi oqibatlarini yumshatish uchun Afrika mamlakatlariga 600 million yevro ajratdi. Borrelning o‘zi tan olganidek, mablag‘ ushbu «dramatik vaziyat»dan aziyat chekayotgan barcha odamlarga yordam berish uchun yetarli emas. 

Turkiya vositachiligida Rossiya bilan tuzilgan «don shartnomasi» oziq-ovqat kemalariga o‘z maqsadiga erishish imkonini bersa-da, «ko‘pchilik uchun bu mahsulotlar juda kech yetib boradi», dedi Yevropa ittifoqi diplomati. «Bu blokada ko‘p odamlarning hayotiga zomin bo‘ladi», dedi u. 

Mavzuga oid