09:46 / 19.09.2022
14238

Turkiyaning ShHTga a’zo bo‘lish rejalari Germaniya tomonidan tanqid qilindi

Bundestagdagi «yashillar» fraksiyasining tashqi siyosat bo‘yicha spikeri Yurgen Trittinga ko‘ra, «NATO a’zosi Turkiya Rossiyaning Yevropa sanksiyalarini chetlab o‘tishi uchun Xitoydan ko‘ra ko‘proq harakat qilmoqda».

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 17 sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti yakunida Turkiya ShHTga to‘laqonli a’zo bo‘lish niyatda ekani haqidagi bayonoti oqibatlarsiz qolmasligi kerak, dedi bundestagdagi «Ittifoq 90/«yashillar» partiyasining tashqi ishlar bo‘yicha spikeri Yurgen Trittin. «Ma’lum bir davlatni NATOdan chiqarib yuborishning iloji yo‘qligi sababli, iqtisodiy xarakterdagi majburlov choralari haqida o‘ylash kerak», dedi nemis siyosatchisi 19 sentabr, dushanba kuni chop etilgan WELT gazetasiga bergan intervyusida. 

«NATO va Yevropa ittifoqi Erdo‘g‘anga yana qancha vaqt bunday bayonotlar bilan chiqishiga imkon berishi borasida o‘ziga savol bilan yuzlanishi kerak», dedi u. 

Shu bilan birga, Anqaraning ShHT doirasida Rossiya va Xitoy bilan chuqur hamkorlik qilish rejalarini Trittin qabul qilib bo‘lmaydigan nuqtalar sifatida ko‘rmoqda. Uning fikricha, «Turkiya NATOning Liviyaga qurol embargosiga rioya etilishini nazorat qilishiga to‘sqinlik qilayotgani», shuningdek, «Gretsiya iqtisodiy zonasida neft quduqlari burg‘ilanishi» faktlari ham bor. 

«NATO a’zosi Turkiya Rossiyaning Yevropa sanksiyalarini chetlab o‘tishi uchun Xitoyga qaraganda ko‘proq harakat qilmoqda. Erdo‘g‘an Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish jarayonini sekinlashtirmoqda. Endi esa Eron bilan birgalikda ShHTga a’zo bo‘lmoqchi, Eron 2022 yil 15 sentabrda ShHTga a’zo bo‘lish to‘g‘risida memorandum imzoladi», dedi «yashillar» siyosatchisi. Uning fikricha, bularning barchasiga «Turkiyaga nisbatan kuchli siyosat» javob bo‘lishi kerak. 

«Yashillar» va SvDP bilan bir qatorda Germaniyadagi hukmron koalitsiyaning bir qismi bo‘lgan Germaniya Sotsial-demokratik partiyasining (GSDP) tashqi siyosat bo‘yicha vakili Nils Shmid ham Erdo‘g‘anning Turkiyani ShHTga a’zo qilish niyatini tanqid ostiga oldi: «Tashqi siyosat nuqtayi nazaridan, bu G‘arb va uning qadriyatlaridan uzoqlashishning ramziy qadami bo‘ladi - Turkiya kelajagi uchun jiddiy siyosiy xato».

Ayni paytda Turkiya ShHT bilan «muloqot bo‘yicha hamkor» maqomiga ega. Ushbu tashkilotga Rossiya va Xitoydan tashqari Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Eron kiradi. 

Top