Jahon | 09:23 / 01.10.2022
9923
4 daqiqa o‘qiladi

Boltiqbo‘yi davlatlari Ukrainaning NATOga kirishini tezlashtirishga chaqirdi

Boltiqbo‘yi mamlakatlari Ukrainaning NATOga tezroq kirishi tarafdori ekanini ma’lum qildi. AQSh va Kanada - ochiq eshiklar siyosati tarafdori, biroq Ukrainaning alyansga tezda kirishiga qarshi. Germaniya vazminlik bilan reaksiya bildirdi.

Foto: Ieva Lūka/LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 30 sentabr, juma kuni Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lish uchun ariza berganini e’lon qilganidan so‘ng, Litva, Estoniya va Latviya mamlakatning NATOga muddatidan oldin qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi.

«Ukrainaning Boltiqbo‘yi do‘stlari uning NATOga erta qabul qilinishini to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Ukrainaning ilhomlantiruvchi jasorati faqat ittifoqimizni mustahkamlashi mumkin», - deb yozishdi Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis, Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu va ularning latviyalik hamkasbi Edgar Rinkevich o‘zlarining Twitter sahifalarida.

Kanada va Qo‘shma Shtatlar ham Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini yoqlab chiqdi, ammo nisbatan ehtiyotkorroq bo‘ldi. Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan bo‘lib o‘tgan muzokaradan so‘ng Vashingtonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida: «Biz NATOning ochiq eshiklar siyosatiga ishonamiz va doim Ukrainani alyansga qabul qilish tarafdori bo‘lib kelganmiz», dedi.

AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari, o‘z navbatida, Vashington «NATOga a’zo bo‘lishga intilayotgan va alyans imkoniyatlarini kengaytirishga qodir bo‘lgan mamlakatlarning kirishini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini» ta’kidladi. Biroq, u Kiyev tezlashtirilgan protseduraga umid qilmasligi kerakligini aytdi. «Buning uchun ma’lum bir jarayon bor va davlatlar unga amal qilishda davom etadi», dedi u.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan bu borada yanada aniqroq gapirdi. «Biz Ukrainaga yordam berishning eng yaxshi yo‘li - uni joyida amaliy qo‘llab-quvvatlash, deb hisoblaymiz. Bryusseldagi tartib boshqa vaqtda ko‘rib chiqilishi kerak», - dedi u. Shu bilan birga, Sallivan NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha qaror nomzodning o‘zi va alyansga a’zo davlatlar tomonidan qabul qilinishini ta’kidladi.

Ukrainaning yaqin kelajakda NATOga a’zo bo‘lish istagi tushunarli va Germaniya Kiyevni o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ARD telekanaliga bergan intervyusida. Biroq, uning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi birinchi kunidanoq, Kiyevga G‘arb davlatlari «o‘z hududida urush tarqalishi» va NATOning urushga aralashishini oldini olish niyatida ekanini tushuntirgan. Berbokning so‘zlariga ko‘ra, u hozir ham xuddi shunday pozitsiyaga amal qilmoqda.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham Ukrainaning alyansga qo‘shilish ehtimoli haqida fikr bildirdi. Bu boradagi qaror Shimoliy Atlantika alyansi barcha a’zolarining konsensusini talab qiladi, dedi u. Biroq alyansning Ukraina mudofaasiga sodiqligi o‘zgarishsiz qolmoqda, deya ishontirdi Stoltenberg.

30 sentabr kuni Volodimir Zelenskiy Ukraina tezlashtirilgan tarzda NATO a’zoligi uchun ariza berishini ma’lum qildi. «De-fakto, biz allaqachon NATOga yo‘lni bosib o‘tdik. De-fakto, biz allaqachon Shimoliy Atlantika alyansi standartlariga muvofiqlikni isbotladik. Ular Ukraina uchun real narsalar - jang maydonida va o‘zaro munosabatlarimizning barcha jabhalarida realdir. Biz bir-birimizga ishonamiz, yordam beryapmiz va himoya qilyapmiz. Bu - Shimoliy Atlantika alyansi», — deyiladi Ukraina prezidentining rasmiy Telegram-kanalida e’lon qilingan hujjatda.

Ukraina «buni de-yure qilish uchun» ariza bilan chiqmoqda. Butun hamjamiyatni himoya qilish uchun ahamiyatga mos keladigan tartibda. Tezlashtirilgan asosda. Ukrainaning tezlashtirilgan asosda NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini imzolash orqali aniq qadam tashlamoqdamiz, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Mavzuga oid