«Ozodlik radiosi»ning Tojikistondagi xizmati Belgorod oblastidagi poligonda ommaviy qotillik sodir etgani aytilayotgan shaxslardan birining oilasini topishga muvaffaq bo‘ldi. Gap 24 yoshli Ehson Aminzoda (Ehsoni Tojiddin) haqida ketmoqda. Rasmiy ravishda Rossiya hukumati uni ayblanuvchi sifatida e’lon qilmagan. Ammo bir necha kun oldin tarmoqda oddiy askar Ehson Aminzonda nomiga yozilgan guvohnoma Belgorod oblastida halok bo‘lganlar surati bilan birga e’lon qilindi. Shu bilan birga Ehson o‘t ochganlar yoki qurbonlar orasida ekaniga aniqlik kiritilmagan.
Aminzodaning yaqinlari u Ukrainadagi urushda qatnashmoqchi bo‘lmagani va diniy radikal emasligini aytgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaga yetti oy avval borgan va Moskvadagi restoranlardan birida patent asosida ishlagan. Aminzodaning do‘stlaridan biri anonim ravishda, do‘stining urushda qatnashish niyati bo‘lmagani, pul topib, vataniga qaytib, uylanish niyatida bo‘lganini aytgan.
«U radikal kayfiyatdagi odam emasdi, boshqa yoshlardan farq qilmasdi. Agar u radikal bo‘lganida, hech qachon restoranda ishlamagan bo‘lardi», — deydi manba.
Yaqinlarining aytishicha, Aminzoda bilan aloqa 10 oktyabr kuni, poligondagi otishma yuz berishidan besh kun oldin uzilib qolgan. Uning ukasi Firuz Aminzodaning aytishicha, 10 oktyabr kuni kechqurun Ehson unga qo‘ng‘iroq qilib, do‘stlari bilan uchrashmoqchi ekanini aytgan (do‘stlaridan birining so‘zlariga ko‘ra esa, Ehson «Lyublino» metro bekati yonida tanish yigit bilan uchrashgan»). Shundan so‘ng uning telefoni o‘chirilgan.
«U qanday qilib Belgorodga borib qolganini bilmaymiz», — deydi Firuz Aminzoda. Uning aytishicha, uni harbiy prokuraturaga chaqirishgan.
Ehsonning otasi Tojiddin Aminzoda «Ozodlik» radiosiga o‘g‘lining o‘limini tasdiqlagan, biroq u haqida gapirishdan bosh tortgan.
Aminzoda qanday qilib Rossiya armiyasi tarkibiga kirib qolgani noma’lum. Oktyabr oyi o‘rtalarida Moskva metrosi yaqinida safarbarlikka mos odamlarni topish bo‘yicha reydlar o‘tkazilgandi. Ammo Aminzodaning yaqinlari aytishicha, u Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan. Demak, rasmiy ravishda harbiy komissarlar uni armiyaga olib ketish huquqiga ega bo‘lmagan.
Safarbarlik ko‘plab qonunbuzarliklar bilan davom etmoqda, biroq nashrlar hali Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar armiyaga majburan jo‘natilgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emas. Lekin, xorijliklar ixtiyoriy ravishda urushga borishi mumkin. «Ehson Aminzoda» ismi yozilgan guvohnomani tarmoqqa joylagan ukrainalik, lekin Kreml uchun ishlovchi bloger Anatoliy Shariyning postidan ma’lum bo‘lishicha, Belgorod oblastidagi poligonda o‘t ochgan askarlar ko‘ngillilar bo‘lgan.


















