23:46 / 29.11.2022
15617

AQSh Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritmaydi 

Bu bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblamoqda AQSh ma’muriyati. 

Foto: TASS/Zuma

AQSh rasmiylari Rossiyaning terrorizm homiysi deb e’lon qilinishi bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi, deb hisoblaydi. Xususan, bu g‘alla bitimini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishi mumkin. 

«Yevropadagi ko‘plab mamlakatlardan farqli o‘laroq, bizda terrorizm homiylari bo‘yicha juda aniq ichki qonunchiligimiz bor. Fikrimizcha, ushbu qonunchilikdan foydalanish Ukrainaning bosib olingan qismlariga insonparvarlik yordami ko‘rsatish, shuningdek, Ukraina va AQSh manfaatlariga mos keladigan boshqa harakatlarga, masalan, g‘alla kelishuviga ko‘maklashish imkoniyatini cheklaydi», dedi mamlakatning YeXHTdagi doimiy vakili Maykl Karpenter. 

21 noyabr kuni NATO Parlament assambleyasi rezolyutsiya qabul qilib, unda alyansga a’zo davlatlarni Rossiyani «terrorchi rejim»ga ega davlat sifatida tan olishga chaqirgan edi. 

23 noyabr kuni Yevroparlament Rossiya Federatsiyasi tomonidan xalqaro huquq normalari buzilgani munosabati bilan Rossiyani terrorizmning homiysi deb e’lon qildi. Rezolyutsiyada Rossiya armiyasi Ukrainadagi tinch aholi obektlariga zarba berayotgani ta’kidlangan. 

Top