O‘zbekiston | 19:49 / 30.11.2022
14448
6 daqiqa o‘qiladi

Mahallabay agentligida yangi o‘yinlar. Tenderlarni 1–4 kunlik MChJlar yutmoqda

Mahallabay ishlash agentligining Toshkent shahar boshqarmasi tikuv mashinalari xarid qilish uchun o‘tkazgan 4 ta tenderda ochilganiga bir necha kun bo‘lgan MChJlar g‘olib bo‘lgan. Korrupsiyaviy sxema ekaniga shubha uyg‘otadigan 4 ta tenderdagi davlat xarajatining umumiy qiymati 3,4 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Foto: Mahallabay ishlash agentligi

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Toshkent shahar boshqarmasi ochilganiga 1, 2, 3 va 4 kun bo‘lgan firmalarni, ya’ni tender bo‘lib o‘tayotgan vaqtda ochilgan yangi korxonalarni tenderlar g‘olibi deb topgan.

Boshqarma subsidiya asosida ishsiz aholiga tarqatish uchun mo‘ljallangan yuzlab tikuv mashinalarini sotib olish uchun o‘tkazgan tenderlarda boshlang‘ich narxni 6 mln so‘m deb belgilagan, eng yaxshi taklifni tanlab olish tartibidagi to‘rtta tenderdan uchtasida boshlang‘ich narx yakuniy narx bo‘lib qolgan.

1-holat. 888 mln so‘m

16 noyabrdan 25 noyabrgacha tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan 888 mln so‘mlik tenderda tender tugashiga 4 kun qolganda ochilgan «SOLD IT 1111» MChJ g‘olib deb topilgan. 148 ta tikuv mashinasining har biri 5,9 mln so‘mdan sotib olingan (boshlang‘ich narx 6 mln so‘m bo‘lgan).

Davlat reyestriga ko‘ra, mazkur MChJ 21 noyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, uning 100 foiz ulushiga Otajonov Laziz Abduazizovich egalik qiladi.

2-holat. 726 mln so‘m

16 noyabrdan 23 noyabrgacha tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan 726 mln so‘mlik tenderda tender tugashiga 1 kun qolganda ochilgan «INTEND 045» MChJ g‘olib deb topilgan. 121 ta tikuv mashinasining har biri roppa-rosa 6 mln so‘mdan sotib olingan, boshlang‘ich narx ham xuddi shuncha bo‘lgan.

Davlat reyestriga ko‘ra, mazkur MChJ 22 noyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, uning 100 foiz ulushiga Azimjonov Abdullo Nozimjon o‘g‘li egalik qiladi.

3-holat. 900 mln so‘m

16 noyabrdan 23 noyabrgacha tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan 900 mln so‘mlik tenderda tender tugashiga 2 kun qolganda ochilgan «BRAND MIX 777» MChJ g‘olib deb topilgan. 150 ta tikuv mashinasining har biri roppa-rosa 6 mln so‘mdan sotib olingan, boshlang‘ich narx ham xuddi shuncha bo‘lgan.

Davlat reyestriga ko‘ra, mazkur MChJ 21 noyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, uning 100 foiz ulushiga Xolmatova Xurshida Ahmedovna egalik qiladi.

4-holat. 908 mln so‘m

12 noyabrdan 21 noyabrgacha tikuv mashinasi xarid qilish uchun o‘tkazilgan 908 mln so‘mlik tenderda esa tender tugashiga 3 kun qolganda ochilgan «Business Communication Trade» MChJ g‘olib deb topilgan. 98 ta tikuv mashinasining har biri roppa-rosa 6 mln so‘mdan sotib olingan, boshlang‘ich narx ham xuddi shuncha bo‘lgan.

Davlat reyestriga ko‘ra, mazkur MChJ 18 noyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, uning 100 foiz ulushiga Otajonova Shahloxon Abduaziz qizi egalik qiladi.

Ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, MChJlarning barchasi Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida joylashganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, mazkur MChJlar o‘zaro yaqin qarindoshlarga tegishli bo‘lishi va aynan ushbu tenderlarni yutib olish uchun ochilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Xususan, 888 mln so‘mlik tender g‘olibi bo‘lgan «SOLD IT 1111» MChJ ta’sischisi Otajonov Laziz Abduazizovich va 908 mln so‘mlik tender g‘olibi bo‘lgan «Business Communication Trade» MChJ ta’sischisi Otajonova Shahloxon Abduaziz qizi o‘zaro yaqin qarindosh bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, ushbu MChJlarning tenderlar tugashiga bir necha kun, hatto 1 kun qolganda ochilib, g‘olib bo‘lishi shubhalarni yanada kuchaytiradi.

Avvalroq shunga o‘xshash holat Qashqadaryo viloyatida kuzatilgandi. Unda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan etender.uzex.uz maxsus elektron portali orqali Yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish to‘g‘risidagi 3 noyabrda yakunlanadigan 12 ta lotni 1 noyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tgan «NXS CTROY BAD METALL» yutib olgan.

Shundan so‘ng ushbu holat bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2022 yil 10 noyabrda ish qo‘zg‘atilib, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi va «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilgan deb topilgan va tanlov savdolarining qarorlarini bekor qilish hamda qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tanlov o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “Onlayn mahalla” saytini yaratish uchun 8,4 mlrd so‘mga shartnoma tuzgani, hukumatning yopiq qarori bilan ushbu saytni yaratish tendersiz “Realsoft” MChJga berib yuborilgani atrofidagi ko‘plab savollar hamon ochiq qolmoqda.

Mavzuga oid