Jahon | 09:18 / 05.12.2022
8356
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Ukrainadagi urush sur’atining pasayishi bir necha oy davom etadi

Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi jangovar harakatlar faolligining pasayishi yana bir necha oy davom etishini taxmin qilmoqda. Bu haqda AQSh Milliy razvedka direktori Evril Xeyns brifingda ma’lumot berdi. 

Foto: Getty Images

Shu bilan birga, Amerika razvedkasi mamlakatni himoya qilayotgan ukrainaliklarning irodasini sindirish mumkinligi haqida hech qanday alomat ko‘rmayapti, deb ta’kidlab o‘tdi rasmiy. 

Ayni paytda, Rossiya Ukrainadagi rus qo‘shinlari ishlatayotgan o‘q-dorilar o‘rnini bosadigan o‘q-dorilarni o‘zi ishlab chiqarishga qodir emas, deydi Xeyns.

Bundan oldin AQSh va NATO bo‘yicha ittifoqchilar NASAMS «yer-havo» sinfidagi raketa tizimlarini Ukrainaga ko‘chirish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi qator davlatlar bilan muzokaralar olib borayotgani xabar qilingandi. Bu haqda Politico nashriga Raytheon Co. ishlab chiqarish kompaniyasi rahbari Greg Xeys ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazifa uch-olti oy ichida Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlarini jo‘natish, so‘ngra keyingi 24 oy ichida AQSh buning evaziga Yaqin Sharqqa yangi NASAMS tizimlarini yuborishidan iborat. 

Avvalroq AQSh Mudofaa vazirligi Amerikaning Raytheon Technologies Co mudofaa va aerokosmik kompaniyasi bilan oltita NASAMS mobil zenit-raketa kompleksini (ZRK) keyinchalik ularni Ukrainaga topshirish uchun ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzishi xabar berilgandi. 

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, uning muxbiri tegishli hujjatni ko‘rgan. Unga ko‘ra, shartnoma summasi 1,2 milliard dollarni tashkil qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid