Jahon | 12:50 / 11.12.2022
8077
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda dunyo bo‘ylab 67 jurnalist halok bo‘ldi – Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi butun dunyo bo‘ylab o‘ldirilgan jurnalistlar sonining ko‘payishiga olib keldi.

Foto: Reuters

Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (XJF) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda dunyo bo‘ylab 67 jurnalist halok bo‘ldi, bu o‘tgan yilga nisbatan 20 nafarga ko‘p.

Qayg‘uli ro‘yxatda birinchi o‘rinni Ukrainadagi urush hududi egallab turibdi. U yerda 12 jurnalist halok bo‘lgan. 

Ikkinchi o‘rinda Meksika (11), siyosiy vaziyat tarangligicha qolayotgan Gaiti (6) uchinchi o‘rinda qayd etilgan.

Pokistondagi siyosiy inqiroz davrida 5 jurnalist o‘ldirilgan. Filippinda prezident Markos hukmronligi davrida jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik oqibatida 4 nafari hayotdan ko‘z yumgan. 

Umuman olganda, Amerika qit’asida 29, Osiyo-Tinch okeani hududida 16, Yevropada 13, Yaqin Sharq va arab dunyosida 5, Afrikada 4 jurnalist o‘limi qayd etilgan.

XJF bosh kotibi Entoni Bellanjyerning aytishicha, bu butun dunyo hukumatlarini uyg‘otuvchi qo‘ng‘iroq sifatida baholanishi kerak.

Bellanjyer jurnalistikani demokratiya ustunlaridan biri deb atadi va harakatsizlik faqat axborot tarqalishini cheklashga intilayotganlarni rag‘batlantirishi haqida ogohlantirdi.

Shuningdek, XJF 2022 yilda siyosiy repressiya qurboniga aylangan jurnalistlar sonini ham ochiqladi. Ommaviy axborot vositalarining ovozini o‘chirish va erkinlik noroziliklarini bostirish maqsadida Xitoy, Belarus, Misr, Hongkong, Eron, Myanma, Turkiya va Rossiyada jurnalistlarni ta’qib qilish kuchaygan. Hozirda kamida 375 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari panjara ortida qolmoqda. Bu so‘nggi ikki yildagi eng yomon ko‘rsatkichdir.

Xitoy va Hongkongda qamoqqa olingan jurnalistlar soni eng ko‘p – 84 nafarni tashkil qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni Myanma (64), Turkiya (51), Eron (34), Belarus (33), Misr (23), Rossiya (29), Saudiya Arabistoni (11), Yaman (10), Suriya (9) va Hindiston (7) egallab turibdi.