Jahon | 18:08 / 20.12.2022
54550
16 daqiqa o‘qiladi

Xalqlar otasi yoki qotili? Sovet ittifoqining alvon bayrog‘ini qon bilan bo‘yagan Stalin

Stalin nomini eshitmagan, bilmagan o‘zbeklar juda kam. Kimlardir uchun «xalqlar otasi», kimlardir uchun esa «xalqlar qotili» sifatida ko‘riluvchi bu kimsa nafaqat SSSR, balki butun dunyo tarixida ham eng shafqatsiz yetakchilardan biri hisoblanadi.

Foto: Wikipedia

«Buyuk dohiy»ning dohiyona qarorlari sabab yuz minglab insonlar vatanidan ayrilgan va ona yurtidan uzoqda vafot etgan, yana yuz minglab insonlar turli tuhmat va bo‘htonlar bilan o‘limga hukm qilingan. Butun bir xalqlar yo‘qlikka mahkum etilgan. Kun.uz insoniyat tarixidagi eng shafqatsiz davlat rahbarlaridan biri haqida hikoya qiladi, zero avlodlar ularning ajdodlari qanday kunlarni boshdan o‘tkazganini bilishi va xulosa chiqarishi lozim.

Alam bilan o‘sgan gruzin

Iosif Jugashvili Vissarionovich yoki Stalin 1878 yil 18 dekabr kuni Gruziyaning Gori shahrida tavallud topadi. Stalinning otasi, kelib chiqishi osetin deb aytiluvchi Vissarion Jugashvili poyabzal tikuvchi usta edi. Oila ancha kambag‘al bo‘lib, juda ko‘p ichuvchi ota mast holda kelib, o‘g‘lini ayamay do‘pposlardi. Aynan shu kaltaklar yosh Stalin ruhida shafqatsizlik va diydasi qattiqlikka sabab bo‘ladi.

Nochor oila o‘g‘ilni bepul cherkov maktabiga joylashtiradi. Diniy maktabni tugatgan Jugashvili poytaxt Tbilisidagi diniy seminariyaga o‘qishga kiradi. Bu yerda u ilk bor jahon sotsialistik g‘oyalari asoschisi — Karl Marks kitoblari bilan tanishadi. Yosh gruzin Kavkazdagi sotsial-demokratlar harakati bo‘lmish «Maseme-dasi»ga qo‘shiladi. Sotsializm targ‘ibotchisiga aylangan Jugashvili temiryo‘lchilarning inqilobiy guruhiga rahbarlik qila boshlaydi.

Inqilobiy harakatlari sabab Stalin 1899 yil diniy seminariyadan haydaladi. Shundan so‘ng Tbilisi rasadxonasiga ishga kiradi va o‘lkadagi siyosiy jarayonlar hamda namoyishlarda faol qatnasha boshlaydi.

1903 yili Rossiya sotsial-demokratlari ikki guruhga: menshevik va bolsheviklarga bo‘linib ketgach, Jugashvili ancha jangariroq ikkinchi guruhni tanlaydi. «Pravda» va «Zvezda» gazetalarini tashkil etishda qatnashadi va «Pravda» gazetasida muharrirlik qiladi. Gazetada «Marksizm va milliy masalalar» maqolasi chop etilgach, Stalin milliy masalalar bo‘yicha mutaxassis sifatida obro‘ qozonadi. Bolsheviklar rahbari Lenin ko‘rsatmasi bilan Kavkazdagi namoyish va mitinglarda qatnashishni to‘xtatmagan Stalin yetti marta qamoq va bir necha marta surgun bilan jazolanadi.

Yosh Stalin. 1904-yil.
Foto: Live Journal

«Stalin» nomi qanday paydo bo‘lgandi? Haqiqatda temir iroda uchunmi?

Partiyaga qo‘shilgan Jugashviliga jarangdor va ruschada qulay aytiluvchi ism kerak edi. Dastlab u o‘ziga «Koba» nomini tanlaydi. Bu Gruziyadagi mashhur asar qahramoni nomi edi. Ikkinchi taxminlarga ko‘ra, bu ism Gruziyani egallab olgan va Tbilisini poytaxtga aylantirgan fors shohi Kubod II nomi bilan bog‘liq bo‘lib, Stalin ushbu sosoniylar shohiga juda qiziqqan.

Ammo keyinroq bolsheviklar safiga qo‘shilgach va siyosiy doirasi ancha kengaygach, Jugashviliga yangi ism lozim bo‘ladi. 1912 yil u Shveytsariyadagi partiya dohiysi Leninga hamohang Stalin nomini oladi. Lekin bu borada ham turli qarashlar mavjud: partiya propagandasi bu ism gruzincha po‘lat so‘zini bildiruvchi «Juga» familiyasi sabab olinganini ta’kidlab kelgan. Biroq SSSR tarqalib ketgach aniq bo‘ldiki, «Juga» hech qanday po‘lat ma’nosini bermaydi. Ba’zilar bu Jugashvilining sevgilisi Lyudmila Stal nomi bilan bog‘lanishini aytsa, ba’zi taxminlar Stalin tarjimalarini yo‘q qilishni buyurgan noshir Yevgeniy Stefan Stalinskiyga qaratiladi.

Lyudmila Stal.
Foto: Live Journal

Ammo shu narsa aniqki, Stalin nomi hech qanaqa temir iroda yoki o‘g‘lini nemis generaliga almashtirmagan po‘latdek qattiq vatanparvar insonga bog‘liq emas. Bu nom shunchaki dohiyga yoki mahbubaga qo‘yilgan «paxta» edi.

Hokimiyat tomon yo‘l

1917 yil fevral inqilobi yuz bergan paytda Stalin surgunda edi. Inqilobdan so‘ng ozodlikka chiqqan Koba Petrogradga keladi. Hokimiyatni egallagan liberal o‘rta sinf vakillarini birmuncha vaqt qo‘llab-quvvatlagan Stalin keyinroq Lenin ta’siri ostida hokimiyatni kuch bilan tortib olishga xayrixoh bo‘ladi. 1917 yil oktyabr inqilobini amalga oshirishda Stalin ham katta rol o‘ynaydi. Inqilobdan so‘ng oliy hokimiyat Lenin, Stalin va Lev Trotskiy qo‘liga o‘tadi. Lenindek kuchli notiqlikka, Trotskiydek bilimga ega bo‘lmagan Jugashvili asosan tashkilotchilik ishlari bilan shug‘ullanadi.

Fuqarolar urushi davomida harbiy harakatlarda qatnashgan Stalin bir vaqtning o‘zida millatlar masalalari bo‘yicha komissar (vazir) sifatida ham ishlaydi. 1922 yil Rossiya kommunistik partiyasi markaziy plenumida Siyosiy byuro va Markaziy qo‘mita a’zosi bo‘lmish Stalin Markaziy qo‘mita bosh kotibligiga saylanadi. Bu lavozim o‘sha paytda faqatgina partiya rahbarligini belgilardi. Xalq komissarlari soveti raisi Lenin amalda butun hokimiyat egasi, hukumat va partiya rahbari hisoblanardi. Keyinchalik Lenin vafot etganidan so‘ng Stalin davlatni boshqara boshlagach, Markaziy qo‘mita bosh kotibi SSSR rahbari lavozimiga aylandi. Markaziy qo‘mita bosh kotibligi Stalinga o‘z ittifoqdoshlarini muhim lavozimlarga tayinlash va guruhini yaratishga imkon beradi.

Lenin vafotidan so‘ng kurashda g‘olib chiqqan Stalin SSSRning yangi rahbariga aylanadi. Stalin hokimiyat yo‘lidagi asosiy raqibi Trotskiyni Nikolay Buxarin va Aleksandr Rikov bilan birgalikda yo‘ldan olib tashlaydi. Trotskiy mamlakatdan quvg‘un qilinadi va 1940 yil Meksikada Stalin buyrug‘i bilan o‘ldiriladi. Keyinroq Buxarinning boshiga Trotskiynikidan ham og‘irroq qismat tushadi: 1938 yili otib tashlanadi.

Sovet inqilobi yetakchilari. (Chapdan o‘ngga) Stalin, Lenin va Trotskiy.
Foto: Live Journal

«Xalqlar qotili»

Kolxoz va sanoatlashtirish

Lenin vafot etgach hokimiyatga kelgan Stalin 1928 yil sobiq rahbarining qarashlariga xiyonat qiladi va Lenin boshlagan Yangi iqtisodiy reja (NEP)ni bekor qiladi. Buning o‘rniga Koba SSSRda kolxoz va sanoatlashtirish inqilobini boshlaydi. Yigirma besh millionga yaqin dehqon xo‘jaliklari sovxoz va kolxozlarga birlashtiriladi. Xususiy mulk tushunchasiga o‘rin qoldirilmaydi, barcha yerlar egalaridan tortib olinadi. Badavlat va o‘rtahol mulkdorlar «quloq» deb nomlanadi. «Quloqlar»ning ko‘pchiligi o‘ldiriladi, surgun qilinadi yoki Stalin davri ramziga aylangan konsentratsion lagerlarga (GULAG) tashlanadi. U yerda ular sanoatlashtirishning tekin ishchi kuchiga aylanadi.

Kolxozlashtirish Ukrainada dahshatli ocharchilikka sabab bo‘ladi. O‘z yerini berishga qarshi bo‘lgan ukrain dehqonlari OGPU (Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi) xodimlari tomonidan o‘ldiriladi yoki surgun qilinadi. Ukraina tarixida bu davr «Golodamor» (golod-ochlik, mor-qirg‘in) deb nomlanadi.

Stalinning kolxoz va sanoatlashtirish siyosati tufayli o‘n millionga yaqin inson halok bo‘ladi. Yana yuz minglab insonlar mamlakatdan chiqib ketadi. Sovet ittifoqining to bo‘linib ketguniga qadar g‘alla importiga qaram bo‘lib qolishiga ham aynan kolxozlashtirish yillarida g‘alla yetishtiruvchi o‘rtahol dehqonlar sinfi yo‘qotilishi sabab bo‘lgandi.

«Buyuk tozalash»

Qo‘lidan buyruq berish va o‘ldirishdan boshqasi kelmaydigan diktator uchun undan aqlliroq barcha xavflidek ko‘rinar edi. «Buyuk dohiy» o‘rta sinfni bir yoqlik qilgach, endi o‘zini hokimiyatga olib kelgan kommunistik partiya a’zolariga qarshi terror kampaniyasini boshlaydi.

Stalin(markazda) va boshqa sovet rasmiylari Tojikistonda. 1935-yil.
Foto: Asia-Plus

Kampaniyaga bahona SSSRning ko‘zga ko‘ringan arboblaridan biri Sergey Kirovning 1934 yilning 1 dekabrida Leningradda o‘ldirilishi bo‘ladi. Partiya va hukumatda «tozalash» ishlari boshlanadi. Stalin vafot etganidan so‘ng uning shaxsiga sig‘inishni qoralagan ma’ruzasida Nikita Xrushchyov Kirov o‘limini yangi terrorni boshlash uchun Stalinning o‘zi uyushtirganiga ishora qiladi. «Dohiy»ning maqsadi mutlaq hokimiyatga erishish edi.

Lenin o‘limidan so‘ng partiyaning yirik yetakchilaridan bo‘lgan Grigoriy Zinovev va Lev Kamenov 1936 yil sud qilinadi hamda otib tashlanadi. Keyingi ikki yilda yana ko‘plab partiya va sovet elitasi vakillari yo‘q qilinadi. Stalin o‘sha davrdagi eng nufuzli general Tuxachevskiy ustidan ham sud uyushtiradi va uni otuvga hukm qiladi. Yana bir necha obro‘li generallar va hatto «dohiy» tayanchi bo‘lgan NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi) a’zolari ham Stalin qirg‘ini qurboniga aylanadi. Bu qirg‘inlar uchun yangi atama — «xalq dushmani» o‘ylab topiladi.

«Buyuk tozalash»ning ikkinchi qismi ittifoq tarkibidagi xalqlar ziyolilariga qaratiladi. San’at, adabiyot, siyosat va yuridik sohalardagi ko‘plab ziyolilar turli bo‘hton va tuhmatlar bilan konsentratsion lagerlarga yuboriladi yoki otib tashlanadi. Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Cho‘lpon va boshqa jadid namoyandalari ham Stalinning qatag‘on siyosati qurboniga aylanadi.

«Buyuk tozalash» Stalinni haqiqiy dohiyga aylantirdi. Mamlakatda uning qudrati va zakovatiga zarracha shubha bilan qarashga hech kim botina olmasdi. «Xalqlar qotili» propaganda orqali «xalqlar otasi»ga aylandi.

Ikkinchi jahon urushi

Ikkinchi jahon urushi ham Stalinning ommaviy qatllaridan biri edi. Ko‘pchilik g‘alabaga aynan Stalin sabab bo‘lganini ta’kidlaydi. To‘g‘ri, «xalqlar qotili» doimgidek o‘zining shafqatsizligi bilan g‘alabaga erishdi, ammo qanday qurbonlar evaziga?

(Chapdan o‘ngga) Uinston Cherchil, Franklin Delano Ruzvelt va Stalin Postdam konferensiyada
Foto: Wikipedia

Jahon urushi davomida mag‘lub Germaniya umumiy hisobda 22 million aholisidan ayriladi, g‘olib SSSR tomonida esa 27 milliondan ortiq inson halok bo‘ladi. G‘olib va mag‘lub tomondagi bunday raqamlarga Stalin uchun odam qadrining umuman yo‘qligi va sovet generallariga askarlar hayotining qiziq emasligi sabab edi.

Ikkinchi jahon urushida Stalin ham aybdorlardan edi. Aynan Stalin Hitler bilan hamkorlik qiladi va birgalikda polyak xalqini qonga botiradi. Germaniya G‘arbiy Yevropada Buyuk Britaniya va Fransiya bilan band bo‘lib turganida Finlandiyaga hujum qiladi, Litva, Latviya va Estoniyani bosib oladi.

Stalin sovet razvedkasining Germaniya SSSRga hujum qilishi haqidagi aniq ma’lumotlariga ishonmaydi va shiddatli nemis hujumidan hayratda qoladi. Oqibatda millionlab insonlar halok bo‘ladi. SSSR g‘arbidagi samolyotlar havoga ko‘tarilib ulgurmasdanoq Germaniya tomonidan yo‘q qilinadi.

Urush boshida Hitlerga o‘xshab barcha harbiy harakatlarga aralashgan Stalin, keyinroq bu ishni tajribali generallarga topshiradi. Dohiy yana o‘z kasbiga qaytadi: 1943 yil Sibirda yashovchi qalmoq xalqi Markaziy Osiyoga deportatsiya qilinadi. 1944 yil esa Stalinning buyrug‘i bilan nemislar bilan hamkorlik qilganlikda ayblanib, Qrimdagi tatar xalqi ham deportatsiyaga uchraydi. NKVD zobitlari ko‘chirish vaqtida minglab insonlarni majburiy ravishda uyidan haydab chiqaradi, bo‘ysunmaganlar esa otib tashlanadi. Har ikki deportatsiya keyinchalik genotsid deya tan olingan.

Mao Szedun va Stalin.
Foto: Regnum

Yangi «tozalash». Shifokorlar fitnasi

Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR va AQSh dunyoning eng qudratli davlatiga aylanadi. AQSh va G‘arbiy Yevropa SSSRga qarshi ittifoq tuzganida sovetlar ittifoqi ham Sharqiy Yevropadagi deyarli o‘ziga qaram davlatlar bilan yangi ittifoqqa birlashadi. Stalin butun dunyo sotsializmini nazorat qilishga intiladi.

Lekin Yugoslaviya yetakchisi Broz Tito Stalinga xiyonat qilgach, bunday harakatlar qayta takrorlanmasligi uchun «dohiy» yangi terror to‘lqinini boshlaydi. Yana ko‘plab kommunistik partiya yetakchilari, ziyolilar otuvga hukm qilinadi yoki konsentratsion lagerlarga yuboriladi. Konsentratsion lager va qamoqxonalar ma’muriyati bo‘lmish GULAG Stalin boshqaruvining ramziga aylanadi.

1953 yil yanvarda ancha yoshi o‘tib qolgan, hammaga shubha bilan qaray boshlagan Stalin yangi qatag‘on nishoni — «shifokorlar ishi»ni o‘ylab topadi. Bu ish SSSRdagi yahudiylarga ham qarshi qaratilgan bo‘lib, bir guruh shifokorlar hibsga olingandan so‘ng butun mamlakatda shifokorlarni qamoqqa olish kampaniyasi boshlanib ketadi (Stalin o‘lgach ularning barchasi qo‘yib yuborilgan).

Foto: “Buyuk dohiy” bilan vidolashuv.
Foto: Wikipedia

O‘lim va meros

Biroq yangi terrorni buyuk «dohiy»ning o‘limi to‘xtatib qo‘yadi. «Xalqlar qotili» 1953 yil 5 martda o‘z xonasida o‘lik holda topiladi. Shu tariqa, SSSRning qizil bayrog‘ini qon bilan bo‘yagan diktator hayoti yakun topadi.

Stalindan keyin SSSR boshqaruviga kelgan Nikolay Xrushchyov 1956 yil Kommunistik partiya yig‘ilishida «Stalin shaxsiga sig‘inish va uning oqibatlari» haqida ma’ruza qiladi. Unda faqatgina 1937-1938 yillarda bir yarim million odam qatag‘on qilingani va ularning 680 mingi otib tashlangani aytiladi.

Butun SSSR bo‘ylab Stalin haykallari yo‘qotila boshlanadi. Stalingrad shahri nomi Volgogradga o‘zgartiriladi. Lenin yoniga mumiyolangan holda qo‘yilgan Stalin jasadi u yerdan olib Kreml yaqinidagi qabristonga dafn qilinadi. Siyosiy byuro Lenin vasiyatlariga amal qilmagan va ularni buzgan shaxsga uning yonida joy yo‘q deya hisoblagandi.

Iosif Jugashvili Vissarionovich yoxud Stalin insoniyat tarixidagi eng shafqatsiz va zolim diktatorlardan biri edi. Stalin yigirma million insonning o‘limi uchun javobgar hisoblanadi. Uning ahmoqona va shafqatsiz qarorlari sabab yana millionlab insonlar uysiz va vatanidan uzoqda yashashga mahkum bo‘ldi.

Muhammadqodir Sobirov

Mavzuga oid