22:23 / 27.01.2023
18818

Xorvatiya politsiyasi Usmonov yaxtasining Turkiyaga suzib ketgani sababli jinoiy ish ochdi 

Rossiyalik oligarx Alisher Usmonovga tegishli deb aytilayotgan yaxta sanksiyalar sabab hibsga olingan edi. 

Xorvatiya politsiyasi sanksiyalar tufayli hibsga olingan Irina VU yaxtasining g‘oyib bo‘lishi bo‘yicha jinoiy ish ochdi va bir necha kishini so‘roq qildi. 

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, yaxta rossiyalik oligarx Alisher Usmonov va uning sobiq rafiqasi Irina Vinerga tegishli. 

Večernji List nashrining yozishicha, tergovga bir necha politsiya bo‘limlari va prokuratura xodimlari jalb etilgan. Tintuv ishlari olib borilmoqda. 

Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich gumonlanuvchilar haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi. Shuningdek, u hodisa tufayli uch kishi – navigatsiya xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, Shibenikdagi port kapitani va Betindagi zastava boshlig‘i ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. 

Xorvatiya hukumati Irina VU yaxtasini Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan Alisher Usmonovning mol-mulki sifatida hibsga olgan edi. Ammo kema portni tark etmasligi kerakligi haqidagi ma’lumot mahalliy rasmiylar e’tiboriga havola qilinmagan. Oqibatda kema Xorvatiya hududiy suvlaridan tashqariga erkin suzib ketgan. 2022 yil 6 oktyabrda yaxta Turkiyaning Didim shahriga yetib borgan. 

Alisher Usmonov vakillarining aytishicha, tadbirkor yaxtaga egalik qilmaydi va Betin shahridan g‘oyib bo‘lishiga uning hech qanday daxli yo‘q. Shuningdek, Alisher Usmonov o‘z rafiqasi bilan 2022 yil yozida ajrashgan. 

Top