Jahon | 18:41 / 28.01.2023
13875
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh generali askarlarni 2025 yilda Xitoy bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi

U AQSh va Xitoy o‘rtasida Tayvan uchun jang bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Foto: Reuters

AQSh Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi rahbari general Mayk Minihan so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va AQSh o‘rtasida Tayvan uchun urush 2025 yilda boshlanishi mumkin. Bu haqda u qo‘l ostidagilarga yuborilgan xizmat xatida yozgan, deb xabar berdi NBC News.

«Xato qilayotganimga umidvorman, ammo 2025 yilda jang qilishimiz mumkinligini sezyapman», deydi general o‘z xabarida. Mayk Minihan 2024 yilda AQShda ham, Tayvanda ham prezidentlik saylovi o‘tkazilishini va Xitoy rahbari Si Jinping bundan foydalanib Tayvanni egallashga harakat qilishi mumkinligini ta’kidlagan.

General o‘z askarlariga 28 fevralgacha Xitoy bilan jangga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq barcha muhim tadbirlar haqida hisobot berishni buyurgan. Ofitserlarga mart oyida «o‘z shaxsiy ishlarini tartibga solish» va huquqiy muammolarni hal qilish tavsiya etilgan.

Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi vakili maktubning haqiqiyligini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, generalning buyrug‘i 2022 yildayoq boshlangan jarayondan kelib chiqadi. Unda «agar tiyib turish ish bermasa, to‘qnashuv yuz berishi mumkinligi» qayd qilingan.

AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi, o‘z navbatida, Mayk Minihan so‘zlari «idoraning Xitoyga nisbatan nuqtai nazarini aks ettirmasligini» va Pentagon Hind-Tinch okeani mintaqasini «tinch, erkin va ochiq» saqlash tarafdori ekanini aytdi.

Xitoy Tayvanni o‘zining ajralmas qismi deb biladi, ammo Pekin fuqarolar urushi tugaganidan va 1949 yilda XXR tuzilganidan beri orolni amalda nazorat qilmaydi.

2022 yil avgustida Xitoy rasmiylari Pekin Tayvan bilan «tinch yo‘l orqali birlashish uchun keng maydon yaratishga tayyorligini» va orolni qo‘lga olish uchun kuch ishlatish «boshqa hech qanday imkoniyat bo‘lmagan vaziyatda oxirgi chora sifatida» ko‘rilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid