15:10 / 30.01.2023
17143

“Ayolni suitsid darajasiga olib kelganlar nega jazolanmaydi?” - psixolog

Er yoki qaynona muntazam ravishda tazyiq o‘tkazib kelgan bo‘lsa-yu, kelin ana shu tazyiqlar oqibatida nimadir qilsa, javobgar faqat uning o‘zi bo‘lib qolyapti. O‘z joniga qasd qilish darajasiga olib borganlik uchun qonunda belgilangan jazo kamdan kam holatda qo‘llanilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda o‘z muammosi bilan o‘zi qolib ketayotgan ayollarning o‘zlari va farzandlari joniga qasd qilish holatlari ortib borayotgandek. Psixolog Shoira Isoqovaning ta’kidlashicha, hech bir ayol o‘z-o‘zidan o‘zining yoki bolasining joniga qasd qilmaydi. Bunga ko‘plab sabablar bor.

“Birorta suitsid holatida o‘sha vaziyatga olib kelgan odam jazolanmaydi. Prokuratura chaqiradi, bu suitsidga ruhiy tazyiqlar sabab bo‘lganini aytamiz. Shunaqa holatlar bo‘lganki, ruhiy zo‘ravonlik oqibatida olamdan o‘tgan ayol eksgumatsiya qilingan. Chunki uning miyasi jarohatlanganini busiz isbotlab bo‘lmaydi. Ikki farzandi bor, judayam yaxshi ayol o‘z joniga qasd qilishiga miya faoliyati buzilishi sabab bo‘lganini aytganmiz. Juda ko‘p kurashganmiz.

Xech kim o‘z-o‘zidan joniga qasd qilmaydi, bolasini urmaydi, qaynonasining boshiga bitta g‘isht bilan urib o‘ldirib qo‘ymaydi. Buni keltirib chiqaruvchi juda katta omillar bor. Nega shu odamlar jazolanmaydi? Nega ularga jazo yo‘q? Er yoki qaynona muntazam ravishda tazyiq o‘tkazib kelishgan. Lekin ular jazolanmaydi. Aynan shu tazyiqlar ta’sirida bolasiga ruhiy ta’sir o‘tkazayotgan onaga jazo qo‘llanyapti. Bu bilan bolalar yanada kuchli ruhiy ta’sir ostida qolishyapti.

Qaysidir hollarda bolani onadan izolyatsiya qilish mumkin. Ammo ularni butunlay ajratish noto‘g‘ri. Bu bolaga katta ruhiy zarba bo‘ladi. Ustma-ust zarbalarni olib og‘ir holatga kelgan ayolga hech kim yordam bermaydi. Hamma bir tomon bo‘lib, jinoyatni sodir etgan odamgina aybdor bo‘lib qoladi”, – dedi psixolog.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva Jinoyat kodeksida o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazganlik uchun ham jazo borligini eslatdi. Ammo shunga qaramay ko‘pincha mentalitet sabab bu jazo qo‘llanmaydi. Chunki ayol yana o‘sha oilaga qaytishini o‘ylaydi.

“Shu o‘rinda ayol talab qilishi kerak: atrofidagi odamlar, unga ta’sir ko‘rsatganlar o‘rganilishini. Sudga qanday da’vo bilan murojaat qilinsa, faqat o‘sha holatni ko‘rib chiqadi. Ayol uni shu holatga keltirgan oqibatlar o‘rganilishini talab qilishni ham bilmaydi.

Inson o‘zining shunaqa huquqlari borligini bilmasa, atrofidagilar bu huquqlarni buzib kelaveradi. O‘z huquqini bilmaslik oqibatida uning o‘zi ham boshqalarning huquqini buzib keladi. Ya’ni atrofdagilar ayolning huquqini, ayol esa o‘z bolasining huquqini buzyapti”, – dedi Ra’no Turdiboyeva.

Turdiboyeva bunday holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasi buzilayotganini ta’kidladi. “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega” deya qayd etilgan mazkur moddada.

Top