15:16 / 02.02.2023
27330

Qisqarayotgan yovvoyi tabiat va insoniyat uchun yangi xatarlar

Bu jarayon faol davom etmoqda. Iqlim isishi esa buni yanada jadallashtirishi mumkin. Bioxilmaxillik xavf ostida qolsa, birinchi galda iqtisodiy zararlar ko‘payadi. Uning ortidan boshqa xatarlar ham yetarlicha.

Xalqaro yovvoyi tabiat fondining 2022 yilgi hisobotiga ko‘ra, so‘nggi 50 yilda yovvoyi tabiat dunyosi 69 foizga qisqargan. “Biz tabiatga suitsid jangida mag‘lubiyatga uchrayapmiz”, degan edi BMT bosh kotibi Antonio Gutterish vaziyatni izohlab.

69 foizlik qisqarish nafaqat tabiat, yovvoyi olam, balki insoniyat, uning barqaror turmushiga ham turli xavflar paydo bo‘lganini anglatadi. Inson tabiat bilan chambarchas bog‘liq yashaydi, bioxilmaxillik esa bunda juda ahamiyatli. Hisobotga ko‘ra, Lotin Amerikasi yovvoyi tabiat dunyosida global miqyosdagi eng ko‘p qisqarish kuzatilgan.

Tabiat halokati nega bunchalik xavfli?

Tabiatni asrashning foydalari ko‘p. Asrab qololmaslik ortidan keladigan xavflarni inkor qilib bo‘lmaydi. Tabiatdagi yo‘qotishlar sabab xalqaro YaIMning 50 foizi xavf ostida, tabiiy ekotizimga mavjud xavflar sabab kelajakda pandemiya kabi turli ijtimoiy-iqtisodiy shoklar ko‘payishi mumkin.

Iqtisodiy tarafidan tashqari bioxilmaxillikka xavfning tibbiyot tizimi uchun tahdidlari ham yetarlicha. Sababi tibbiyot tizimida ishlatiladigan dorilarning 25 foizi o‘rmon o‘simliklaridan olinadi.

Insoniyat harakatlari tufayli Yer yuzasining uchdan ikki qismi o‘zgarib ketgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, millionga yaqin o‘simlik va hayvon turlari yo‘q bo‘lib ketish arafasida.  

Tadqiqotlar XXI asrning ikkinchi yarmida iqlim o‘zgarishi bioxilmaxillikka salbiy ta’sir etuvchi asosiy sabab bo‘lishi kutilmoqda. Harorat oshishi va yog‘ingarchilikdagi o‘zgarishlar daraxtlar kamayishini va qishloq xo‘jaligi uchun yomon oqibatlarni olib kelaveradi. 

Kembrij universiteti hisobotiga ko‘ra, biologik xilmaxillik yo‘qolishi davlatlar iqtisodiy xarajatlarini ham ko‘paytiradi. Universitet bioxilmaxillikka oid kredit reytingini tuzib chiqdi. Unga ko‘ra, ekologik muammolar qarzdorliklar oshishiga ham sabab bo‘ladi. Masalan, tuproqni qayta tiklash va suv toshqinlarining oldini olishga yordam beruvchi o‘simliklar bor. Bunday o‘simliklar barqaror o‘sishi uchun ularni changlatish kerak. Tabiiy “xizmat ko‘rsatuvchi” asalari turlarining yo‘qolib borayotgani esa katta iqtisodiy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

“Biologik xilmaxillik bilan bog‘liq xavflar iqtisodiy faoliyat va davlat moliyasi uchun jiddiy xatar hisoblanadi. Tabiiy yashash muhitini muhofaza qilish nafaqat tabiat uchun, balki makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash uchun ham juda muhim”, — deydi hisobot hammualliflaridan biri, professor Ulrix Volz.

Ajoyib tajribalar

Dunyo aholisining yarmi shaharlarda yashayotganini hisobga olib, bioxilmaxillikni saqlab qolish uchun shaharlarda ham o‘ziga xos usullarni topish lozim bo‘lmoqda. Bu borada turli shaharlar o‘z tajribalarini yaratyapti.

Niderlandiyaning Eyndhoven shahrida mahalliy hukumat daraxtlardan to‘kilgan barglarni tozalab olmaslikka chaqirmoqda. Sababi bu barglar hasharotlar yashashi uchun yaxshi boshpana bo‘la oladi. Qolaversa, drenaj tizimiga suv oqishidan himoya qiladi.

Foto: Shutterstock

Kanadaning Monrealida esa hukumat kasallangan va qulab tushgan daraxtlarni yo‘q qilishga shoshilmayapti. Bu turdagi daraxtlar qushlar, kichik sut emizuvchilar va turli mayda organizmlar uchun boshpanaga aylanishi mumkin.

Foto: Picture Alliance

Avstraliyaning Melburn shahrida “Yovvoyi tabiat uchun bog‘lar” loyihasi mavjud bo‘lib, u mahalliy fuqarolar, bizneslar va maktablarni tabiat va o‘simliklarga g‘amxo‘r bo‘lish yo‘lida birlashtirmoqda, buning uchun turli bilimlar beriladi.

Yangi turlar

O‘simlik va hayvon turlari yo‘qolish xavfi oshib borishi bilan birga yangi turlar ham kashf qilinishi davom etyapti.

Bunday kashfiyotlar O‘zbekistonda ham qilinyapti. Masalan, 2021 yilda Farg‘ona vodiysi Sirdaryo havzasining tog‘li mintaqalarida biolog-ixtiolog Baxtiyor Sheraliyev yangi baliq turini kashf etib, Farg‘ona yalangbalig‘ini aniqlagandi.

Hali Yer sayyorasida 80 foizdan ortiq hayot kashf qilinishi kerak — bu qism kelajak avlod uchun himoyalangan. Kashf etilgan tabiat esa borligicha asralmasa, insoniyatni ham yangidan yangi xatarlar kutaveradi. 

Top