13:02 / 14.02.2023
8495

AQSh Kiyev uchun 10 mlrd dollarlik yordam ustida ishlamoqda

The Washington Post nashrining yozishicha, Kiyevga yirik harbiy yordam paketi kelasi hafta e’lon qilinadi. Taxminan bir vaqtning o‘zida Kremlga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etiladi, deb yozadi gazeta.

Foto: Reuters

Jo Bayden ma’muriyati AQSh Kongressi bilan Kiyevga yana 10 milliard dollar (9,3 milliard yevro) to‘g‘ridan to‘g‘ri budjet yordamini ma’qullash ustida ishlamoqda. Bu haqda 13 fevral, dushanba kuni The Washington Post nashri xabar berdi.

Katta harbiy yordam paketi kelasi hafta e’lon qilinishi kutilmoqda. Taxminan bir vaqtning o‘zida Kremlga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etiladi.

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganiga bir yil to‘ladigan 24 fevral arafasida AQSh rasmiylari bir vaqtning o‘zida Kiyevga bosimni kuchaytirmoqda, deb yozadi gazeta. Vashington bu urush rivojini o‘zgartirish uchun muhim daqiqa ekanligini ta’kidlab, AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan qurol-yarog‘ yetkazib berish va yordam ko‘payishi fonida Ukrainadan jang maydonida muhim muvaffaqiyatlar kutmoqda.

Respublikachilar nazoratidagi AQSh Kongressi Vakillar palatasining ko‘plab konservatorlari qo‘llab-quvvatlashni qisqartirishni istamoqda, shu bilan birga Yevropaning Kiyevni qutqarish bo‘yicha uzoq muddatli rejalari noaniqligicha qolmoqda, deb yozadi WP.

Shu paytgacha, deydi rasmiylar, Kongressning ikkala palatasi ham demokratlar tomonidan nazorat qilingani hisobga olinsa, Ukrainaga yordam bo‘yicha har bir paketga kuchli ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlov hamroh bo‘lgan.

Bayden ma’muriyatining yuqori martabali mulozimi qo‘shimcha qilishicha, u xavfsizlik tashabbuslari va Kiyevni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash uchun AQSh Kongressidan oldingi darajadagi yordamni olishda davom etish qiyin bo‘lishiga «qattiq ishonadi».

«Biz ularni har doim ham yordam bera olmasligimizga, hamma narsani qila olmasligimizga ishontirishga harakat urinib ko‘ramiz», — dedi manba ukrainalik siyosatchilar haqida gapirar ekan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashingtonning Ukrainani «qancha kerak bo‘lsa», shuncha vaqt qo‘llab-quvvatlash haqidagi va’dalari yordam miqdori emas, balki urush vaqtiga ishora qiladi.

Prezident Bayden 7 fevral kuni AQSh Kongressiga yillik murojaatida Ukrainaga Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlaridan o‘zini himoya qilishda uzoq muddatli yordam berish haqida yana bir bor va’da qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin buyrug‘i bilan Ukrainaga qilingan «shafqatsiz» hujum AQSh va butun dunyo uchun sinov bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar va uning hamkorlari demokratiya va fundamental qadriyatlarni himoya qilib, Rossiya urushiga jahon hamjamiyatining javobini boshqardi, dedi u. «Biz NATOni birlashtirdik va global koalitsiya tuzdik. Putinning agressiyasiga qarshi chiqdik. Ukraina xalqi tomonida edik», - dedi prezident va Qo‘shma Shtatlar bu pozitsiyaga amal qilishda davom etishini qo‘shimcha qildi.

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevral oyida urush boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 29,3 milliard dollar (27,3 milliard yevro) harbiy yordam ko‘rsatgan yoki taqdim etish majburiyatini olgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top