Ayni paytda koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan Rossiyaning bosh muxolif siyosatchisi mamlakati Ukrainaga keng miqyosda bosqin uyushtirganining bir yilligi oldidan o‘z siyosiy platformasining 15 ta asosiy prinsiplarini e’lon qildi. Prinsiplar ayni paytdagi urush va urushdan keyingi Rossiyaning tuzilishi bilan bog‘liq.
«Men o‘zim uchun va hali juda ko‘p sonli bo‘lgan normal odamlar uchun siyosiy platformani maksimal ravishda qisqacha shakllantirdim», — deb yozgan Navalniy Twitter’dagi akkauntida. Uning so‘zlariga qaraganda, bu «o‘z mamlakati uchun farovonlik tilayotgan Rossiya fuqarosining 15 punkti»dir.
Nima edi va hozir nima?
1. Prezident Putin kurakda turmaydigan bahonalar bilan Ukrainaga qarshi adolatsiz va tajovuzkor urushni boshladi. U imkon qadar bu urushga «xalq urushi» statusini bermoqchi, butun rossiyaliklarni o‘z jinoiy sherigiga aylantirmoqchi, biroq uning urinishlari bekor ketadi. Bu urushda ko‘ngillilar yo‘q hisobi, chunki Putin armiyasi mahbuslar va majburlab safarbar qilinganlarga tayanadi.
2. Urushning haqiqiy sabablari — Rossiya ichidagi siyosiy va iqtisodiy muammolar, Putinning qanday qilib bo‘lsa ham hokimiyat tepasida qolishga urinishi, o‘zidan tarixiy meros qoldirishga mukkasidan ketgani. U «g‘oziy podshoh» va «yerlarni qaytarib oluvchi» sifatida tarixga kirmoqchi.
3. O‘n minglab aybsiz ukrainlar o‘ldirildi, millionlab insonlar azob va uqubatlarga duchor qilindi. Harbiy jinoyatlar sodir etildi. Ukraina shaharlari va infratuzilmasi vayron qilindi.
4. Rossiya harbiy mag‘lubiyatga uchramoqda. Aynan mana shuni anglab yetish – hukumatning «Kiyevni uch kunda olamiz» degan ohangini mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda yadroviy qurolni qo‘llaymiz, deya chiyillashlariga o‘zgartirdi. O‘n minglab rossiyalik askarlarning umri behuda xazon qilindi. Uzil-kesil harbiy mag‘lubiyatni yana yuz minglab safarbar qilinganlar hayoti evaziga biroz kechiktirib turish mumkindir, lekin u muqarrar. «Tajovuzkor urush + korrupsiya + generallarning layoqatsizligi + kuchsiz iqtisodiyot + himoyalanayotgan ukrainlarning qahramonligi va ko‘tarinki ruhiyati» kombinatsiyasi natijasi faqat Rossiyaning mag‘lubiyati bo‘la oladi.
Kremlning muzokaralarga kirishish va o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi yolg‘ondakam va ikkiyuzlamachilik bilan qilayotgan chaqiriqlari harbiy harakatlar istiqbollarining real baholanishidan o‘zga narsa emas.


















