O‘zbekiston | 09:56 / 22.02.2023
5700
4 daqiqa o‘qiladi

2022 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnat va bolalar mehnati holatlari aniqlanmagan

Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston ijtimoiy adolatni ilgari surish va mehnatkashlar huquqini ta’minlashda yuqori natijalarga erishayotganini e’tirof etdi. 

Foto: Oliy Majlis Senati

21 fevral kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida “O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida munosib mehnatni targ‘ib qilish” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Birlashgan millatlar tashkilotining maxsus rezolyutsiyasiga muvofiq, 2009 yildan buyon 20 fevral xalqaro hamjamiyatda “Butunjahon ijtimoiy adolat kuni” sifatida nishonlanib kelmoqda. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Senat raisi, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining yordamchisi, qator xalqaro tashkilotlardan 100 dan ortiq soha bo‘yicha mutaxassislar, xorij mamlakatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Oliy Majlis palatalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan.

Tadbirda Senat raisi Tanzila Norboyeva mamlakatda so‘nggi yillarda mehnat munosabatlari sohasida fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro hamkor tashkilotlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganini qayd etib o‘tgan.

Mamlakatimiz mehnat bozori mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan bozorlardan biridir. Ayni vaqtda tez o‘sib borayotgan ishchi kuchini bandligini ta’minlashda xususiy sektor muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, xalqaro mehnat standartlariga rioya qilish, ijtimoiy himoyani ta’minlash, ijtimoiy muloqotni mustahkamlash, gender tenglik va inklyuzivlikka erishish O‘zbekiston uchun eng ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bu borada kelgusida siz va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar bardavom bo‘lishiga umid qilamiz.

Hozirgi sharoitda ijtimoiy hamkorlikni, ya’ni hukumat, ish beruvchilar, ishchilar va fuqarolik jamiyati vakillarining faoliyatini yanada uyg‘unlashtirish va hamjihatligini oshirish zarur. Xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi, ayniqsa xususiy sektorda jamoaviy shartnoma munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni qabul qilish talab qilinadi.

Qolaversa, oldimizda Mehnat inspeksiyasi faoliyatini yanada mustahkamlash, unga yangi vakolatlar berish vazifasi turibdi. Bandlikka ko‘maklashish markazlarini faol jalb etgan holda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar ishlab chiqish zarur”, — deya ta’kidlagan Senat raisi.

Ma’lum qilinishicha, Milliy komissiya so‘nggi yillarda mehnat munosabatlarini takomillashtirish, majburiy mehnatga barham berish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish yuzasidan xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda tizimli choralar ishlab chiqqan hamda aniq natijalarga erishilgan. Xususan, O‘zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surishda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda 2021 yilda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan yangi mamlakat dasturi qabul qilingan.

Bugun xalqaro hamjamiyat O‘zbekistondagi islohotlarga yuqori baho bermoqda, ayniqsa, bu borada mehnat tizimidagi o‘zgarishlar o‘zining natijadorligi bilan ajralib turadi”, – deya ta’kidlagan tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori X.Koller.

Tadbirda 2022 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan mustaqil monitoring natijalari xam e’lon qilingan. Ushbu monitoring Xalqaro mehnat tashkiloti metodologiyasi asosida fuqarolik jamiyati faollari tomonidan o‘tkazilgan. Monitoring natijalari yig‘im-terim ishlarida majburiy mehnat va bolalar mehnati holatlari aniqlanmaganini, shuningdek, unda ishtirok etganlarning 0,24 foizi majburiy mehnat asosida jalb qilingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilda 1 foizni, monitoring ishlari boshlangan 2015 yilda esa 14 foizni tashkil qilgandi.

Mavzuga oid