10:34 / 25.02.2023
18529

Rossiya shaharlarida urushga qarshi aksiyalar bo‘lib o‘tdi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bir yilligi munosabati bilan Rossiyaning ko‘plab shaharlarida bir necha norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi: odamlar yakka piketlarga chiqishdi yoki vaqtinchalik yodgorliklarga gul olib borishdi.

Foto: Getty Images

Rossiyaning ko‘plab shaharlarida 24 fevral, juma kuni Ukrainaga Rossiya bosqini bir yilligi munosabati bilan urushga qarshi yodgorliklar paydo bo‘ldi; politsiya urushga qarshi chiqqan odamlarni hibsga oldi.

Moskvada aholi Lesya Ukrainka haykali poyiga gul qo‘ydi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya avvaliga buni kuzatgan va aralashmagan, biroq keyin hibsga olishlar boshlangan. Kun yarmiga borib gullar yodgorlikdan olib tashlandi.

Sankt-Peterburgda Taras Shevchenko haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida kamida olti kishi qo‘lga olindi, deb xabar beradi «OVD-Info». Yekaterinburgda politsiya «G‘am maskasi» yodgorligida sakkiz kishini hibsga oldi, ular orasida kamida ikki nafar voyaga yetmagan bola bor, deb yozadi huquq faollari.

Leningrad viloyatining Russko-Visotskoye qishlog‘ida mahalliy tadbirkor va faol Dmitriy Skurixin «Ukraina, kechir» plakati bilan yakkaxon piketga chiqdi. Skurixin bir necha yillardan beri o‘z do‘koniga Rossiya hukumatini qoralovchi shiorlarni joylab keladi. Urush boshlanganidan keyin u do‘konda «Ukrainaga tinchlik, Rossiyaga erkinlik» deb yozdi. May oyida u «armiyani obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha 45 ming rubl jarimaga tortilgan. Keyinroq unga nisbatan qayta «obro‘sizlantirish» moddasi bilan jinoiy ish ochilgan.

Barnaul markazida kamida besh kishi hibsga olindi, deb yozadi «Avtozak live». Ulardan to‘rt nafari Sovetlar maydonida uchta plakat qo‘yib, ustiga gul o‘rnatishgan. «Nol kilometr» yodgorligida «Jim o‘tirishni bas qiling» plakati qo‘yilgan yana bir kishi ushlangan.

Qozonda Lenin bog‘idagi siyosiy qatag‘on qurbonlari yodgorligida ham vaqtinchalik memorial paydo bo‘ldi. Bu yerda Bucha, Mariupol, Dniprodan olingan fotosuratlar va «Putin urushiga yo‘q» plakati o‘rnatildi. Yekaterinburgda politsiya ertalabdan siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan «G‘am maskalari» yodgorligida navbatchilik qilib, «Yoshlar olmasi» aksiyasini kutdi. Yetti nafar faol qo‘lga olingan, deb yozadi Sota.

Irkutskda «Men Ukrainadan qo‘shinlarni olib chiqishni talab qilaman» plakati bilan ko‘chaga chiqqan ayol ushlandi. Tomskda aholi Kashtakdagi Poklonniy xochiga ko‘k-sariq lenta va «Dnipro 14.01.2023 Ukraina 24.02.2022 dan beri» yozuvi tushirilgan belgi bilan bog‘langan gullar qo‘ydi, deb xabar bermoqda TB2. Bu kanalga ko‘ra, politsiya shahardagi norozilik namoyishlari o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan joylarda navbatchilik qilmoqda.

Bir kishilik aksiyalar Nijniy Novgorod viloyatining Viksa, Yaroslavl, Korolev, Xabarovsk, Vladivostok va boshqa shaharlarda o‘tkazildi. Aksariyat hollarda yakka piketga chiqqanlar politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Butun Rossiya bo‘ylab 20 dan ortiq kishi ushlangani haqida ma’lumot berilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top