Jahon | 19:40 / 01.03.2023
44298
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh «Qiyomat kuni samolyoti»ni Yevropaga ko‘chirdi

Ushbu samolyot yadroviy urushda qurolli kuchlarni boshqarish uchun mo‘ljallangan havo qo‘mondonlik punktidir.

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar E-6B Mercury «Qiyomat kuni samolyoti»ni Yevropaga ko‘chirdi. Bu haqda 28 fevral kuni Amerika qo‘shinlarining Yevropadagi qo‘mondonligi ma’lum qildi.

AQSh harbiy-dengiz kuchlarining havo qo‘mondonlik punkti vazifasini bajaruvchi samolyot Islandiyaga qo‘ndi.

«AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining E-6B Mercury samolyoti AQSh strategik qo‘mondonligining birinchi qanoti tomonidan boshqariladi va yaqinda Islandiyaga yetib bordi. U AQSh Yevropa qo‘mondonligi mas’uliyat hududida ishlaydi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, samolyot ekipaji a’zolari Islandiyada AQSh elchisi va boshqa diplomatlar hamda harbiy xizmatchilar bilan uchrashgan.

Islandiya hududida Keflavik aerodromi joylashgan bo‘lib, AQSh armiyasi 1941 yildan 2006 yilgacha undan foydalangan. Ammo keyin mamlakatni tark etgan. Oradan 10 yil o‘tib, 2016 yilda AQSh va Islandiya Amerika qo‘shinlarini orolga qaytarish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Islandiya rasmiylari bu qadamni Yevropadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani bilan izohladi.

E-6B Mercury - Amerika harbiy strategik qo‘mondonlik va boshqaruv samolyoti, shuningdek, AQSh harbiy-dengiz kuchlari uchun havo-desant qo‘mondonlik punkti. U «Qiyomat kuni samolyoti» deb ham ataladi, chunki yadroviy urushda qurolli kuchlarni boshqarish uchun mo‘ljallangan havo qo‘mondonlik punktidir.

Mavzuga oid