21:58 / 01.03.2023
12487

FQB koronavirus Xitoy laboratoriyasidan sizib chiqqan deb hisoblamoqda

JSST buni inkor etmagan, lekin buning ehtimoli past deb hisoblagan. 

Foto: Chinatopix/AP

Pandemiyaga Xitoyning Uhan shahridagi laboratoriyadan koronavirusning sizib chiqishi sabab bo‘lgani ehtimoli yuqori. Bu haqda AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) direktori Kristofer Rey Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

«FQB pandemiyaning sababi katta ehtimol bilan Uhandagi laboratoriyada yuz bergan hodisa deb uzoq vaqtdan beri hisoblab keladi», dedi Rey. Uning aniqlik kiritishicha, gap «Xitoy hukumati nazorati ostidagi laboratoriyadan virusning sizib chiqishi» haqida ketyapti. 

FQB direktorining ta’kidlashicha, Xitoy hukumati AQSh va uning sheriklariga pandemiya sababini aniqlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun «qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda». «Va bu barcha uchun qayg‘uli», deb qo‘shimcha qildi Rey. 

The Wall Street Journal (WSJ) ma’lumotlariga ko‘ra, Reyning so‘zlari FQB pandemiya sabablarining qaysi versiyasiga ishonishini birinchi ommaviy tasdig‘idir. O‘tgan haftada nashr FQB 2021 yilda pandemiya Uhan laboratoriyasidagi sizish oqibatida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligiga «o‘rtacha ishonch» bilan xulosa qilganini yozgan edi. Biroq bu xulosa rasman oshkor etilmagan. 

2021 yil mart oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirusning kelib chiqishi haqidagi hisobotini e’lon qildi. Unda virus odamga hayvonlar zanjiri orqali yuqqani haqidagi talqin eng ehtimoliy deb topildi. Uhan shahridagi dastlabki epidemiyaga laboratoriyadan virus sizib chiqishi sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani JSST ekspertlari «ehtimoli juda past» deb baholagan edi. 

Xitoy, 2021 yilning o‘rtalarida, tekshiruvning ikkinchi bosqichida JSST bilan hamkorlik qilmasligini aytdi, chunki tashkilot virusning laboratoriyadan sizib chiqishi haqidagi talqinni rad etmagan edi. 

Koronavirus pandemiyasi Qo‘shma Shtatlarda 1 milliondan ortiq aholining o‘limiga sabab bo‘ldi. AQSh siyosatchilari orasida virusning kelib chiqish sabablarini aniqlash lozimligi haqidagi chaqiriqlar so‘nggi paytlarda balandroq yangramoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top