16:15 / 05.03.2023
23978

Frontdagi vaziyat: Baxmut qurshovda qolishi mumkin, ukrainlar ketmayapti

Ukrainaning Donetsk oblasti Baxmut shahri ko‘chalarida ukrain va rus harbiylari o‘rtasida janglar davom etmoqda, biroq qamaldagi shahar meri o‘rinbosari Rossiya shaharni hozircha o‘z nazoratiga olmaganini ta’kidlamoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ukrain tomoni o‘z imkoniyatlari tobora torayib borayotganiga qaramasdan, mudofaani saqlab turibdi.

 Baxmut vitse-merining aytishicha, shaharda birorta sog‘ bino qolmagan. Foto: Reters

Donbassning markaziy qismida joylashgan, urushgacha 70–75 ming kishi yashagan Baxmut so‘nggi bir necha oy ichida Ukraina front chizig‘ining eng qizg‘in nuqtasi bo‘lib qolmoqda.

Shaharning shubhali qiymatiga qaramasdan, Rossiya qo‘mondonligi nima qilib bo‘lsa ham uni egallash uchun ko‘plab askarlar va texnikalarini shu yerga tashlagan, shahar shturmida ishtirok etayotgan «Vagner» yollanma jangarilar guruhi rahbari Yevgeniy Prigojin esa Baxmut to‘liq qurshab olinishi haqida bot-bot chiqishlar qilmoqda.

BBCga bergan intervyusida Baxmut shahri merining o‘rinbosari Oleksandr Marchenko janglar shaharni nimaga aylantirganini so‘zlab berdi.

«Shahar amalda yo‘q qilib tashlangan. Birorta butun bino qolmagan. Ruslar hammasiga o‘q uzishgan, — degan Marchenko. — Ularda shaharni saqlab qolish niyati yo‘q. Ularning yagona maqsadi — odamlarni qirish, ukrain xalqini genotsid qilish».

Shaharda reportyorlari ishlayotgan Associated Press agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuni vaqtinchalik ko‘prik orqali Baxmutdan chiqib ketishga uringan bir ayol o‘ldirilgan, ikki erkak yaralangan. Mahalliy aholiga shahardan chekinishiga yordam berayotgan Ukraina harbiylarining aytishicha, otishmalar tufayli fuqarolar shaharni mashinalarda tark etishi juda xavfli bo‘lib qolgan, shu sababli odamlar piyoda chiqib ketishga majbur bo‘lishmoqda.

Marchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Baxmutda ayni paytda 4–5 mingga yaqin fuqarolar bor. Ular gaz, elektr va suvsiz boshpanalarda jon saqlashmoqda.

«Insonparvarlik yordami oyiga bir marta kelib turibdi. Svet ham, gaz ham, suv ham yo‘q. Bu yerda qolganlar tirik qolsin deb Xudoga iltijo qilib yotibmiz», — deydi mahalliy turg‘un Natalya Ishkova. U turmush o‘rtog‘i bilan katta qismi vayronaga aylangan shaharda qolishga qaror qilgan.

AP muxbirlari shanba kuni Ukraina harbiylari tomonidan tiklangan, Baxmutda qolayotgan tinch aholi qo‘shni Xromove posyolkasiga yetib olishi uchun mo‘ljallangan ponton ko‘prigini ko‘rishgan. Shundan so‘ng Xromoveda Rossiya qo‘shinlari o‘t ochishi natijasida beshta uy yongan.

«Rossiyaliklar ishlatayotgan taktika bu kulini ko‘kka sovurish taktikasi. Ular Mariupolni yo‘q qilgandek, Baxmutni ham yakson qilishmoqchi», — deydi Oleksandr Marchenko.

«Qimmatga tushgan g‘alaba»

Agar Rossiya harbiylari ko‘p oylik urinishlar va yirik yo‘qotishlardan so‘ng Baxmutni egallashsa, bu 7-8 oy ichida jang maydonida biror arzirli natijaga erishmagan Moskva uchun ulkan siyosiy va propagandistik g‘alaba bo‘ladi. Biroq shaharni egallashning strategik mohiyati ko‘pchilikda savol uyg‘otmoqda. Boy berilgan inson resursi masalasi ham bor.

«Agar ruslar shaharni egallashsa ham, ular uchun bu qimmatga tushgan g‘alaba bo‘ladi», — degan BBC’ga intervyusida NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondonining sobiq o‘rinbosari general Richard Shirreff.

 70–75 ming kishi yashagan Baxmutda hozir 4 mingga yaqin tinch aholi qolgan. Foto: Reuters

Baxmut uchun janglar minglab rus harbiylarining yostig‘ini quritdi. Ukraina qo‘mondonligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya bu yerda har kuni 7-8 barobar ko‘proq askar yo‘qotmoqda. Bunday taqqosni mustaqil ekspertlar ham qayd etishmoqda.

Shaharni shturm qilishga bir necha oylik urinishlardan so‘ng «Vagner»dagi yollanma jangarilar Baxmutning katta qismini qurshab olishga muvaffaq bo‘lganga o‘xshayapti.

Britaniya razvedkasining ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlarining o‘z jangchilarini qurol-yarog‘, o‘q-dori va aslahalar, oziq-ovqat bilan ta’minlashi tobora cheklanib bormoqda.

Ukraina qo‘mondonligi bu yerga elita qismlarini tashlab, muhim ko‘priklarni portlatib shahar mudofaasini kuchaytirmoqda, biroq rus qo‘shinlari sekin-asta shaharga yaqinlashmoqda.

«Baxmutni himoya qilayotgan Ukraina kuchlari katta va sekin-asta ortib borayotgan siquv ostida; intensiv to‘qnashuvlar shaharning o‘zida ham, uning atrofida ham ro‘y berib turibdi», — deb yozadi Britaniya Mudofaa vazirligi razvedkasi.

Britaniya tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining muntazam qismlari va «Vagner» guruhi yollanma jangarilari shaharning shimoliy qismidagi, uch tomondan zarbaga duchor bo‘la boshlagan Ukraina mudofaa istehkomidan yorib kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari Ukraina Baxmutning murakkab ahvoldagi qismlaridan qo‘shinlarni olib chiqishga tayyorlanmoqda, deb hisoblamoqda.

Shanba kuni Baxmut atrofidagi vaziyatni Ukraina Qurolli kuchlari sharqiy jamlanmasi vakili Sergiy Cherevatiy ham og‘ir, biroq nazorat ostida, deya baholagan.

Cherevatiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan sutka ichida Baxmut va uning yon atroflarini rossiyaliklar 131 marta o‘qqa tutishgan. «Qo‘mondonligimiz va shaxsiy tarkib aholi punktini himoya qilish va dushmanga maksimal zarar yetkazish bo‘yicha qo‘lidan kelganini qilmoqda», degan Cherevatiy.

«Baxmutdagi har bir soat do‘zaxga o‘xshaydi. Dushman bir hafta muqaddam shaharning shimoliy va shimoliy-g‘arbiy qismida muvaffaqiyat qozongan. Ukraina askarlari qarshilik ko‘rsatishmoqda. So‘nggi kunlar ichida qizg‘in mehnatimiz sabab front chizig‘i barqarorlashdi», — degan «Svoboda» bataloni qo‘mondoni o‘rinbosari Volodimir Nazarenko.

Baxmutdan janubroqda Ukraina kuchlari ruslarning Konstantinovka-Baxmut yo‘liga hujum qilishdan qaytarish uchun jon kuydirishmoqda, deya qo‘shimcha qilgan u.

Nazarenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylarining zaxiralari tugamoqda va ular tartibsiz otishmalarga o‘tishgan. Lekin shu holda ham ulardagi snaryadlar soni Ukraina armiyasinikidan ko‘proq, degan u.

Ushbu hafta boshida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Baxmutdagi vaziyat murakkabligicha qolayotganini ta’kidlagan edi.

Juma kuni hafta ichida ikkinchi marta Baxmutdagi front old chizig‘iga Ukraina QK sharqiy qo‘shinlar jamlanmasi qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bordi.

«Baxmut yo‘nalishida dushman shaharni qurshab olishga bo‘lgan urinishlarini bas qilmayapti. So‘nggi sutka ichida himoyachilarimiz Vasyukivka, Dubovo-Vasilyivka va Baxmut aholi punktlarida ko‘plab hujumlarni bartaraf etishdi», — deyiladi Ukraina QQ bosh shtabining kechki ma’lumotida.

«Yerimizning har bir qarichi uchun»

«Biz dushmanga yerimizning bir qarichini ham bermasligimiz kerak, — degan Baxmut meri muovini Oleksandr Marchenko. — Biz o‘z yerlarimizni, odamlarimizni himoya qilishimiz, shu yerning odamlari qurgan korxonalarni asrashimiz kerak».

«Ularga bularni topshirmasligimiz kerakligi bosh sababi shuki, ruslar bosib olganidan so‘ng bu yerlar ustidan nazoratni qaytarib olish juda qiyin bo‘ladi», — degan Marchenko.

Baxmutni shturm bilan egallash uchun ko‘p oylik urinishlarda minglab harbiylar halok bo‘lishdi. Foto: Reuters

Yanvar oyida ko‘p qon to‘kilgan urushlardan so‘ng Rossiya Donbassdagi Soledar shahrini egalladi. U Baxmutdan 10 km sharqroqda joylashgan. Ukraina mudofaadan chekinib, o‘z qo‘shinlarini olib chiqqan pallada shahar rus qo‘shinlarining muntazam o‘q yog‘dirishlari sababli tamoman vayronaga aylanib ulgurgandi.

Juma kuni Zelenskiy Ukraina armiyasi uchun eng dastlabki ehtiyoj snaryadlar va artilleriya ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Artilleriya — bu bizga zarur bo‘lgan birinchi raqamli narsa. Rossiyani to‘xtatish uchun katta miqdordagi artilleriya tizimlari, aslahalar, snaryadlar ham kerak. Biz ularning hududiga hujum qilmoqchi emasmiz, ularni o‘z yerlarimizdan uloqtirib tashlamoqchimiz», — degan Ukraina prezidenti.

Juma kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaga 400 mln dollarlik yangi yordam paketini e’lon qildi. Paketga, jumladan, HIMARS qurilmalari va gaubitsalar uchun, shuningdek, Bradley piyodalar jangovar mashinalari uchun o‘q-dorilar ham kiritilgan.

Eslatma: Urush sharoitida jang qilayotgan tomonlarning bayonotlari va ma’lumotlarni tezkor tekshirish va tasdiqlash imkoniyatiga ega emasmiz. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top