15:08 / 06.03.2023
26757

«Enfild»da tarixiy o‘yin, «Barsa» «Real»dan uzoqlashmoqda. Hafta o‘yinlari yakunlari

Yevropa futbolida dam olish kunlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Arsenal» fantastik kambekni amalga oshirdi

Manchester Siti – Nyukasl 2:0
Gollar: 1:0 – 15 Foden, 2:0 – 67 Bernardu Silva.
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Ruben Diash, Akandji, Ake, Gyundo‘g‘an, de Bryuyne (Bernardu Silva, 65), Grilish, Rodri, Foden, Holand.
Nyukasl – Poup, Tripper, Lassels, Botman, Bern (Targett, 87), Bruno Gimaraes, Longstaff (Uillok, 63), Almiron (Merfi, 77), Uilson (Isak, 63), Joelinton, Gordon (Sen-Maksimen, 62).
Ogohlantirishlar: Joelinton (53), Ake (58), Bern (74), Holand (74), Bruno Gimaraes (76), Lassels (90).

Mavsumning birinchi davrasida «shayxlar derbisi» juda qaynoq kechgandi. Raqibning dastlabki hujumlaridayoq gol o‘tkazib yuborgan «Nyukasl» uch gol bilan javob qaytargan, ammo «Manchester Siti» uch daqiqadan ortiq vaqt ichida ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqargandi (3:3). Shanba kuni «Emireyts»dagi o‘yin esa u qadar qizg‘in kechmadi, «qarg‘alar» tanaffusga qadar darvoza sohasiga aniq borgan birorta zarba bera olmadi. Ederson APLda «quruq» o‘yinlari sonini 100 taga yetkazib qo‘ydi.

Shu kuni o‘ng qanotga siljib harakat qilgan Foden esa raqib mudofaasini parokanda qilib tashladi. Vaziyatni o‘nglashga harakat qilgan himoyachilar Poupni rikoshet tufayli qiyin ahvolga tushirib qo‘yishdi va turnirning yangi rekordi o‘rnatilishiga yordamlashib yuborishdi. Angliya chempionatida hali hech kim bunday yoshda (22 yilu 280 kunlik) gol+pas tizimida 50 (33+17) ball jamg‘armagandi.

Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Bernardu Silva esa o‘yin masalasiga uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Ajoyib formaga chiqqan portugaliyalik yarimhimoyachi Angliyada xayrlashuv shousini o‘tkazayotgandek, qator jiddiy manbalarga ko‘ra, u allaqachon «Barselona»ga o‘tish bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lgan, «Siti» ham ko‘k-anorranglilarning 65 million yevrolik taklifini qabul qilishga tayyor.

Arsenal – Bornmut 3:2
Gollar: 0:1 – 1 Billing, 0:2 – 57 Senesi, 1:2 – 62 Parti, 2:2 – 70 Uayt, 3:2 – 90+7 Nelson.
Arsenal – Remsdeyl, Tomiyasu (Uayt, 46), Gabriel, Saliba, Zinchenko, Parti, Edegor, Fabiu Viyeyra (Djaka, 84), Saka, Trossard (Smit-Rou, 22; Nelson, 69), Martinelli.
Bornmut – Neto, Smit, Stivens, Senesi, Mifem, Zemura (Frederiks, 64), Rotuell (Kuk, 70), Billing, Uattara (Kristi, 82), Solanke, Semeno (Entoni, 64).

Turnir jadvalida oxirgidan oldingi o‘rinda turgan «Bornmut» «Emireyts»da to‘pni maydon markazidan  o‘yinga kiritib, uch pas bilan Billingning yakuniy zarbasiga yetib borishini kimdir kutganmidi? Opta ma’lumotiga ko‘ra, hakamning o‘yin boshlangani to‘g‘risidagi hushtagi chalinishidan to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tishigacha 9,11 soniya o‘tgan. «Arsenal» uchun bu shunchaki baxtsiz voqeadek edi, ammo mezbonlarning tinimsiz hujumlaridan keyin mehmonlar bo‘lim o‘rtalarida namunali qarshi hujum uyushtirishdi va bu hujum faqat Ramsdeylning aql bovar qilmas jonbozligi tufayli golga aylanmadi.

Tanaffusga qadar hisob 0:1 bo‘lib qolishi Mikel Arteta jamoasi uchun u qadar qo‘rqinchli natija emasdi, londonliklar bo‘limning katta qismini raqib hududida o‘tkazishdi va to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 80 ga 20 atrofida bo‘ldi. «Arsenal»da hisobni o‘zi uchun kerakli holatga keltirish uchun to‘liq bir bo‘lim bor edi, ammo londonliklarning son-sanoqsiz hujumlari foyda keltirmasdi, hafta o‘rtasida «Siti» tomonidan o‘z maydonida tor-mor etilgan (1:4) «Bornmut»ning hujumlari esa maksimal darajada samarali chiqardi. Birinchi bor burchakdan to‘p havolatib uzatildi va Senesining bosh bilan zarbasidan keyin tabloda sensatsion 0:2 hisobi porlay boshladi. «Arsenal»ning esa bu vaqtgacha o‘ndan oshiq burchak zarbalari samara keltirmagandi.

Favorit jamoaning halokati muqarrardek edi, ammo chempionlik xarakteri — ko‘p narsaga qodir. Shu bilan birga o‘yinchi almashtirishlar ham ish berdi. Birinchi bo‘limda jarohat olgan Trossar o‘rniga tushirilgan Smit-Rou boshi bilan to‘pni shu kungi xatolarini yuvgan Parteyga tashlab berdi va o‘yinda burilish yasagan gol urildi. Ikkinchi joker — bu safar ham ishonchni oqlamagan yaponiyalik himoyachi Tomiyasu o‘rniga tushirilgan Uayt bo‘ldi — u Partey boshlab bergan hujumda hisobni tenglashtiruvchi golni urdi, kechaning shubhasiz qahramoni esa Nelson edi. U ikkinchi golga uzatma berdi, o‘yinga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada esa fantastik gol muallifiga aylandi — burchakdan uzatilgangan to‘p jarima maydoni ichidan qaytib chiqqanida uni to‘xtatmasdan uzoq burchakka aniq yo‘lladi. «Arsenal» navbatdagi irodali o‘yini bilan chempionlik grafigini davom ettirmoqda.

Chelsi – Lids 1:0
Gol: 1:0 – 53 Fofana.
Chelsi – Arrisabalaga, Kulibali, Badyashil, Fofana, Chiluell, Loftus-Chik (Chaloba, 84), Kovachich (Chukvuemeka, 75), Fernandes (Madueke, 84), Haverts, Sterling (Zakariya, 68), Joau Feliks (Gallaher, 68).
Lids – Mele, Eyling, Veber, Kox, Firpo, Adams, Xarrison (Grinvud, 80), Makkenni, Aaronson (Fernandes, 68), Sammervill, Ryutter (Nonto, 68).

«Chelsi» Chempionlar ligasida «Borussiya»ga qarshi kechadigan o‘yin oldidan o‘ziga kela boshladi va 15 yanvardan buyon ilk g‘alabasiga erishdi. Grem Potter endi nihoyat yengil tin olishi mumkin – jamoa bungacha qatorasiga uch o‘yinda yutqazgandi. Shu bilan birga, jamoa hujum chizig‘i oqsashda davom etmoqda. Ko‘klarning so‘nggi besh o‘yinida faqat bir gol urilgandi, endi esa, o‘yindagi yagona gol to‘pni boshi bilan darvoza to‘sini ostiga yo‘llagan markaziy himoyachi Fofana nomiga yozildi.

Vulverhempton – Tottenhem 1:0
Gol: 1:0 – 82 Traore.
Vulverhempton – Joze Sa, Semedu, Douson, Kilmen, Kastro, Sarabiya (Mateus Kunya, 67), Lemina (Traore, 46), Ruben Nevesh, Mateush Nunesh (Moutinyu, 67), Diyego Kosta (Ximenes, 28), Netu (Kollinz, 46).
Tottenhem – Forster, Porro (Emerson, 81), Devis, Langle, Romero, Perishich, Xeyberg, Kulusevski (Lukas Moura, 77), Skipp, Risharlison, Son Hyon Min, Keyn.

«Tottenhem» — hafta omadsiziga aylandi. Avvaliga «shporlar» chempionship vakili «Sheffild Yunayted»ga yutqazib, Angliya Kubogini tark etgandi. Endi esa, o‘yin davomida 21 bor zarba berilganiga qaramay, turnir jadvalining quyi qismiga yaqin joylashgan «Vulverhempton»ga yutqazdi, Traorening futbol simulyatorlariga xos zarbasi mezbonlarga g‘alaba keltirdi. Londonliklar jamoasi muxlislarini ovuntiradigan yagona jihat — beshinchi o‘rinda kelayotgan «Nyukasl» bilan oradagi farq saqlanib qolgani bo‘ldi, lekin «qarg‘alar»da zaxira o‘yini bor.

Liverpul — MYu 7:0
Gollar: Gakpo (43, 50), Nunes (47, 75), Saloh (66, 83), Firmino (88).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Roberson, Henderson (Baychetich, 78), Fabino (Milner, 79), Elliott (Jons, 85), Saloh, Gakpo (Firmino, 79), Nunes (Jota, 78).
Manchester Yunayted – De Xea, Dalot, Varan, Martines (Malasia, 77), Shou, Kazemiro (Zabitser, 77), Fred (Maktominey, 58), Fernandesh, Veghorst (Garnacho, 58), Reshford (Elanga, 85), Antoni.
Ogohlantirishlar: Fabino (41), Antoni (53), Martines (61), Maktominey (64), Saloh (84).

Futbolda barcha narsa yashin tezligida o‘zgaradi. Joriy chempionatning uchinchi turida ligadagi so‘nggi jamoa maqomida «Manchester Yunayted» «Liverpul»ni qabul qilgandi va ko‘pchilik «qizil iblislar»ning navbatdagi mag‘lubiyatini kutgandi, chunki o‘tgan mavsumda Yurgen Klopp jamoasi bu raqib darvozasiga ikki o‘yinda jami 9 ta javobsiz gol yo‘llagandi. O‘sha kunlarda Erik ten Hag atrofida shunchaki salbiy fon emasdi — ijtimoiy tarmoqlarda endigina tayinlangan murabbiyni iste’foga chiqarishni talab etishayotgandi. Ammo «MYu» o‘sha o‘yinda g‘olib bo‘ldi va ko‘tarilishni boshladi, fevral oyida esa jamoa so‘nggi olti yillikdagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi — Angliya ligasi kubogi.

Yarim yil o‘tib barchasi o‘zgarib ketdi. Agar yozda «Liverpul» jahonning eng kuchli jamoalaridan biri sifatida qaralgan bo‘lsa (jamoa o‘tgan mavsum oxirida sovrinlar pokerini nishonlashga juda yaqin bo‘lgandi), endi esa qizillar YeChL nimchorak finalida «Real»dan o‘z uyida beshta gol qabul qilib bordi va eng yaxshi holatda faqat top-4 uchun kurashishi mumkin. «MYu» esa uyg‘ongan va Krishtianu Ronaldu ketganidan keyin deyarli mag‘lub bo‘lmay qo‘ygandi.

Bunday g‘alati transformatsiyani «Liverpul» fanatlari tomonidan o‘tkazilgan aksiya ham aniq ifodalaydi. O‘yin avvalida «Enfild» ustidan samolyot uchib o‘tdi, unga quyidagi yozuvlar aks etgan banner ilingandi: «FSG — yo‘qol, Klopp — esa yo‘q. Yetar». Hayratlanarli kartina: ko‘p yillardan buyon «MYu» muxlislari jamoa rahbari o‘zgarishini xohlashadi, ammo «Liverpul» muxlislari ilk bor klub bosslari ketishini bu tarzda shov-shuv bilan talab etishdi. FSG kompaniyasi noyabr oyida «Liverpul»ni sotuvga qo‘ygandi.

Liga Kubogidagi g‘oliblik va Yevropa Ligasida «Barselona»dan o‘tilganidan keyin «MYu»dan yana bir kuchli o‘yin kutilgandi. Ten Hag tarkibda global o‘zgarishlar amalga oshirmadi, ammo yana hujum guruhi vakillari joylashuvini o‘zgartirib tashladi: bu safar Reshford hujum uchiga chiqarildi, Veghorst — ortga surildi («Kamp Nou»da bo‘lgani kabi), chapda esa kutilmaganda Brunu Fernandesh paydo bo‘ldi. Portugaliyalik uchun bu hujumdagi qulay pozitsiya emas — joriy mavsumda u chap qanotga juda kam, faqat ayrim epizodlarda o‘tgan. Shunga qaramay, o‘yindagi ilk haqiqiy golli vaziyat aynan uning ishtirokida bo‘ldi, 26-daqiqada u Dalotning uzatmasini boshi bilan golga aylantirishga yaqin keldi.

«MYu» dastlabki 30-40 daqiqalikda raqibga qaraganda ko‘proq hujum uyushtirdi va to‘pga ko‘p egalik qilmadi, ammo hujumlar yakunida xavfliroq harakat qildi. Bu vaqt ichida Brunudan tashqari Antoni va Reshfordda qulay vaziyatlar bo‘ldi. «Liverpul» esa ko‘proq jarima maydoni tashqarisidan zarbalar berdi, ammo 43-daqiqaga qadar biror zarba darvoza sohasiga aniq bormayotgandi. Keyin esa gol ro‘y berdi.

Gakponing aniq zarbasi ikki sababga ko‘ra qiziq. Birinchidan, butun kuz bo‘yi niderlandiyalik futbolchi uchun ustuvor variant — «MYu» ekani haqida xabarlar chiqib turdi, ammo jahon chempionatidan keyin u kutilmaganda «Liverpul» safiga o‘tdi. Ikkinchidan, ko‘p millionga sotib olingan forvard juda yomon start qildi: mersisaydliklar futbolkasidagi dastlabki olti o‘yinda Kodi gol ham, golli uzatma ham amalga oshirmadi va u navbatdagi muvaffaqiyatsiz transferga aylangani haqida fikrlar yangray boshladi. Ammo futbolchiga moslashish uchun faqat vaqt kerak bo‘lgani oydinlashdi.

Tanaffusda ten Hag jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirmadi va buning uchun afsuslangani tayin. Ha, «MYu» birinchi bo‘limda raqibga qaraganda yomonroq ko‘rinmagandi, ammo «Liverpul» kamida ruhiy ustunlik evaziga hisobda oldinga chiqib olgandi. Jamoalar tanaffusdan qaytishi bilan jarima maydoni ichida bo‘sh qoldirilgan Nunes ikkinchi golni urdi, keyin esa Gakpo dublni rasmiylashtirdi va yana bir bor «MYu»ga salom yo‘lladi.

O‘yindan oldin kuchsiz bo‘lib ko‘ringan «Liverpul» va kuchliroq bo‘lib ko‘ringan «Yunayted» o‘rtasidagi o‘yinning 50-daqiqasiga kelib hisob 3:0 ko‘rinishini olishi — syurrealistik edi. Ammo mezbonlar bu bilan to‘xtamadi: Mavsumni avvalgilariga qaraganda nursizroq o‘tkazayotgan Saloh ham uyg‘ondi va gol urdi, keyin esa Darvin hisobni 5:0 ko‘rinishiga yetkazdi. Bu o‘tgan mavsumda «Old Trafford»da yuqori formada bo‘lgan «Liverpul» va inqirozdagi «MYu» o‘rtasida o‘tgan o‘yin natijasi takrorlanishi edi. Boshqa so‘z bilan aytganda, o‘shanda bunday natijani qandaydir sabab bilan izohlash mumkin edi. Hozir esa — buni tushuntirib bo‘lmaydi.

Klopp jamoasi bu bilan ham to‘xtamadi. Saloh dubl qayd etdi va bu golni sariq kartochka olishi aniqligini bilsa ham futbolkasini yechib nishonladi — u endi afsonaviy Robbi Faulerni (128 gol) ortda qoldirgan holda «Liverpul» safida APLda eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylandi. 88-daqiqada esa jamoada so‘nggi mavsumini o‘tkazayotgan Firmino yakuniy hisobni o‘rnatdi. Mezbonlar o‘yin davomida raqib darvozasi tomon jami sakkizta zarba berishdi va shundan yettitasi golga aylandi. 7:0 — bu fonda Kloppning o‘yin oldidan aytgan so‘zlari kulgili ko‘rinadi, u «MYu»ni «natijaga erishadigan mashina» deb atagandi.

Bu ko‘p yillar davomida eslab yuriladigan fantastik va tarixiy natija bo‘ldi. «Qizil iblislar» so‘nggi bor 1931 yilda shunday yirik hisobda mag‘lub bo‘lishgan. Bu natija turnir jadvalidagi vaziyatga ham jiddiy ta’sir o‘tkazadi: besh o‘yindan buyon yutqazmayotgan «Liverpul» beshinchi o‘ringa ko‘tarildi va Chempionlar ligasi hududiga maksimal darajada yaqinlashdi, «MYu» esa amalda bosh sovrin bilan xayrlashdi. Chempionlar bunday yutqazmaydi.

Ispaniya: kataloncha minimalizm va «Real»da qurg‘oqchilik

Atletiko — Sevilya 6:1
Gollar: Depay (23, 26), Grizmann (53), Grizmann (69), Morata (76, 90+2) — An-Nosiri (39). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Rakitich (74).
Atletiko – Oblak, Savich, Ximenes, Ermoso, Karrasko (Martin, 86), Koke (Saul, 78), Vitsel, Lemar (Barrios, 64), Lorente (Doerti, 78), Grizmann, Depay (Morata, 64).
Sevilya – Bunu, Montel (Navas, 86), Gudel, Nyanzu, Akunya, Rakitich (Telles, 78), Jordan, Guyye, Okampos (Rafa Mir, 86), Suso (Oliver Torres, 68), An-Nosiri (Xil, 78).
Ogohlantirishlar: Guyye (25), Ximenes (40), Akunya (55), Montel (81).
Chetlatish: Guyye (80).

«Barselona»dan transfer bo‘lgach Depay o‘zini tartibga keltirdi, formasini tikladi va dastlabki o‘yinlarda zaxiradan tushish bilan cheklandi. Uning «Selta» ustidan g‘alaba keltirgan ilk golini bir oy kutishga to‘g‘ri keldi. Ammo shanba kuni Diyego Simeone Depay nihoyat boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olishga tayyor deb topdi va adashmadi.

Forvardning birinchi goli ko‘p jihatdan unga assistentlik qilgan Grizmanning xizmati bo‘lsa, ikkinchi muvaffaqiyat — individual mahorat namunasi bo‘ldi. Depay ijrosida anchadan buyon unga xos bo‘lgan bunday uzoq masofadan yo‘llangan zarba kuzatilmagandi.

Bu zarba «Sevilya»ning tahqirlanishi bilan yakunlangan o‘yin ohangini belgilab berdi. Andalusiyaliklar tor-mor etilishida Grizmann «matraschilar» safidagi 150-golini nomiga yozib qo‘ydi. Undan oldinda o‘tmish yulduzlari Luis Aragones (172) va Adrian Eskudero (169) bor. Fransuz futbolchisi Aragonesning murabbiylikdagi rekordlarini yo‘qqa chiqarayotgan Simeonedan qolishmayapti. Argentinalik mutaxassis shu kuni «Atletiko» boshqaruvidagi o‘yinlar soni bo‘yicha (613) Aragonesni ortda qoldirgan holda, mutlaq rekordchiga aylandi.

Barselona — Valensiya 1:0
Gol: Rafinya (15). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Torres (55).
Barselona – ter Stegen, Kunde, Kristensen, Arauxo, Balde, Roberto (Garsiya, 81), Buskets, de Yong (Kessie, 46), Rafinya (Alarkon, 87), Ferran Torres, Fati (Alonso, 61).
Valensiya – Mamardashvili, Terri Korreyya (Kastilexo, 62), Fulke, Jyemert (Diakabi, 55), O‘zkajar, Xesus Vaskes, Gilyamon, Almeyda (Musa, 78), Moriba (Fransisko Peres, 62), Duro, Lino (Klyuyvert, 78).
Chetlatish: Arauxo (59).

O‘tgan turda beshinchi sariq kartochka olib, diskvalifikatsiya qilingan Xavi o‘yin arafasida shunday kinoya qildi: «Barselona» — jahondagi ishlash eng qiyin bo‘lgan joy. Siz «Real»ni uning maydonida mag‘lub etasiz, ammo to‘pga egalik qilish bo‘yicha pastroq ko‘rsatkich tufayli bu muvaffaqiyatni ishonchsiz deb baholashadi. Siz doimo ishonchli g‘alabaga erishishingiz talab etiladi».

«Valensiya»ga qarshi o‘yinni ko‘k-anorranglilar zaxira o‘rindig‘ida bosh murabbiy yordamchisi — uning akasi Oskar Ernandes boshqardi, katalonlarda Levandovski ham, Pedri ham, Dembele ham safga qaytmagan, Gavi esa diskvalifikatsiyani o‘tashi kerak edi. Ammo bu Buskets to‘pni jarima maydoniga oshirib berganida u yerda raqib darvozaboni Mamardashvili to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘yib, Rafinya hisobni ochishiga to‘sqinlik qilmadi.

Bo‘lim oxirlarida esa Ferran Torres o‘z jamoasi darvozasi tomon ehtiyotsizlik bilan pas uzatdi, Ter Shtegen esa shoshilib to‘pni raqib oyog‘iga tashlab berdi. Mezbonlar baxtiga Samuel Lino bunday sovg‘adan foydalana olmadi va to‘pni darvoza to‘sini yuqorisidan tepdi. Keyingi vaziyatda esa kataloniyaliklar to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishda xato qilishdi, ammo ayni vaqtda «Valensiya»ga ijaraga berilgan «Barsa» futbolchisi Moriba o‘ziga kelib tushgan to‘pni darvozaga yo‘llay olmadi.

Bunday ssenariyga ikkinchi bo‘lim boshida Torres penaltidan foydalana olmasligi qo‘shildi. Keyingi vaziyatda esa Fatining zarbasi ustunga tegdi, undan keyin Kunde intrigani kuchaytirdi. Fransuz boshi bilan to‘pni shunday omadsiz o‘ynadiki, Arauxo raqib hujumchisi darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib ketmasligi uchun qizil kartochka berilishini anglab turgan bo‘lsa-da, «so‘nggi umid foli»ni amalga oshirdi. Shuning uchun «Barsa» qolgan vaqt davomida «Santyago Bernabeu»da bo‘lgani kabi natijani saqlab qolish uchun o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Bu ideal darajada bajarildi.

G‘olib jamoani ayblab bo‘lmaydi. Kataloniyaliklar turnirda rekord darajada, sakkiz marta 1:0 hisobi qayd etishdi — bu shunchaki minimalizm emas, balki natijani ko‘zlagan holda o‘ynash. Odatda bunday maqsadli o‘yin chempionlikka olib boradi.

Betis — Real 0:0
Betis – Bravo, Sabali, Pesselya, Luis Felipe, Miranda (Abner, 87), Ruibal (Xoakin, 87), Karvalyu (Guardado, 80), Rodriges, Rodri, Peres (Luis Enrike, 71), Iglesias (Villian Joze, 71).
Real – Kurtua, Ryudiger, Militao, Valverde, Kamavinga (Nacho, 63), Kroos (Rodriges, 87), Tchuameni (Sebalos, 64), Vaskes (Karvaxal, 59), Benzema, Rodrigo, Vinisius.
Ogohlantirishlar: Kamavinga (25), Karvalyu (45), Sabali (51), Iglesias (51), Rodrigo (59), Militao (59), Vinisius (84).

Bu turda «Real» ham qiyin o‘yin o‘tkazdi, jamoa YeChLda «Liverpul»ga qarshi o‘yinda gollarning oylik normasini bajarib qo‘ygandek tuyulmoqda. Bu o‘yin darvozabonlarga ataldi, diskvalifikatsiyaga uchragan Modrichsiz harakat qilgan madridliklar Bravoni hayron qoldira olmadi, jumladan shu kuni u qadar yorqin o‘yin ko‘rsata olmagan Vinisius Juniorning qanotdan uzatmasi Benzema tomonidan darvozaga yo‘llanganida ham. Shuningdek qulay vaziyatlarda Dani Sebalos va Rodrigo to‘pni darvozaga aniq yo‘naltira olmadi.

Shu kecha VAR ham «Qirollik klubi» foydasiga ishlamadi. Lekin hakamlarga savol yo‘q, Vinisiusga fol jarima maydoni chizig‘idan bir necha santimetr berida ishlatildi, Benzemaning o‘yin boshida jarima zarbasidan urgan goli esa zarba trayektoriyasiga to‘p jonli devorda turgan Ryudigerning qo‘liga tegib o‘tishi ta’sir ko‘rsatdi. O‘z navbatida mehmonlar ham faqat Kurtuaning aql bovar qilmas reaksiyasi tufayli gol o‘tkazishmadi, belgiyalik posbon o‘yin oxirlarida Borxi Iglesiasning yaqin masofadan bergan zarbasini ham to‘sdi. Endi Madrid jamoasi «Barsa»dan to‘qqiz ochko ortda qolmoqda — bu esa amalda chempionlik intrigasiga hukm o‘qilishi demakdir.

Mavzuga oid
Top