O‘zbekiston hududiga quruq va issiq havo kirib kelishi kutilyapti
O‘zbekiston hududi bo‘yicha kechasi yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar asta-sekin to‘xtamoqda.
Bugun kunduz kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek kunning birinchi yarmida markaziy viloyatlarning ayrim joylarida va respublika eng chekka janubida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, respublikaning qolgan hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat +17...+22 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +23 darajagacha bo‘ladi.
7 martda mamlakat hududga Turkmaniston hududlaridan quruq va issiq havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunduzgi havo harorati +25...+28 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +30 darajagacha ko‘tariladi.
8 va 10 martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. 9 martda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
8 martda kunduzgi harorat +15...+18 darajagacha pasayadi, 9–10 martda harorat yana ko‘tarila boshlaydi va 10 martda +21...+26 darajani tashkil etadi.
6–9 martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15–20 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi. 7 martda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida shamol 22–25 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. 6–10 martda tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Poytaxtda bugun kunning birinchi yarmida, 8 martda kun davomida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 7–9 martda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7–12 metr/soniya tezlikda esadi.
Bugun kunduz kuni havo harorati +19...+21 darajani tashkil etadi, ertaga havo +25...+27 darajagacha ko‘tariladi, 8–9 mart kunlari +17...+19 daraja bo‘ladi.