10:07 / 06.03.2023
7547

WSJ: AQSh Xitoyni port kranlari orqali josuslikda gumon qilmoqda

WSJ manbalariga ko‘ra, Xitoy AQSh harbiy amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun AQShga import qilinadigan yoki undan eksport qilinadigan tovarlar haqida ma’lumot olish uchun kranlardan foydalangan bo‘lishi mumkin. 

Foto: Getty Images

AQSh rasmiylari butun mamlakat bo‘ylab dengiz portlarida joylashgan Xitoyda ishlab chiqarilgan gigant kranlardan Pekin tomonidan josuslik quroli sifatida foydalanilgan bo‘lishi mumkinligidan «xavotirda». Bu haqda 5 mart, yakshanba kuni manbalarga tayanib, The Wall Street Journal nashri xabar berdi

Nashr suhbatdoshlari Xitoyning ZPMC ishlab chiqaruvchisi tomonidan tayyorlangan port kranlarini yashiringan «troya oti» bilan solishtirgan. «Nisbatan yaxshi sifat va arzon narxga qaramay, ular konteynerlarning kelib chiqishi va manzilini ro‘yxatdan o‘tkaza oladigan va kuzata oladigan murakkab sensorlarni o‘z ichiga oladi. Bu Xitoy AQSh butun dunyo bo‘ylab harbiy operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatga yoki undan tashqariga yuborgan materiallari haqida ma’lumot to‘plashi mumkinligiga oid xavotir uyg‘otadi», deyiladi WSJ materialida.

AQSh kontrrazvedkasining sobiq yuqori martabali xodimi Bill Evaninning so‘zlariga ko‘ra, kranlar yuk oqimini buzmoqchi bo‘lganlar uchun masofadan ishlash imkonini ham beradi. «Kranlar yangi Huawei bo‘lishi mumkin», dedi u gazetaga, AQSh hukumati amerikaliklar ortidan josuslik qilishidan qo‘rqib, uskunasini taqiqlagan Xitoy telekommunikatsiya kompaniyasini nazarda tutib. «Bu qonuniy biznesning ajoyib kombinatsiyasi bo‘lib, u maxfiy ma’lumotlar yig‘ilishi sifatida ham namoyon bo‘lishi mumkin», dedi Evanin. 

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi WSJ’ga aytishicha, AQShning kranlar haqidagi xavotiri «paranoyyaga asoslangan» va Pekin bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikka to‘sqinlik qilishga urinishdir. «Xitoy qartasi»ni ishlatish va «Xitoy tahdidi» nazariyasini tarqatish mas’uliyatsizlikdir va bu Qo‘shma Shtatlarning o‘z manfaatlariga ziyon keltiradi», — dedi Xitoy elchixonasi. 

Top