Jahon | 19:12 / 08.03.2023
89664
11 daqiqa o‘qiladi

Onalikdan voz kechayotgan Xitoy ayollari: bunga sabab nima?

Endi Xitoy dunyodagi aholisi eng ko‘p davlat emas. 2023 yil boshida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston bu borada ularni ortda qoldirdi. Xitoyda esa aholi o‘sish o‘rniga kamaymoqda. Xo‘sh, xitoyliklar qanday qilib bunday «ulug‘vor» natijaga erishdi.

2022 yilda Xitoyda har bir ayolga 1,18 bola to‘g‘ri kelgan. Bu avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlarga solishtirilganda juz’iy darajada past.
Foto: thetimes.co.uk

«Men o‘zimga farzand ravo ko‘ra olmayman», — deydi Gloriya. U turmush qurgan va yoshi 30 dan oshgan.

Uning hisob-kitobiga ko‘ra, chaqaloq unga oyiga 2400 dollarga tushadi, bu hali uning oylik boshqa xarajatlari hisobga olinmaganda.

«Kundalik oziq-ovqat kabi xarajatlar uchun 3000 yuan (436 dollar) xarajat qilishga to‘g‘ri keladi. 2000 yuan (291 dollar) bolalar bog‘chasiga ketadi, 1000 yuan (145 dollar) zaruriyat tug‘ilsa — enaganing haqi, yana kamida 10 ming yuan (1456 dollar) bolani o‘qitishga ketadi», — deb tushuntiradi u.

Gloriya Xitoy janubidagi Guangdong viloyatida to‘liq bo‘lmagan stavkada boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Mamlakatning bu qismida xususiy sektorda o‘rtacha maosh oyiga 6000 yuan (873 dollar)ni tashkil etadi.

Gloriyaning o‘zi oilada yagona farzand bo‘lgani («bir oilaga – bir farzand» siyosati) sababli u ipoteka qarzlarini to‘lab, qarib borayotgan ota-onasini parvarishlash uchun pul yig‘ishni boshlamoqchi. Xitoyda hamma qariyalar ham pensiya olishmaydi, ular haqida qayg‘urish ko‘pincha farzand gardaniga tushadi.

Aholisi qisqarayotgan Xitoy

Xitoy demografik qopqonga tushgan: bir necha o‘n yil davom etgan oiladagi farzandlar sonini cheklovchi siyosatdan so‘ng mamlakat aholisi so‘nggi 60 yil ichida ilk marta qisqara boshladi. Buning natijasi o‘laroq ular sayyorada birinchilikdan ham mosuvo bo‘lishdi. Ayni paytda Hindiston aholisi ularnikidan 5 million kishiga ko‘proq.

 Xitoy yaqin kelajakda qarib borayotgan aholi inqiroziga duchor bo‘ladi, bu holatda ishlayotgan fuqarolar borasida taqchillikka ham duch keladi.
Bu voqealar fonida tug‘ilish kamayayotgani qo‘shimcha xavotirlar keltirib chiqarmoqda.
Foto: lovepik.com

2016 yilda XXR hukumati oilalarga ikkinchi farzand ko‘rishga ruxsat berdi, yana besh yildan keyin uchinchi farzandga ham ruxsat tegdi.

Lekin oiladagi farzandlar soniga joriy etilgan cheklovlar bekor qilinganiga qaramay, ayollarning ko‘pchiligi faqat bir nafar farzand ko‘rmoqchi yoki umuman befarzand o‘tmoqchi.

Xitoy xalq va aholi markazi tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, befarzand ayollar soni 2015 yildagi 6 foizdan 2020 yilda 10 foizga oshgan.

Tadqiqotlar yana shuni ko‘rsatdiki, tug‘ish yoshidagi xitoylik ayollar garchi bir necha farzand ko‘rishga sharoiti bo‘lsa ham, buni shunchaki istamayapti: 2021 yilda o‘rtacha istalayotgan bola soni ko‘rsatkichi 2017 yildagi 1,76 dan 1,64 ga tushgan.

 Singapurda ham tug‘ilish katta emas. Lekin ayollar ko‘proq farzand ko‘rishni istashini aytishadi.
Foto: familiasenruta.com

Bir vaqtning o‘zida Yaponiya va Singapur kabi Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlarida ham fertillik koeffitsiyenti ikkidan past. Shunga qaramay, u yerda ayollar ikki farzand ko‘rishni istashini bildirishgan. Xitoyda esa unday emas.

«Bu borada Xitoy isisno, chunki nafaqat haqiqiy tug‘ilish darajasi katta emas, istalayotgan farzandlar soni ham past», — deydi London iqtisodiyot va siyosat fanlari maktabining ijtimoiy va davlat siyosati kafedrasi dotsenti doktor Shuang Cheng.

Shu kunlarda Pekinda Xitoy xalq siyosiy maslahatlashuv kengashi va Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi bir biridan alohida o‘tkazilmoqda.

So‘nggi o‘n yillarda ilk marta Xitoyda aholi soni kamaydi: 1000 kishiga -0,6.
Foto: washingtonpost.com

Bu yig‘ilishlarda turli siyosiy maslahatchilar mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirish bo‘yicha o‘z rejalarini taqdim etishmoqda. G‘oyalar turli-tuman: kelajak uchun erga tegmagan ayollarning tuxumdonlarini muzlatib qo‘yishdan tortib, bolalarning bog‘chadan universitetga qadar o‘qishi va darsliklari uchun to‘lovlarni bekor qilishgacha.

Boshqa g‘oyalar ham bor. Masalan, erga tegmagan ayollar va ularning farzandlariga nikohda tuzilgan oilalar va ularda tug‘ilgan bolalar huquqini berish.

Yo‘rgakdan boshlanadigan raqobat

Xitoylik ayollarning onalikdan voz kechishiga bosh sabab — bolalarning o‘qishi va parvarishi uchun haddan ziyod pul talab qilinishidir.

Xitoyda bola tug‘iliboq tengdoshlari bilan raqobatga kirishadi. Ota-onasi uni yaxshiroq maktabga joylashtirish payidan bo‘lishadi, buning uchun o‘sha maktab yonidan uy xarid qilishadi, bolalarni turli to‘garaklar va darsdan tashqari mashg‘ulotlarga yozdirishadi, bularning bariga katta pul kerak.

Xitoyda abortlar sonini kamaytirish va bepushtlikni davolashni arzonlashtirishga harakat qilishmoqda. Foto: dailymail.co.uk

«Men o‘zim tug‘adigan farzand tug‘iliboq bu shafqatsiz raqobat bilan yuzma-yuz bo‘lishini istamayman», — deydi universitetning 22 yoshli talabasi Mia.

U Xitoy shimolidagi kichikroq shaharchada tug‘ilgan. U o‘qish imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirishga asoslanganini «ixtiro» qilgan, Pekindagi nufuzli universitetga kirish uchun juda murakkab milliy kirish imtihonidan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Lekin oliy ta’lim olish bilan ham raqobat tugamaydi, chunki Xitoy universitetlarining bitiruvchilari xorijda bilim olib kelganlar bilan raqobatga kirishishga majbur bo‘lishadi.

«Har qanday qo‘shimcha ta’lim uchun pul kerak, — deydi o‘zining bo‘lajak farzandlari uchun shunday sharoitlar yaratishga yetarli pul to‘play olishiga shubha qilayotgan Mia. — Agar men o‘z farzandimga farovonlik taqdim eta olmas ekanman, uni dunyoga keltirib nima qilaman?»

Shaxsiy hayot yo karera?

BBC’ning Xitoy xizmati gaplashgan ayollarning ko‘pchiligi farzand va karera o‘rtasidagi tanlovga duch kelib, ko‘pchiligi befarzand yashashga qaror qilishganini aytishgan.

Ishga kirish uchun suhbat jarayonlarida ulardan yaqin o‘rtada farzand ko‘rishni istash-istamasligini ham so‘rashgan. Agar ular tasdiq ma’nosida javob berishsa, ishga kirish imkoniyatlari tushib ketgan, kelgusida mansabdan ko‘tarilishni-ku, asti qo‘yavering.

Ko‘plab xitoylik ayollar farzand tug‘ilishi ularning karerasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirlanishadi.
Foto: affairstoday.co.uk

«Hayot va ish o‘rtasidagi muvozanat — oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan xitoylik ayollar farzand ko‘rishga tayyormanmi, deya o‘ziga o‘zi savol bera boshlaganda xalaqit beruvchi bosh omil bo‘ladi», — deydi Michigan universiteti sotsiologiya kafedrasi dotsenti Yun Jou.

«Ish ular uchun o‘zini namoyon etish imkoniyati, — deydi Jou. — Mehnat bozorida shundoq ham gender diskriminatsiya yetarli va ayollar karera va farzand ko‘rish o‘rtasidagi murakkab tanlovni amalga oshirishga mahkum».

Xudbin va «chet el agenti»

O‘zning millionlab tengdoshlari kabi Mia ham o‘z fikrlarini ijtimoiy tarmoq orqali bo‘lishishga ko‘nikkan. Kunlarning birida u nega befarzand o‘tishni istayotgani haqida kichikroq video joylashtirgan.

Ajablanarlisi, ushbu video haqoratli sharhlar to‘lqinini keltirib chiqargan.

Ko‘pchilik uni xudbin deb ayblashgan. Boshqalar esa bunday jiddiy qaror qabul qilishga hali yoshlik qilishini aytgan. «Sen hali bunday deyishga yoshlik qilasan, 40 dan o‘tganingdan keyin qanday sayrashingni tomosha qilamiz», — deyilgan sharhlardan birida. «Sen bu gaping uchun hali pushaymon bo‘lishingga 10 ming dollar tikaman», — degan yana biri.

Ayrimlar uni hatto ayollarni tug‘ishdan «qaytarayotgan» g‘araz niyatdagi «chet el agenti» deb atagan.

Farzand ko‘rish masalasi pul, turar joy va karerani o‘stirishga borib taqaladi. Foto: thinkchina.sg

2021 yil mayida Xitoy hukumati tug‘ilish ustidan nazoratni yanada susaytirib, oilalarga uch nafardan farzand ko‘rishga ruxsat berdi. Bunga sabab – aholini ro‘yxatga olish jarayonida 2020 yilda mamlakatda bor-yo‘g‘i 12 mln bola tug‘ilgani oydinlashgani bo‘lgandi. Bu 1961 yildan buyon eng past ko‘rsatkich.

Shuning uchun ayrim fuqarolar ayollar farzand ko‘rishdan voz kechib, mamlakatni «sharmanda» qilayotganini pesh qilishadi.

«Bu mening shaxsiy tanlovim. Men farzand ko‘rishni taqiqlash kerak deyayotganim yo‘q. Farzand ko‘rish istagida bo‘lganlarni hurmat qilaman», — deya e’tiroz bildiradi Mia.

«Haqiqiy jangga bardosh berdim»

Lekin ijtimoiy tarmoqdagi heyterlardan ko‘ra o‘z qarindoshlari bilan kurashish yanada murakkabroq.

«Menga oson bo‘lmadi», — deydi 34 yoshli Yuan Syueping. U qishloq joyda tug‘ilib katta bo‘lgan. Qishloqdagilar har qanday qiz voyaga yetgach, erga tegib o‘g‘il farzand ko‘rishi kerak, deb kutishadi. U esa yoshligidan hech qanday farzand ko‘rmasligini ta’kidlab kelgan.

Uning o‘zi ham, opasi ham garchi ular maktabda a’lochi bo‘lishsa ham, oliy ma’lumotga ega bo‘lisholmadi. Faqat ularning kichik ukasiga ota-onasi universitetda o‘qishi uchun pul topib berishdi.

«Ota-onam doimo «Qiz bolaning o‘qishidan nima ma’ni bor? Ertami-kechmi erga tegasan va uyda o‘tirib, bola boqasan» deyishardi», — deya eslaydi Yuan Syueping.

Uning xolasi hozirgi yoshda eridan ajrashib, bir o‘zi yolg‘iz ikki bolani katta qilib qiynalganini ko‘rganida, Yuanning erga tegishdan butkul ko‘ngli sovib ketgan. U endi nikoh institutiga ishonmaydi. Qiz ota uyini tark etib shaharga yo‘l olgan, endi erkinlikdan bahra olmoqda.

Xitoy hukumatining uzoqni o‘ylamay qo‘l urgan siyosati onalikka munosabat va ayollarning tafakkurini ham o‘zgartirib borgan. Yillar o‘tib bunday siyosat o‘z achchiq oqibatini ko‘rsatmay qolmayapti.

Mavzuga oid