10:50 / 08.03.2023
20602

Qardoshlarni qiynagan zilzila: O‘zbekiston halokatdan qanday saboq chiqarishi lozim?

Ratsional davlatlar nafaqat o‘zlarining, boshqalarning ham xato-kamchiliklaridan tegishli xulosalarni chiqara oladi. Xo‘sh, Turkiya va Suriyadagi vayronalar O‘zbekiston uchun qanaqa dars bo‘lishi kerak? Bobur Akmalov #Boricha podkastining navbatdagi sonida urbanist Iskandar Soliyev va gidrometeorolog Erkin Abdulahatov bilan shu haqda suhbatlashdi.

Turkiya va Suriyadagi zilzilalar dunyoni larzaga soldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi kadrlar yuraklarni titratdi. Minglab odamlar vafoti, o‘n minglab jabrlanganlar, bedarak yo‘qolganlar, butun boshli oilalarning qurbon bo‘lishi – barchasining asosiy aybdori – inson.

80 milliard dollarga yaqin iqtisodiy yo‘qotishlar ham aynan inson omili tufayli yuz bergani ayon bo‘lib ulgurdi.

Korrupsiya va yolg‘on urchigan qurilish sohasining ayanchli kartinasi ko‘z o‘ngimizda bor bo‘yi bilan gavdalandi.

Turkiya bu ofat oqibatlaridan to‘g‘ri xulosa chiqaradimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Zilzila oqibatlarini bartaraf etish va kelgusida bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun ulkan harakatlar boshlangan va davom etyapti.

Ratsional davlatlar boshqalar xatosi va kamchiliklaridan xulosa chiqaradi va o‘z hududida takrorlanmasligi uchun harakat qiladi. Saboq olish – hozirda eng muhimi. Bu saboq eng avvalo zilzila sodir bo‘lishi ehtimoli bor mamlakatlarda chiqarilishi lozim. Jumladan, O‘zbekistonda!

1966 yilda yurtimiz poytaxtida sodir bo‘lgan zilzila ko‘plab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan, yana qanchasini shikastlab, boshpanasiz qoldirgan edi. O‘shandan beri katta zilzilalarni ko‘rmagan O‘zbekiston xalqi qardosh xalqlar musibatiga sherik bo‘ldi, birodarlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xo‘sh, O‘zbekiston hukumati bundan qanday xulosa chiqarish kerak? Qurilish sohasida bizni qanday o‘zgarishlar kutyapti? Mamlakat tabiiy ofatlarga tayyormi? Binolar qay taxlit qurilishi lozim? Qurilish me’yorlari zamon talablariga javob beradimi? Shaharlarimiz qurilishida nimalarga e’tibor berishimiz kerak?

#Boricha podkastining yangi sonida ana shu savollarga javob izlab ko‘rdik. Arxitektor va urbanist Iskandar Soliyev va Gidrometeorologiya sohasi mutaxassisi Erkin Abdulahatov o‘z fikrlari va maslahatlari bilan savollarga javob berishga harakat qildilar.

Suhbatni Bobur Akmalov olib bordi.
Tasvirchi – Muhiddin Nido.

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top