09:58 / 08.03.2023
4674

YeI 8 mart munosabati bilan Rossiya harbiylari va politsiyachilariga qarshi sanksiyalar kiritdi

Harbiy qismlari Ukrainada muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan ikki rossiyalik zobit, shuningdek, Moskvadagi urushga qarshi namoyishlar ishtirokchilarini qiynoqqa solishda ishtirok etgan ikki politsiyachi endi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Kengashi 7 mart, seshanba kuni turli mamlakatlardan to‘qqiz nafar jismoniy va uch yuridik shaxsga nisbatan inson huquqlari, xususan, jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo choralarini qo‘lladi. Ular orasida to‘rt nafar rossiyalik – ikki harbiy va ikki politsiyachi ham bor.

Rossiya Qurolli kuchlari ofitserlari Nikolay Kuznetsov va Ramil Ibatullin Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, chunki ularning bo‘linmalari Rossiyaning Ukrainaga noqonuniy bostirib kirishida ishtirok etgan va ular qo‘mondonligi ostidagi harbiylar 2022 yil bahorida Ukrainada jinsiy zo‘ravonlik va zo‘rlash harakatlarida muntazam ishtirok etgan, deyiladi Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida.

Rosgvardiyaning Dzerjinskiy nomidagi divizioni maxsus kuchlar otryadi qo‘mondoni general-mayor Kuznetsov «Ukrainada inson huquqlarining jiddiy buzilishi, jumladan, muntazam jinsiy va gender zo‘ravonliklari uchun mas’uldir», deya ma’lum qildi Bryussel.

Ikkinchi rus harbiysi, 90-gvardiya tank diviziyasining sobiq qo‘mondoni polkovnik Ibatullin 2014-2017 yillarda Donbassdagi rus kuchlari tarkibida xizmat qilgan, 2022 yil mart oyida esa uning qo‘mondonligi ostidagi diviziya Chernihiv va Kiyevga hujumda ishtirok etgan. «Hujum chog‘ida uning bo‘linmasi zobitlari Ukrainaning tinch aholisiga nisbatan jinsiy va gender zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirgan. Bu faktlar ommaga ma’lum bo‘lgach, Rossiya Mudofaa vazirligi Ibatullinga polkovnik unvonini berdi», — deyiladi hujjatda.

Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarida sodir bo‘layotgan jinsiy zo‘ravonlik harakatlarining ko‘lami va jiddiyligi «tizimli rejalashtirish»dan dalolat beradi va rus qo‘mondonlari Ukrainada harbiylar jinsiy zo‘ravonlik holatlarini sodir etayotganidan xabardor va ba’zi hollarda buni «rag‘batlantiradi yoki hatto bu haqda buyruq beradi», deyiladi ma’lumotda.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan Moskva politsiyasi xodimlari Aleksandr Fedorinov va Ivan Ryabovlardir. Fedorinov Moskvadagi politsiya bo‘linmasi boshlig‘i v.b. sifatida 2022 yilning mart oyida urushga qarshi namoyishlarda qatnashgan ayollarni o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, shuningdek, keyinchalik qiynoqqa solishga ruxsat bergan, deyiladi YeI rasmiy jurnalida. «Shunday qilib, Aleksandr Georgiyevich Fedorinov Rossiyada inson huquqlarining jiddiy buzilishi, xususan, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, tizimli jinsiy va gender zo‘ravonliklari uchun javobgardir», - deyiladi hujjatda.

Xuddi shu bo‘linma xodimi Ryabov, Fedorinovning buyrug‘i bilan 2022 yil mart oyida urushga qarshi namoyishlarda qatnashgan ayollarni o‘zboshimchalik bilan hibsga olgan va qiynoqqa solgan, deya ta’kidlaydi Bryussel: «Jabrlanuvchilar ularni kaltaklashgani, plastik qoplar bilan bo‘g‘ishgani haqida xabar berdi. Bu xodim ularni olti soat davomida jismonan va og‘zaki haqorat qilgan. Shu tariqa, Ivan Ryabov Rossiyada inson huquqlarining jiddiy buzilishi, xususan, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish uchun javobgardir».

Top