Jahon | 08:52 / 09.03.2023
5481
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqida 1 milliondan ortiq ukrainalik qochqin ish bilan ta’minlandi

Yevrokomissiya urushdan qochgan ukrainaliklarni vaqtinchalik himoya qilishning maxsus mexanizmining bir yillik faoliyati natijalarini sarhisob qildi. Yevropa Ittifoqida ularning soni 4 million, 1 milliondan ortig‘i allaqachon ish bilan ta’minlangan, ammo hamma bolalar ham Yevropa Ittifoqidagi maktablarga hali borishni boshlamagan.

Foto: AFP

4 millionga yaqin ukrainalik Yevropa Ittifoqidan vaqtinchalik boshpana oldi, ulardan 3 millioni 2022 yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqining vaqtinchalik himoyasiga ega bo‘ldi. Urushdan qochgan bir milliondan ortiq ukrainaliklar allaqachon Yevropa iqtisodiy zonasida ish bilan ta’minlangan. Bu haqda Yevrokomissiya 8 mart, chorshanba kuni urushdan qochgan ukrainaliklarni vaqtincha himoya qilish bo‘yicha maxsus direktiva qabul qilingan kunga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Boshqa toifadagi qochqinlardan farqli o‘laroq, ukrainaliklar mehnat bozoriga to‘siqsiz kirish imkoniga ega, dedi Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Shinas.

Umuman olganda, Rossiyaning keng ko‘lamli istilosi boshlangandan beri Yevropa Ittifoqiga 16 million ukrainalik keldi. Ulardan 11 millioni keyinchalik o‘z vatanlariga qaytdi, Ukrainadan qochgan yana 1 million fuqaro AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarga safarni davom ettirdi, dedi Yevropa komissari Ilva Yoxansson. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga qaytganlarning bunday qarori o‘z vatanidagi majburiyatlari, mamlakatni himoya qilish, oilasi bilan birlashish, biznesni davom ettirish va Ukraina hayotida ishtirok etish istagi bilan bog‘liq.

Rossiya agressiyasidan YeIga qochganlarning 47 foizi ayollar, 34 foizi bolalardir. Ukrainadagi barcha bolalarning deyarli beshdan biri hozir Yevropa Ittifoqida yashaydi. Ukrainadan kelgan 1,3 million boladan atigi yarim millioni Yevropa Ittifoqidagi maktablarda o‘qiyapti, dedi Margaritis Shinas. «Biz ularning ko‘pchiligi Ukraina maktablarida onlayn o‘qishadi deb gumon qilyapmiz», dedi u va mamlakatlar rasmiylari vaziyatni baholash maqsadida o‘rganayotganini qo‘shimcha qildi. Yevropa komissari ukrainalik bolalarni integratsiya uchun Yevropa Ittifoqi maktablarida o‘qishga chaqirdi, chunki ularning YeIda o‘qishi YeI a’zoligiga nomzod bo‘lgan urushdan keyingi Ukraina kelajagiga sarmoyadir.

Mavzuga oid